Buyuk shoir xotirasiga bagʻishlangan maʼnaviyat bayrami

23:02 20 Oktyabr 2025 Madaniyat
297 0

Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”

19-20-oktyabr kunlari poytaxtimizda va Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumanida elimizning suyukli farzandi, Oʻzbekiston Qahramoni, Oʻzbekiston xalq shoiri Erkin Vohidovning betakror ijodiga bagʻishlangan “E voh” respublika oʻzbek tili va adabiyoti olimpiadasi va Oʻzbek tili bayramiga bagʻishlangan navbatdagi festival boʻlib oʻtdi.

Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”

Unda vazirliklar, xalqaro tashkilot va diplomatik korpus vakillari, Erkin Vohidov ijod maktabi ustozlari va oʻquvchilari (Fargʻona), taniqli shoir va adiblar, “E voh” olimpiadasining final bosqichida ishtirok etgan mahalliy va chet ellik oʻqituvchilar, OAV hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”

Bundan toʻqqiz yil muqaddam davlatimiz rahbari tomonidan Oʻzbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov tavalludining 80-yilligini nishonlash toʻgʻrisidagi qarori asosida Margʻilon shahrida ijodkorlar bogʻi hamda Erkin Vohidov nomidagi maktab-internat tashkil etilgan edi. Oʻtgan yillar mobaynida ushbu maskanda Erkin Vohidovning haykali oʻrnatildi va memorial muzeyi bunyod etildi.

Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”

— Oʻzbekiston xalq shoiri, Oʻzbekiston Qahramoni Erkin Vohidov nomiga qoʻyilgan maktab-internatga 2018−2019 oʻquv yilida 5−8-sinflarga 150 nafar isteʼdodli oʻquvchilarni qabul qilgan edik, — deydi muassasa rahbari Nigora Mannopova. — Hozirgi paytda ularning soni 200 nafardan oshib ketdi. Maktabda oʻquvchilar uchun barcha sharoitlar yaratilgan boʻlib, yotoqxona, oshxona, kutubxona, faollar zali va oʻquv-laboratoriya jihozlari mavjud.

Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”

Davlatimiz rahbari oʻtgan yili Erkin Vohidov ijodiga bagʻishlangan festival qatnashchilariga yoʻllagan tabrigida shunday degan edi: “Biz ushbu adabiy festivalni har yili anʼanaviy tarzda oʻtkazish taklifini qoʻllab-quvvatlaymiz. Zero, buyuk tarixga ega boʻlgan, oʻz oʻtmishidan gʻururlanib, ayni vaqtda, kelajakka yuksak ishonch bilan intilayotgan bugungi oʻgʻil-qizlarimiz maʼnaviy buloqlarimizdan bahramand boʻlib, yangi Oʻzbekistonning chinakam bunyodkorlari boʻlib voyaga yetishida mana shunday anjumanlarning oʻrni va taʼsiri beqiyos, albatta. Bu adabiyot bayramining bardavom boʻlishini istab qolaman”.

Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”

Bugun maktab taʼlimi tizimida ona tili va adabiyoti fanlariga boʻlgan eʼtibor tobora ortib bormoqda. Taʼlim mazmuni yangilanmoqda, fanlar kesimida milliy qadriyatlarimiz va til madaniyatini singdirish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. “E voh” olimpiadasi ana shu ezgu jarayonning davomi sifatida, iqtidorli oʻquvchilarni kashf etish, ularni ilmiy va ijodiy yoʻnalishda qoʻllab-quvvatlashga xizmat qiladi.

Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”

Bu yil olimpiada ilk bor raqamli platformada oʻtkazilayotgani ham muhim qadam boʻldi. Bu orqali yurtimizning barcha hududlaridan, hatto xorijda tahsil olayotgan yoshlar ham onlayn tarzda ishtirok etish imkoniyatiga ega boʻlishmoqda.

Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”

Festival doirasida soʻzga chiqqan oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov shunday dedi:

— Bu olimpiada nafaqat buyuk shoir va davlat arbobi Erkin Vohidov xotirasiga hurmat, balki til, adabiyot va maʼnaviyatga boʻlgan muhabbatimiz ifodasidir. “E voh” soʻzi — hayrat, ilhom va yuksak ehtirom ramzi. Shu nom ostida oʻtkazilayotgan bu tadbir yurtimizdagi har bir yoshning qalbida ona tiliga sadoqat va iftixor tuygʻusini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.

Bugungi kunda davlatimiz rahbarining oʻzbek tilining nufuzini oshirish, uni jahon miqyosida tanitish borasidagi tashabbuslari doirasida koʻplab ishlar amalga oshirilmoqda. “E voh” olimpiadasi ana shu ezgu maqsadlarning amaldagi davomi boʻlib, iqtidorli yoshlarni aniqlash, ularning badiiy va ilmiy salohiyatini rivojlantirish, zamonaviy fikrlaydigan mutaxassislar yetishib chiqishiga xizmat qiladi.

Bu yilgi olimpiada ilk bor raqamli formatda tashkil etilmoqda. Bu esa taʼlim tizimida innovatsion yondashuvlarni joriy etishga boʻlgan amaliy qadamlardan biridir. Olimpiadada nafaqat mamlakatimiz oʻquvchi va pedagoglari, balki xorijda oʻzbek tilini oʻrganayotgan yoshlar ham ishtirok etayotgani biz uchun faxrdir.

Sizlarning har biringiz bu olimpiadada faqat gʻoliblik uchun emas, balki ona tilining qadrini yanada yuksaltirish, uning jozibasi va goʻzalligini anglash uchun qatnashmoqdasiz. Bu — har bir yurtdoshimiz uchun sharafli masʼuliyatdir.

Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari boʻyicha vakili (Bolalar ombudsmani) Surayyo Rahmonova:

— Buyuk shoir Erkin Vohidov ijodi har birimiz uchun ilhom va iftixor manbaidir. Uning qalamidagi har bir satr Vatanga muhabbat, ona tiliga sadoqat, inson qalbidagi ezgulikka ishonch bilan yoʻgʻrilgan.

Bizning maqsadimiz — har bir bola oʻz ona tilida erkin fikrlay oladigan, soʻz qudrati bilan yangilik yarata oladigan, dunyoga yurtimiz madaniyatini tanita oladigan avlod boʻlib voyaga yetishidir. Shu maʼnoda “E voh” olimpiadasi bilim, maʼnaviyat va insonparvarlikning yorqin namunasiga aylanmoqda.

Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”

Festivalda soʻzga chiqqan Toshkent viloyati hokimi oʻrinbosari Hakim Bobojonov, Xalqaro Nordik universiteti rektori Sherzod Mustafoqulov, “E voh” respublika oʻzbek tili va adabiyoti olimpiadasi Hakamlar hayʼati raisi Olimjon Davlatov va boshqalar ona tilimiz — millat qalbi, uning oriyati va kelajagi ekani, uni asrash va sevish har bir vatandoshimizning eng oliy burchi ekanligi haqida oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi.

Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”

Olimpiada yakuniga koʻra, birinchi oʻrin – oltin medalga Toshkent shahrida faoliyat koʻrsatayotgan “Sodiq school” maktabi ustozi Mansur Siddiqov munosib koʻrildi.

Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”

Ikkinchi oʻrin – kumush medal Sirdaryo viloyati, Boyovut tumani 13-maktab oʻqituvchisi Dilorom Berdimurodova, Fargʻona shahri 41-maktab oʻqituvchisi Muattar Mehmonaliyeva, Xorazm viloyati Tuproqqalʼa tumani 6-maktab oʻqituvchisi Munavvara Nurmanovaga nasib etdi.

Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”

Uchinchi oʻrinni esa Oʻzbekiston davlat jahon tillari akademik litseyi oʻqituvchisi Saodat Ashurova, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Amudaryo tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktab oʻqituvchisi Mohira Sobirova, Toshkent viloyati Parkent tumanidagi 40-maktab oʻqituvchisi Shahlo Homidova, Buxoro viloyati Buxoro shahridagi ixtisoslashtirilgan maktab oʻqituvchisi Feruza Ergasheva, Fargʻona viloyati Oʻzbekiston tumanidagi 16-maktab oʻqituvchisi Shoiraxon Shokirova qoʻlga kiritdi.

Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”

Final bosqichigacha yetib kelgan 79 nafar oʻqituvchi, ustoz-murabbiylar festival yakunida maxsus sertifikatlar va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi. Festival davomida taniqli xonandalar va sanʼat ustalari ijrosida kuy-qoʻshiqlar yangradi.

Nurulloh Ostonov,

Akram Xamraqulov

(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер