“Qoʻl jangi markazi” ochildi

14:36 25 Iyul 2025 Jamiyat
124 0

Qudratilla NAJMIDDINOV/“Xalq soʻzi”. Namangan viloyatida sportning tobora ommalashib borayotgan turlari orasida qoʻl jangining ham oʻz oʻrni bor. Bugungi kunda ushbu yoʻnalishda faoliyat koʻrsatayotgan 65 ta seksiyada 3100 dan ziyod yoshlar muntazam shugʻullanishmoqda. Milliy terma jamoa tarkibiga kiritilgan sportchilarning 20 nafardan koʻprogʻini Namangan viloyati vakillari tashkil etadi.

Ixlosmandlarga yanada kengroq sharoit yaratish maqsadida gullar shahrida zamonaviy talablarga javob beradigan “Qoʻl jangi markazi” bunyod etildi. Kecha shu markaz binosini foydalanishga topshirishga bagʻishlangan tantanali taqdimot marosimi boʻldi.

— Markazning ochilishi yoshlarni jismoniy va maʼnaviy jihatdan chiniqtirishda yangi imkoniyatlarni vujudga keltiradi, — deydi sportning mazkur turi boʻyicha viloyat federatsiyasi raisining oʻrinbosari Rasuljon Joʻrayev. — Bu yerda seksiyalar aʼzolari mahoratini oshirishi uchun barcha shart-sharoit yaratilgan. Tajribali murabbiylar har bir sportchi bilan yakka tartibda shugʻullanib, katta maydonga chiqishiga mustahkam zamin tayyorlashadi.

Tadbir davomida Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qoʻmondonining buyrugʻiga asosan qoʻl jangi federatsiyasi faol aʼzolari va hamkor tashkilotlar vakillari ragʻbatlantirildi. Marosim yakunida sport maktabi tarbiyalanuvchilari tomonidan koʻrgazmali chiqishlar namoyish etildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?