Qishloq ayollariga elektr separatorlar topshirildi — FAO

17:32 22 Avgust 2024 Iqtisodiyot
232 0

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) tomonidan “Hech kim ortda qolmasligi kerak: Turkiya va Markaziy Osiyoda qishloq ayollarining faol ishtiroki va imkoniyatlarini kengaytirishga koʻmaklashish” loyihasi doirasida Boʻstonliq tumanidagi qishloq ayollariga sutni qayta ishlash uskunalari (elektr separatorlar) topshirildi. Qayd etilishicha, bu qishloq ayollarining iqtisodiy mustaqilligini mustahkamlash va oʻziga ishonchi uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.

Ushbu tashabbus FAO tomonidan Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanida tashkil etilgan qishloq ayollarining bilim va koʻnikmalarini oshirishga qaratilgan seminarlarning mantiqiy davomi hisoblanadi. Oʻtkazilgan amaliy seminarlarda ishtirokchilar uy sharoitida sutni qayta ishlab, yogurt, kefir, tvorog, mayizli tvorog, brinza kabi mahsulotlar ishlab chiqarishni oʻrgandi. Taqdim etilgan uskuna ushbu ayollarga oʻz oilalari uchun barqaror daromad manbalarini yaratishga yordam beradi.

“Qishloq xoʻjaligida ayollar hal qiluvchi rol oʻynaydilar, ammo gender tafovuti ularning imkoniyatlarini cheklab, barcha sohalarda rivojlanishini sekinlashtirmoqda. FAO faqat oʻqitmaydi — biz ayollarga oʻz hayoti va biznesini rivojlantirish uchun vositalar beramiz. Seminarimiz orqali ishtirokchilar ilgʻor bilim va koʻnikmalarni oʻzlashtirish bilan birga, sutni qayta ishlash uchun zarur boʻlgan texnikalarga ham ega boʻldilar. Bu shunchaki qoʻllab-quvvatlash emas — balki ularning agrobiznesdagi rolini mustahkamlash va gender tengligini ragʻbatlantirish, qishloqlarining barqaror rivojlanishiga hissa qoʻshadigan haqiqiy oʻzgarishlar uchun poydevordir”, deydi FAOning Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqaviy byurosi katta maslahatchisi, loyiha rahbari Dono Abdurazzoqova.

Sut mahsulotlari ishlab chiqarish qishloq joylarda nafaqat bandlikni taʼminlaydi, balki muhim daromad manbai sifatida oilalarning turmush darajasini yaxshilaydi. FAO tomonidan koʻrsatilayotgan yordam qishloq ayollariga yangi texnologiyalarni joriy qilish imkoniyatini yaratib, ularning iqtisodiy holatini yaxshilashga va mahalliy hamjamiyatlarni mustahkamlashga yordam beradi.

Ushbu loyiha FAOning Markaziy Osiyoda gender tengligini va iqtisodiy rivojlanishni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan uzoq muddatli strategiyasining bir qismidir. FAO kelgusida ham qishloq ayollarini qoʻllab-quvvatlashni davom ettiradi va ularning iqtisodiy faolligi va, oʻz navbatida, moddiy farovonligini oshirishga yordam beradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер