Qishloqda xorijdagidan ham ko‘proq daromad topayapman — Ruslan Meyliev

20:25 03 Avgust 2023 Jamiyat
391 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Kishining doim oilasi bag‘rida, yaqinlari yonida yashashi, ishlashi ham bir baxt ekan. Qamashi tumanining Berdoli mahallasida yashovchi Ruslan Meyliev xorijda ishlab yurgan vaqtlari bu haqiqatni ko‘p bora anglab yetar, lekin oilasining moddiy ta'minotini o‘ylab goh Rossiya, goh Qozog‘istonga ketib, yillab yaqinlaridan yiroqda yashashga, ishlashga majbur edi.

O‘tgan yili mahalladagi ehtiyojmand, ishsiz oilalarga 30 sotixdan 50 sotixgacha yer berilishi haqidagi xabar Ruslanni quvontirib yubordi. Darhol uyga qaytib, mahallaga yer so‘rab murojaat qildi.

Mahalla raisi ehtiyojmand oilalarga dehqon xo‘jaligini yuritish uchun yer uchastkalarini ochiq elektron tanlov orqali ijaraga berilayotgani, u ham ana shu yer maydonlaridan birini olib, meva-sabzavot yetishtirishni yo‘lga qo‘yishi mumkinligi haqida aytdi.

— Shundan so‘ng barcha hujjatlarni rasmiylashtirib, 30-yillik ijara huquqi asosida 30 sotix yer oldim, — deydi Ruslan Meyliev. — O‘tgan yili bu yerga pomidor ekkandim, hosil yaxshi bo‘ldi. Ichki bozorga 20 tonnadan oshiq mahsulot sotdik. Bu yil yana shu turdagi ekinni parvarishlayapmiz. Ayni paytda bozorga yana pomidor chiqarishni boshlab yubordik. Shu bilan birga, bu yil hududdagi fermer xo‘jaliklaridan 2 gektardan oshiq g‘alladan bo‘shagan joyni ijaraga olib, tarvuz va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari ekdik. Umumiy hisobda yuz million so‘mdan ortiq daromadni chamalab turibman. Endi o‘ylab qarasam, o‘z qishlog‘imda, farzandlarim yonida yurib ham xorijda topganimdan bir necha barobar ko‘proq daromad topsam bo‘larkan.

E'tiborli tomoni, Prezident qarori asosida yo‘lga qo‘yilgan bu tashabbus Ruslan Meyliev kabi minglab ehtiyojmand oilalar, ishsiz fuqarolarning dehqonchilik qilib, daromad topishi uchun imkoniyat yaratdi.

— Birgina mahallamiz misolida aytadigan bo‘lsam, 27 gektar yer maydoni “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari” va “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarga dehqon xo‘jaliklari tashkil etib, foydalanish uchun ajratilgan edi, — deydi Berdoli MFY raisi Berdi Shukurov. — Shundan 64 ta oila 30 sotixdan, 13 ta oila esa 50 sotixdan yer maydonini ijara huquqi asosida olib, dehqonchilik qilishmoqda. Ayni paytda barcha oilalar ishni to‘liq yo‘lga qo‘yib olishdi.

Ha, yer — xazina, daromad manbai. Hamma gap undan oqilona foydalanishda. Yer bilan tillashib, dillashib mehnat qilayotgan berdoliliklar esa xazining kaliti endi o‘z qo‘llarida ekanligini e'tirof etishmoqda.

Jahongir BOYMURODOV, “Xalq so‘zi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?