Markaziy Osiyo pedagoglari Nukusda jam boʻldi

Qoraqalpogʻiston Respublikasining Nukus shahrida ilk marotaba “Markaziy Osiyo pedagoglari” xalqaro forumi oʻtkazildi. “Markaziy Osiyo pedagoglari — bir mintaqa, bir ovoz, bir kuch” shiori ostidagi ushbu anjuman Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan UNESCO hamda UNICEF xalqaro tashkilotlari hamkorligida tashkil qilindi.
Unda Markaziy Osiyo davlatlari — Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston taʼlim vazirliklari, Ozarbayjon va Turkiya davlatlari yetakchi pedagoglari, taʼlim sohasi fidoyilari, BMT, shuningdek, qator xalqaro tashkilotlar hamda Kembrij universiteti vakillari ishtirok etdi.
Forumni oʻtkazishdan asosiy maqsad Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasida taʼlim sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, pedagoglar uchun tajriba almashish platformasini yaratish va mintaqaviy taʼlim tizimini rivojlantirishga qaratildi.
Nukus shahridagi “Oq qush” majmuasida uyushtirilgan ochilish marosimida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi raisi Amanbay Orinbayev soʻzga chiqib, soʻnggi yillarda yurtimizda Prezidentimiz rahbarligida olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar, sohaga qaratilayotgan alohida eʼtibor haqida gapirdi.
Tadbirda BMTning Oʻzbekistondagi doimiy rezident-koordinatori, Jahon bankining Markaziy Osiyodagi inson taraqqiyoti boʻyicha dasturi menejeri, Osiyo taraqqiyot banki mintaqaviy ofisi direktori, Britaniya Kengashining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari, “Cambridge University Press&Assessment”ning Yevropa, Markaziy Osiyo va Amerika boʻyicha loyiha koordinatori, “Marshall Cavendish Education” tashkilotining bosh direktori, shuningdek, hamkor tashkilotlar rahbarlari soʻzga chiqib, Oʻzbekistonda taʼlim transformatsiyasi va unda xalqaro aloqalarning oʻrni haqida fikr bildirdi.
Forum doirasida ishtirokchilar uchun “Ekologik taʼlimda zamonaviy texnologiyalar” mavzuida seminarlar tashkil etildi. Shuningdek, videodarslar, mobil ilovalar va virtual laboratoriyalar asosida ishlab chiqilgan yangi metodik ishlanmalar namoyish qilindi.
Amaliy qismda esa pedagoglar ekologik tajribalarni tashkil etish boʻyicha interfaol mashgʻulotlarda qatnashdi. Seminar yakunida zamonaviy texnologiyalar asosidagi ekotaʼlim nafaqat bilim berishi, balki bolalarda masʼuliyat, mehr-oqibat va atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatni shakllantirishda muhim omil boʻlib xizmat qilishi alohida taʼkidlandi.
Forum doirasida Orolboʻyining diqqatga sazovor joylariga tashkil etilgan sayohat va “Abadiy doʻstlik” deb nomlangan konsert dasturi mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Gʻayrat OTAJONOV
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Ekrandagi qabohatning hayotdagi aksi yoki yengil-yelpi seriallar jamiyatga nima beryapti?
- Dollar kursi tushishda davom etmoqda
- Oʻzbekistonda dollar kursi oʻzgardi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring