Qiyshiqoyoq farishta yoxud ayrimlar Peledan ham ustun deb hisoblagan futbolchi haqida nimalarni bilamiz?
Garrincha (asl ism-sharifi Manuel Fransisku dus Santus) — braziliyalik futbolchi. 1933-yilda tugʻilgan. 1983-yilda vafot etgan. Futbol tarixida dunyoning eng kuchli oʻng qanot hujumchisi sanaladi. U oʻtkazilgan soʻrovlarga koʻra, jahonning 20-asrdagi eng kuchli futbolchilari roʻyxatida 8-oʻrinni, Janubiy Amerikadagi eng kuchli «charm toʻp ustalari» orasida esa 4-oʻrinni egallagan. Braziliya milliy futbol tarixida Garrincha Peledan keyin ikkinchi eng zoʻr oʻyinchi sanaladi. Ayrimlar esa uni mahorat bobida Peledan ham ustun deb bilishadi. ”Xalq quvonchi”, "Qiyshiqoyoq farishta“, ”Futbolning Charli Chaplini“, ”Buyuk oqsoq" degan laqablari bor.
Muxlislar himoyachini kaltaklashlariga bir bahya qolgandi
Garrincha oilada beshinchi farzand edi. U tugʻma nuqson bilan dunyoga kelgandi. Jumladan, umurtqa deformatsiyasi bilan tugʻilgandi. Buning ustiga chap oyogʻi oʻng oyogʻiga qaraganda 6 santimetr qisqa edi. Tabiiyki, uni jarrohlik stoliga yotqizishgan. Biroq buning nafi tegmagan. Shifokorlar tik oyoqda yurishining oʻzi bolakay uchun baxt deb hisoblashgan.
Oila juda kambagʻal edi. Akasi bilan opasi kasallik va ochlikdan vafot etishgan. Shu boisdan Mane bolaligidan ota-onasiga yordamlashar, oʻrmondan meva, ayniqsa, oʻtkir hidli bananlarni terib, bozorda sotardi. Otasi Amaro zavodda qorovullik qilar, ichkilikka mukkasidan ketgandi. Manega shu zararli odat otasidan meros boʻlib oʻtdi. 10 yoshida spirtli ichimliklarni qoʻliga oldi. Shu bilan birga futbol uning jonu dili edi. Maydonda raqiblarni birin-ketin aldab oʻtishni xush koʻrardi.
1941-yilda Garrincha maktabda oʻqishni boshladi. Biroq 4-sinfgacha taʼlim oldi, xolos. 14 yoshga kirganida fabrikaga ishga kirdi. Bu korxonaning «Pau-Grandi» degan havaskor futbol jamoasi boʻlardi. Shu klubning yoshlar jamoasida oʻynadi. Maydonda uni toʻxtatib boʻlmasdi. Dangasaligi uchun fabrikadan haydalganida korxona rahbari uning futbolchi sifatidagi iqtidorini hisobga olib ishga qaytargandi.
16 yoshga kirganida qahramonimiz shu klubning kattalar jamoasi aʼzosiga aylandi. «Kruzeyro du Sul» jamoasiga qarshi kechgan debyut oʻyinida u bir nechta gol muallifi boʻldi. Jamoasi 8:1 hisobida gʻalaba qozondi. Oʻsha palladayoq uni murabbiy oʻng qanotda oʻynata boshladi. Uchrashuvlardan birida Mane «Rais-da Serra» klubining barcha oʻyinchilarini aldab oʻtib, golli pas berdi. Shundan soʻng alamzada raqib himoyachilaridan biri unga qarshi oʻta qoʻpol oʻynadi. Bu holga chiday olmagan «Rais-da Serra»ning muxlislari Garrinchaning yonini olib, himoyachini doʻpposlashlariga bir bahya qoldi.Garchi, raqib jamoa safida oʻynayotgan boʻlsa-da Garrinchaning oʻyini ularga juda manzur boʻlayotgandi.
Koʻrikka butsisiz kelgandi
Garrincha ajoyib oʻyini sabab katta klublar nazariga tushdi. ”Flamengo” va "Flumenense" klublari koʻrigida boʻldi. Biroq ikkalasi ham klub moliyaviy holatining yomonligi va Manening qiyshiqoyoqliligi tufayli u bilan shartnoma tuzishni rad etishdi. ”Vasko da Gama” klubi esa butsisiz kelgani uchun uni koʻrikdan oʻtkazishdan bosh tortdi.
20 yoshga kirganida Garrinchi "Botafogo" klubining sobiq oʻyinchisi Aratining nazariga tushdi. Arati doʻstlari bilan Pau-Grandi shahriga oʻyinga hakamlik qilgani kelgandi. Bir oʻyinda toʻrtta gol urganini koʻrgan bu inson Garrinchaga butsi va sport libosi sotib olib berdi. Uni murabbiy Jentilu Kardozaning oldiga olib bordi. 1953-yilning 10-iyunida Mane «Botafogo»ning kattalar jamoasida koʻrikdan oʻtdi. Koʻrik oldidan «Senga qarshi Braziliya terma jamoasining chap qanot himoyachisi Nilton Santos toʻp suradi», deya ogohlantirishdi. Mashgʻulot chogʻida Garrincha toʻpni Niltonning ikki oyogʻi orasidan tashlab, uni aldab oʻtdi. Xuddi shu fint bilan nomdor futbolchini uch bor dogʻda qoldirdi. Bundan Nilton chinakamiga hayratga tushdi.
— Xafa boʻlishning oʻrniga u mening qoshimga kelib, “Yasha, yigit!”, dedi, — deya eslagandi keyinchalik Garrincha. — U mening futboldagi tutingan otam boʻldi. Agar hayot yoʻlimda Niltonga oʻxshagan insonlar koʻproq uchraganida boshimdan bu qadar koʻp koʻrgiliklarni oʻtkazmagan boʻlardim.
Mashgʻulot tugaganidan keyin Nilton nima sababdandir maydon chetida koʻrinmagan murabbiy Kardozaning oldiga boradi va “Agar bu yigitcha boshqa klubda oʻynasa, men xotirjam uxlay olmayman. Agar u bizning jamoaga qoʻshilsa, unda boshqa jamoalarning himoyachilari uxlay olishmaydi”, deydi. Shu gapdan soʻng murabbiy hammani stadionga qaytarib, mashgʻulotni qaytadan boshlaydi va 20 daqiqadan keyin Niltonning Garrincha haqidagi soʻzlariga jon borligiga ishonch hosil qiladi.
Bunaqasi dunyo futbolida uchramagan
Qahramonimiz «Botafogo» safidagi dastlabki mavsumidayoq 26 ta oʻyinda 20 ta gol urdi. Rio-de-Janeyro chempionatidagi ikkinchi toʻpurarga aylandi. 1957-yilga kelib, «Botafogo»ni jurnalist Joan Saldinya boshqarishga kirishdi. U qilgan dastlabki ish Garrinchaga maydonda erkinlik berish boʻldi. ”Yigitlar, jarima maydonimizdan boshlab raqib darvozasigacha boʻlgan oʻng qanotni koʻryapsizlarimi? — dedi u. — Shu yerga, oʻng qanotga birortang ham burningni suqmasliging kerak. Bu — Mane Garrinchaning koridori. Qolganlar maydon markazi va chap qanotda oʻynashi darkor. Manega yaqin kelishni xayolingizga ham keltirmang. Oʻng qanotda u xohlaganini qilsin. Sizlarning vazifangiz undan pas kutish va darvozaga zarba yoʻllashdan iborat”.
Ana shundan soʻng jamoaning oʻyinida keskin burilish yuz berdi. «Botafogo» 9 yillik tanaffusdan keyin ilk bor Rio chempionatida gʻolib chiqdi. Mane birinchilikning eng kuchli oʻyinchisi deb topildi.
Garrincha halol oʻyin qoidasini Braziliyada qoʻllagan dastlabki futbolchi sanaladi. Bu 1961-yilda «Flumenensi»ga qarshi kechgan uchrashuvda roʻy bergandi. Oʻshanda raqib himoyachisi jarohat sabab maydonga yiqilgan, Garrincha bu vaziyatdan foydalanish oʻrniga oʻsha oʻyinchiga tibbiy yordam koʻrsatilishi uchun toʻpni maydon tashqarisiga tepib yuborgandi.
Umuman, uning faoliyatida aql bovar qilmas vaziyatlar koʻp uchragan. Masalan, oltin medal taqdiri hal boʻlayotgan 1962-yilgi uchrashuvlarning birida Garrincha raqib himoyachisini qanotda turib bir necha bor shunaqangi aldab oʻtdiki, oxir-oqibat u muvozanatini yoʻqotib yiqilib tushdi. Shunda hakam “Agar oʻyinchini mazax qilishda davom etsang, maydondan chetlataman”, dedi jiddiy tarzda. Raqib futbolchisi esa hakamning oldiga kelib, Garrincha uni mazax qilmayotganini tushuntira boshladi. Bunaqangi gʻalati holat dunyo futbolida uchramagan, desak ishonavering.
Shu mavsumda ikki nufuzli kompaniya oʻtkazgan soʻrovga koʻra, qahramonimiz mamlakatning eng kuchli futbolchisi deb topildi va avtomashina bilan taqdirlandi. Xuddi shu yilda Nilton Santos uni yirik bankir Joze Luis Lins bilan tanishtirdi. Keyinchalik bu insonning unga koʻp yordami tegdi.
Ajablanarlisi, 1963-yilga qadar Mane biror bir yozuv boʻlmagan toza qogʻozga qoʻl qoʻyib berar, shartnomada koʻzda tutilgan pulning yarmigina uning choʻntagiga kirardi. Bankirning aralashuvi bilan bu holga barham berildi. Ammo jarohatlar tufayli qahramonimiz asta-sekin muammolar girdobiga tushdi. Jamoa shifokorining “Uch oy davolanishi kerak”, deganiga qaramay, klub prezidenti uning maydonga qaytishini, Fransiya va Italiyadagi turnirlarda ishtirok etishini talab qildi. Chunki Garrinchaning oʻyini klub gʻaznasini toʻldirardi. Oqibatda u ogʻriq qoldiruvchi ukol olgan holda maydonga tushadi. Bu esa shusiz ham tez-tez bezovta qilib turgan oyogʻidagi ogʻriqlarni kuchaytirdi. Aytishlaricha, ayrim uchrashuvlardan soʻng Garrinchani maydondan koʻtarib olib chiqib ketishgan.
Garrincha terma jamoada qanday oʻynagandi?
Shu oʻrinda uning Braziliya terma jamoasidagi faoliyati xususida ham soʻz yuritish foydadan xoli emas. U 1955 — 1966-yillar davomida terma jamoa safida 60 ta oʻyin oʻtkazib, 17 ta gol kiritdi. Mane bilan braziliyaliklar faqat bitta uchrashuvdagina magʻlub boʻlishgan. Garrincha uchta jahon chempionati va ikkita Janubiy Amerika birinchiligi qatnashchisi sanaladi.
1958-yilgi jahon chempionatiga bilasiz, Shvetsiya mezbonlik qilgan. Braziliyaliklarning mundial saralash bosqichida Peru terma jamoasiga qarshi kechgan javob uchrashuvi 1:0 hisobida tugadi. Oʻshanda Garrinchaga ishlatilgan qoʻpollikdan soʻng Didi jarima toʻpini qoyilmaqom qilib bajargandi. Ertasiga gazetalardan biri «Garrincha bilan Didi oʻz jamoasiga Shvetsiya sari yoʻl ochmoqda», deya yozgandi.
Jahon chempionatiga tayyorgarlik doirasida Italiyaning «Fiorentina» klubiga qarshi oʻtkazilgan nazorat uchrashuvida Garrincha raqib uch himoyachisi va darvozabonni aldab oʻtdi. Toʻpni boʻsh turgan darvozaga yoʻllash oʻrniga himoyachi Robottining yetib kelishini kutib turdi. Yetib kelgach, uni ham aldab oʻtdi. Shunaqangi aldamchi harakat qildiki, shoʻrlik himoyachi yiqilib lat yemaslik umidida darvoza toʻsinini quchoqlab qoldi. Garrincha shundan soʻnggina toʻpni darvozaga yoʻlladi. Jamoadoshlari, ayniqsa, terma jamoa sardori Bellini uning bu harakatini masʼuliyatsizlik deb hisobladi. Mamlakat futbol federatsiyasi rahbarlari ham shu fikrga qoʻshilib, uni jahon chempionatiga olib bormaslikka qaror qildilar. Lekin «Botafogo» klubi hamda terma jamoaning jismoniy tayyorgarlik boʻyicha murabbiyi Paulo Amaral «Garrincha buni raqibni nazar-pisand etmaslikdan yoki masʼuliyatsizlikdan emas, koʻzni quvontiradigan quvnoq futbol koʻrsatish maqsadidan kelib chiqib qilyapti», deya ularning fikrini oʻzgartira oldi.
