Qiz bola oʻqib, olim boʻladi

Otabek ISROILOV/“Xalq soʻzi”. Ilm hamma zamonlarda ham qadrlangan. 1963-yilda koʻhna qitʼada sodir boʻlgan bir voqeani eslaylik. Zal toʻla erkak kirib kelgan ayolning chiroyi, boyligi, nasabi yo lavozimi uchun oʻrnidan turgani yoʻq. U malika ham, dunyo goʻzali ham emasdi. U poloniy va radiyni kashf qilgan, Nobel mukofotini olgan birinchi olima ayol edi. Uning turmush oʻrtogʻi, qizi va kuyovi ham Nobel mukofoti laureatlari boʻldi. Bir zal erkak ayoldagi ilm, tajriba, jasorat uchun oyoqqa turdi va bosh egdi.
Yangi Oʻzbekiston zaminida Uchinchi Uygʻonish poydevorini hozirlovchi yangi avlod kamol topmoqda. Ular boʻlajak Buxoriylar, Beruniylar, Navoiylar, Boburlar, Nodiralar, Uvaysiylar, Zulfiya-yu Halimalar boʻlajak! Millatning qadrini, Vatanning bayrogʻini baland tutajak! Buning uchun, eng avvalo, qizlarni oʻqitish darkor. Davlatimiz rahbari ham “Qiz bolani oʻqitsak, butun oila, butun jamiyat bilimli boʻladi”, deya daʼvat etmoqda. “Qiz bola oʻqib, olim boʻladimi?!” degan istehzoli gaplarning davri oʻtdi! Oddiy muallima Xurshida Barotova misolida qiz bola oʻqib, olima boʻlishini ishonch bilan ayta olamiz.
Nurafshon shahridagi 1-umumiy oʻrta taʼlim maktabning ona tili va adabiyot fani oʻqituvchisi, filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori Xurshida Barotova 1993-yilda Buxoroda tugʻilgan. Buxoro davlat universitetini tamomlab, magistratura bosqichini tahsil olgan. Bolaligidan kitobga mehr qoʻygan. “Xalq taʼlimi aʼlochisi” Gulnora Yaxshiyevadan saboq olib, filologiya yoʻnalishida ilmiy izlanishlar olib borishni oldiga maqsad qilib qoʻygan. Oʻzbek va jahon adabiyoti tarixida tadqiqotchisini kutib turgan asarlar koʻp. Yosh olima Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” asari ustida ilmiy tadqiqot olib borgani ham uning tafakkuri teranligini anglatadi.
– “Boburnoma” – jahon adabiyoti tamaddunidagi oʻlmas memuar. Ilm-fanning yigirmaga yaqin sohalarida qimmatli tarixiy maʼlumotlar beruvchi nodir manba, – deydi filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori Xurshida Barotova. – Universitetda professor Shavkat Hayitov maʼruzalarini tinglab, “Boburnoma”ga qiziqishim ortgan. Bu memuarda Boburning haqiqiy hayoti aks etgan. Onasi Qutlugʻ Nigorxonim, Fargʻona malikasi deya lutf etilgan Xonzoda begim, Mohim begim, Gulbadan begim, Hamidabonu begim, Maryam uz-zamoni begim, Nurjahon begim, Arjumandbonu, Dilrasbonu begim, Zebuniso begim, Ziynat mahal begim kabi ayollar hayoti va faoliyati, isteʼdod va mahorati bugungi kun uchun ham ahamiyatlidir. Bu xonzodalar ichida milliy va hind liboslarini uygʻunlashtirib yangi urfdagi ayollar koʻylaklarini yaratgan otashnafas shoira Zebuniso begimdan ilhom oldim.
Davlat ishlarida ham, ijodda ham adolatni mahkam tutgan shoh va shoirning asarlarini ichiga kirib borish uchun olimaga otasi Jalol Hazratov, ustozi Shavkat Hayitov, turmush oʻrtogʻi Doston Haydarov yelkadosh boʻldi. Xurshida Barotovaning ilmiy ishi ayrim matbuot nashrlarida tanqid qilinayotganidek koʻchirmachilikdan iborat emas, bu yangi ilmiy asardir. Buni dissertatsiya matni toʻqqiz marta qayta yozilgani ham tasdiqlab turibdi. Yosh olima ilm uchun butun Oʻzbekistonni kezib chiqdi. Oʻzi Nurafshonda yashasa-da, ilmiy ish boʻyicha yetakchi tashkilot Namangan davlat universitetida joylashgan, dissertatsiya yoqlash jarayoni Buxoro davlat universitetida boʻlib oʻtdi. Bir yoqda Bobur yurti Andijonga uyushtirilgan ilmiy safarlar...
Yaqinda Bobur nomli xalqaro jamoat fondi tomonidan Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 542-yilligi munosabati bilan Andijonda oʻtkazilgan xalqaro anjumanda ulugʻ ajdodimiz ijodiga bagʻishlangan qator ilmiy maqolalari, shuningdek, «Ayol va taqdir: sababiyat va sadoqat” risolasi uchun Xurshida Barotova taqdirlandi. Bu olimaning izlanishlari beiz ketmaganining isbotidir.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Samarqandda YUNESKOning 43-sessiyasiga tayyorgarlik avjida
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Markaziy Osiyo pedagoglari Nukusda jam boʻldi
- Hududlarda 34 ta yuqori texnologiyali sanoat loyihalari amalga oshiriladi
- Endilikda muddati oʻtgan tovarlarning sotilishi avtomatik ravishda cheklanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring