Qimmatbaho telefonlarga «boshqorongʻi» boʻlayotgan «huquq posbonlari». DXX yana bir holatni fosh etdi
Illyustrativ foto
Davlat xavfsizlik xizmati Qoraqalpogʻistonda IIB boshligʻi oʻrinbosarini pora ustida qoʻlga oldi.
Qoraqalpogʻistonda fuqaroga tegishli sirni fosh qilib, uni mansab vakolatidan foydalangan holda javobgar qilmoqchi boʻlgan IIB mansabdori bu harakatlarni amalga oshirmaslik evaziga fuqarodan qimmatbaho «iPhone 15 Pro Max» rusumli telefon talab qilgan.
DXX Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻyicha boshqarmasiga murojaat qilgan fuqaro Qoʻngʻirot tuman IIB boshligʻi oʻrinbosarini javobgarlikka tortishni soʻragan.
Murojaatchining bildirishicha, tuman IIB boshligʻi oʻrinbosari, jamoat xavfsizligi xizmati boshligʻi, mayor unvoniga ega mansabdor uning shaxsiy sirini bilishini, agar unga «iPhone 15 Pro Max» olib kelmasa, oʻsha sirni fosh qilib, oʻzini javobgar qilmoqchiligini aytgan.
Bundan qoʻrqib ketgan fuqaro DXX Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻyicha boshqarmasiga murojaat qilib, yordam soʻragan. Davlat xavfsizlik xizmati Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tadbirda Qoʻngʻirot tuman IIB boshligʻi oʻrinbosari fuqarodan talab qilingan «iPhone 15 Pro Max»ni olayotgan vaqtida jinoyat ustida qoʻlga olingan.
Xabarga koʻra, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Qimmatbaho smartfonlarni pora sifatida talab qilish holati avval uchragan. Masalan, oldinroq Jizzax viloyati prokuraturasining boʻlim prokurori Jizzax shahrida yashovchi, 1975-yilda tugʻilgan fuqaroga muqaddam Jinoyat kodeksining 167-moddasi bilan sudlanganlik holatini oʻzining vakolatli hamkasbi tomonidan olib tashlashni vaʼda qilib, ushbu «xizmati» uchun 1000 AQSH dollari hamda «Samsung S 24 Ultra» telefonini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangandi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring