Qizilqumning olis manzillariga zamonaviy tibbiyot kirib bormoqda

16:52 06 Fevral 2024 Jamiyat
198 0

“Navoiy kon-metallurgiya kombinati jamgʻarmasi” davlat muassasasi maʼmuriyatining OAV vakillari uchun 2023-yil yakunlariga bagʻishlangan matbuot anjumanida bu haqda alohida aytib oʻtildi.

Shuni taʼkidlash joiz, mazkur muassasa “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ va “Navoiy uran” DK kabi yirik sanoat korxonalarining barcha ijtimoiy infratuzilmasini oʻz tarkibida birlashtirgan boʻlib, asosan konchilar va ularning oila aʼzolariga tibbiy xizmat koʻrsatish, madaniyat va jismoniy sogʻlomlashtirish hamda ommaviy sport ishlari sohalaridagi yagona tizim hisoblanadi. Uning faoliyat koʻlami Navoiy viloyatidan tashqari qoʻshni Samarqand va Jizzax viloyatlarining ham bir qator hududlarini qamrab olgan.

— Birgina tibbiyot yoʻnalishini oladigan boʻlsak, joriy yilning 1-yanvar holatiga hududiy boshqarmalarga qarashli tibbiy-sanitariya boʻlimi tomonidan tibbiy yordam koʻrsatiladigan aholi soni (ishchilar, ularning bolalari va nafaqaxoʻrlar), demografik maʼlumotnomaga asosan, jami – 30 610 nafar kishini tashkil qiladi, — deydi “NKMK jamgʻarmasi” DM tibbiy-sanitariya boʻlimi boshligʻi Alisher Toʻqsanov. — Ularga tizimdagi davolash-profilaktika muassasalarida zamonaviy talablar darajasida tibbiy-sanitariya yordami koʻrsatish uchun barcha zarur iqtisodiy va tashkiliy shart-sharoitlar yaratilgan. Xususan, 2020-2023-yillarda tibbiyot muassasalarimiz moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, tibbiy xizmat samaradorligini oshirish maqsadida 200 dan ortiq zamonaviy asbob-uskunalar bilan taʼminlandi.

2024-yilda ham universal angiograf, MRT va boshqa zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar olish rejalashtirilgan. Shuningdek, soha xodimlari malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash maqsadida tizimimizdagi 100 nafardan ortiq shifokorlarimiz turli markaziy hamda xorij klinikalarida malaka oshirishib, Rossiya, Polsha, Janubiy Koreya, Fransiya va boshqa xorijiy davlatlar yetakchi klinikalari mutaxassislarini jalb qilgan holda mahorat darslari tashkil etildi.

Mazkur chora-tadbirlar natijasi oʻlaroq, bugun boʻlim shifokorlari tomonidan respublikamizning yetakchi klinikalari mutaxassislarini jalb qilgan holda bosh miyada, umurtqa pogʻonasida, periferik nerv tolalarida murakkab jarrohlik operatsiyalarini oʻtkazish oʻzlashtirildi. Shuningdek, yirik boʻgʻimlarda yuqori texnologiyali operatsiyalar oʻtkazilib, chanoq-son va tizza boʻgʻimi endoprotezlash amaliyotlarida ijobiy va funksional natijalarga erishilmoqda. Ushbu amaliyotlar natijalari asosida ilmiy ishlar olib borilmoqda.

— Oʻtgan yili muassasamiz shifokorlari tomonidan 50 dan ortiq fakoemulsifikatsiya – koʻz gavharini tigʻ tekkizmasdan almashtirish amaliyoti oʻtkazildi, — deya davom etadi A. Toʻqsanov. — Ixtisoslashtirilgan davolash boʻlimida kombinat ishchi-xodimlari kasalliklarini davolashga qoʻshimcha apparatli va apparatsiz plazmoferez muolajasi – qondagi plazmani maʼlum miqdorda ajratib olib tashlash asosida organizmni keraksiz moddalardan tozalash usuli yoʻlga qoʻyilib, 300 dan ortiq plazmoferez muolajasi oʻtkazildi.

Shu oʻrinda taʼkidlash joiz, konchilarning tibbiy xizmat sifatining yaxshilanib, uning barcha boʻgʻinlari moddiy texnik bazasining mustahkamlanishi, zamon talabidagi tibbiy texnikalar bilan taʼminlanishi Qizilqumdagi olis hududlardagi aholiga ham samarali tibbiy xizmat koʻrsatishni taqdim etmoqda. Xususan, Zarafshon shahridagi tibbiy sanitariya boʻlimining MRT, MSKT, mammograf, raqamli rentgen apparatlari bilan taʼminlanishi hamda “Gemodializ” (sunʼiy buyrak apparati) muolajasining yoʻlga qoʻyilishi Zarafshon, Uchquduq va Tomdi tumanlari aholisining mazkur apparatlar yordamida muolajalarni oʻz hududlarda olishlariga imkon yaratdi.

Matbuot anjumanida “NKMK jamgʻarmasi” davlat muassasasi tasarrufidagi madaniyat muassasalari hamda sport klublari mutasaddilarining hisoboti tinglanib, jurnalistlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob olishdi.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?