Qirlishon massivida saksovulzorlar barpo etilmoqda
Buxoro viloyati Olot tumani Qirlishon massividagi 40 ming gektardan ziyod maydonda saksovulzor barpo etilmoqda. Bu yumushga qirqqa yaqin haydov texnikasi, 150 nafardan ziyod ishchi jalb etilgan. 100 tonnadan ortiq saksovul urugʻini ekish chora-tadbirlari koʻrilayapti.
— Sahro ekotizimini muhofaza qilishda saksovulning oʻrni nihoyatda katta, — deydi viloyat Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasi masʼul xodimi N. Ibodov. — Ular yerga chuqur tomir yozadi. Shuning evaziga yer osti suvlaridan oziqlanadi. Qurgʻoqchilikka chidamli. Muhimi, saksovullar choʻl tuprogʻini tutib, chang-toʻzon yoʻliga toʻsiq boʻladi.
Sahroning bu bebaho oʻsimligi bargi tuya va qoʻylar uchun ozuqa ham sanaladi. Ular yonganida oʻzidan katta miqdorda issiqlik ajratib chiqaradi. Shoʻrlikning ayni shu xususiyati necha oʻn yillar davomida uning umriga zomin boʻldi. Odamlar saksovulni oʻtin qilib yoqishdi. Oqibatda choʻllardagi bir qism saksovulzorlardan asar ham qolmadi. Agar saksovulning nisbatan sekin oʻsadigan oʻsimlik ekani inobatga olinsa, bu katta yoʻqotish boʻlgani sir emas. Qolaversa, saksovulni ekish, uni undirish, buta shakliga keltirish oʻz-oʻzidan boʻlmaydi. Viloyat davlat oʻrmon xoʻjaligi mutaxassislari buni yaxshi bilishadi.
Shu oʻrinda nega aynan Qirlishondagi shunday bepoyon hududda “yashil qoplama” barpo etilmoqda, degan savol tugʻilishi tabiiy. Viloyat hokimi B. Zaripovning voha madaniy-etnografik va meʼmoriy oʻzligini saqlash hamda uni xalqaro hamjamiyatga yanada keng tanishtirish chora -tadbirlarga doir oʻtkazilgan taqdimotda taʼkidlashicha, mutaxassislarni jalb etgan holda chang-toʻzon koʻtarilishi bilan bogʻliq noxush ekologik vaziyat oʻrganilgan. Kuzatishlar esa koʻp holda viloyatning aynan shu sahrodan iborat janubiy hududi orqali kuchli shamol esishini, oqibatda chang, qum va tuz zarrachalari osmonga koʻtarilishini koʻrsatmoqda. Binobarin, asosiy maqsad viloyatning boshqa choʻl hududlari qatori shu yerda ham “yashil qoplama” barpo etish orqali vohadagi iqlim oʻzgarishlarining salbiy taʼsirini yumshatishdan iboratdir.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring