Qoʻlimizdagi “qotil”

14:15 23 Noyabr 2022 Jamiyat
640 0

Foto: Illustrativ surat

Bugun mobil telefoni kundalik hayotimizda eng muhim vositalardan biriga aylangan. Qoʻlimizdagi shu mitti “aqlli” texnika biz uchun birgina muloqot vositasi emas, balki u chegara bilmas qiziqishlarimizga javoban istalgan axborot, media mahsulotlar manbai hamdir. Biroq uning har qancha afzalliklariga qaramay, aynan inson jismoniy-fiziologik salomatligiga juda katta taʼsiri borki, butun dunyo olimlari bu haqida bong urishdan aslo toʻxtaganlari yoʻq.

Statistik maʼlumotlarga qaraganda, dunyoda har 20 nafar insonning bittasi ushbu mobil aloqa nurlanishidan aziyat chekmoqda. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti uyali telefonlar zarariga oid Yevropa parlamentiga taqdim etgan hisobotida insonlarning saraton kasaliga chalinishida uyali telefonlarning taʼsiri kuchli ekani alohida qayd etilgan. Nemis mutaxassislari kamerali va kamerasiz uyali telefonlarda elektromagnit nurlanishi boʻyicha test oʻtkazishganda, kamerali telefonlarning nurlanishi sodda uyali telefonlarga qaraganda koʻproq boʻlganini aniqlaganlar. Nurlanish asosan uyali telefondan soʻzlashuv vaqtida chiqadi, lekin “kutish” holatida u nurlanishdan butkul xalos boʻlmaydi, chunki uyali telefon baza stansiyasiga oʻzining tarmoq doirasida ekanligi, qoʻngʻiroq, SMS va shu kabi maʼlumotlarni qabul qilishga tayyorligi haqida axborot berib turadi. Binobarin, Xalqaro saraton tadqiqotlari agentligi ham mobil telefonlar insonda xavfli oʻsmalarni keltirib chiqarishini tasdiqladi. Shu paytgacha bu haqida asosan taxminlar aytib kelingan boʻlsa, endilikda nufuzli xalqaro tashkilotlar ham qoʻl telefonining zarari haqida aniq fikr bildirmoqda.

Ayniqsa, buni tunda uyali telefoniga “budilnik” qoʻyib, yonida olib yotadigan foydalanuvchilar bilib qoʻyishlari foydadan xoli boʻlmaydi.

— Dunyo olimlarining eʼtirof etishicha, mobil telefon, ayniqsa, yosh bolalar uchun oʻta zararli, — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan koʻz mikroxirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Fargʻona filiali direktori Abdurazzoq Shermatov. — Elektromagnit toʻlqinlar inson irsiyatidagi tartibning buzilishi, hujayralar faoliyatining izdan chiqishi hamda organizmdagi maʼlum bir kasallik viruslarining faollashuviga sabab boʻladi, koʻpincha xavfli oʻsmalarni “uygʻotadi”.

Ispaniyadagi nevrodiagnostika ilmiy tekshirish instituti olimlarining fikricha, 11-13 yoshli bolalar qoʻl telefoni orqali ikki daqiqa gaplashsa, ularning bosh miyasidagi bioelektrik oʻzgarishlar ikki soatcha saqlanib qolar ekan. Bolalardagi bezovtalangan miya faoliyati ruhiy muammolar va oʻqish qobiliyatining pasayishiga olib keladi. Bundan tashqari, mobil telefonlar bolalarning organizmi, boʻyining oʻsishi, immuniteti va diqqatini jamlashiga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Qolaversa, telefondagi oʻyinlarni uzluksiz oʻynash oqibatida bolalarda umurtqa pogʻonasining qiyshayishi, koʻz xastaliklari kuzatilyapti. Shu bilan birga yoshlar orasida agressivlik, depressiya, virtual hayotda yashashga moyillik avj olib borayotgani yanada achinarli.

— Oxirgi vaqtda dunyoda nutq buzilishi hamda aqliy jarayonlar bilan bogʻliq muammolardan aziyat chekayotgan bolalar soni sezilarli koʻpaygan, — deydi Fargʻona politexnika instituti psixologi Ziynat Qodirova. — Nutq buzilishining sabablaridan biri - bu telefonlardagi maʼlumotlarning haddan tashqari koʻp yuklanishidir. Soʻnggi vaqtlarda yoshlar orasida telefon, ayniqsa, internetga qaramlik oshib, ularning psixologik rivojlanishiga ham oʻzining yomon taʼsirini koʻrsatayotir. Uyali telefon aqliy qobiliyatni pasaytirib, asabiylashishga olib keladi, oʻquvchi-talaba va uning atrofidagilarni foydali mashgʻulotlardan chalgʻitadi.

Elektromagnit toʻlqinlari hamisha salomatlik uchun zararli, deb hisoblab kelingan. Agar u toʻgʻridan-toʻgʻri har kuni quloqqa yoʻnaltirib turilsa, uning ichkarisidagi eshitish hamda koʻrish aʼzolari (koʻz toʻr pardasi) faoliyatini taʼminlaydigan asab toʻqimalariga taʼsir koʻrsatadi. Baʼzi odamlar goho kuniga soatlab mobil telefonini quloqlaridan olishmaydi. Biroq ayni shu vaqtda organizm naqadar zoʻriqayotganini unutmaslik kerak.

Bosh miya toʻqimalarining zararlanishi, ayrim tadqiqotchilar fikriga koʻra, birdaniga emas, balki oradan 15-20 yil oʻtgachgina yaqqol namoyon boʻladi. Shu sababli ular yaqin kelajakda bosh miya oʻsmasi bilan xastalangan odamlar soni keskin oshib ketadi, deb hisoblashmoqda. Demak, bu kabi elektromagnit nurlanish hosil qiladigan vositalardan foydalanish meʼyorini belgilab olsak, oʻzimiz hamda naslimizni asragan boʻlamiz.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?