Jahon chempionatining Angliya va Avstriya terma jamoalariga qarshi kechgan dastlabki ikki oʻyinda Pele bilan Garrincha maydonga tushmadi. Chunki bu ikki yosh futbolchini murabbiy Visente Feola tamoman individual oʻyinchi deb hisoblardi. Ammo guruhning SSSR terma jamoasiga qarshi kechadigan uchinchi oʻyini oldidan tajribali futbolchi Nilton Santos murabbiy oldiga kelib, avvalgi ikki futbolchiga qaraganda Pele bilan Garrincha yaxshiroq oʻynagan boʻlardi, deb aytadi. Bu taklifni boshqalar ham qoʻllab-quvvatlashadi. Keyinchalik esa bunday gap-soʻz boʻlmagani aytildi. Boshqa bir farazga koʻra, Garrinchaning oʻzi Feoloning huzuriga kelib, “Yo meni ruslarga qarshi boʻladigan oʻyinga maydonga tushirasiz yoki men hoziroq uyga qaytib, italyan klubi bilan shartnoma tuzaman”, deya murabbiyni choʻchitadi. Yana bir taxminga koʻra, Feolo oʻzining nostandart harakatlari bilan ruslar himoya chizigʻini sarosimaga solsin, degan maqsadda Garrinchani asosiy tarkibda maydonga tushirgan.
Nima boʻlganida ham bu toʻgʻri qaror edi. Uchrashuv avvalidayoq braziliyaliklar Garrincha harakat qilayotgan qanot orqali Lev Yashin qoʻriqlayotgan SSSR terma jamoasi darvozasiga bir nechta xavfli hujumlar uyushtirishdi. Himoyachi Kuznetsov hamda Voynov va Krijevskiydan oʻzib ketgan qahramonimiz hatto bir gal kuchli zarba bilan darvoza toʻsinini nishonga oldi. 3-daqiqaga kelib uning uzatmasidan keyin Vava gol kiritdi. Fransuz jurnalistlaridan biri uchrashuvdan soʻng shu hujumlarga “Futbol tarixidagi uch eng ajoyib daqiqa” deya taʼrif bergandi. Ikkinchi boʻlimda Vava yana Garrinchaning pasidan keyin gol kiritib, dubl muallifi boʻldi.
"Jahon chempionatida Garrincha bilan Pele ajoyib oʻynashdi, — deya yozgandi oʻtmishning taniqli futbolchilaridan biri Viktor Saryov. — Ularga Alloh tomonidan noyob iqtidor berilgan.Goʻyo Allohning oʻzi odamlarga toʻp bilan nimalar qilish mumkinligini koʻrsatishni xoxlayotgan edi. Garrincha bizning himoya chizigʻimizga chinakamiga dahshat soldi. Toʻpni toza olib qoʻyish u yoqda tursin, uni hatto yiqitish ham mushkul edi.Toʻpni nazorat qilgani holda taʼqibchisidan tezkorlik bilan oʻzib ketardi".
Chorak final va yarim finalda braziliyaliklar Uels hamda Fransiya terma jamoalarini yengishdi. Finalda esa maydon egalari — Shvetsiya terma jamoasi 5:2 hisobida magʻlub etildi. Shu gollarning ikkitasi Garrinchaning pasidan soʻng kiritildi. Xizmatlari evaziga u jahon chempionati ramziy terma jamoasi roʻyxatiga kiritildi. Mundialdan qaytiboq Garrincha qadrdon shahri Pau-Grandiga yoʻl oldi va sevimli bariga kirib, xoʻrandalarning barcha qarzini toʻladi-qoʻydi.
«Garrincha oʻzi qaysi sayyoradan?»
Bu muvaffaqiyatni u oradan toʻrt yil oʻtib Chili mezbonlik qilgan navbatdagi jahon chempionatida takrorladi. Guruh bosqichining ikkinchi oʻyinida Pele jarohat olib safdan chiqdi. Yetakchilik Garrinchaning zimmasiga tushdi. Guruhning Ispaniyaga qarshi kechgan hal qiluvchi oʻyinida u raqiblarini ortda qoldirib, toʻpni qulay vaziyatda turgan Amarildoga oshirdi.Natijada gʻalaba toʻpi kiritildi. Chorak finalda Garrincha ikkita gol yoʻllab, bitta golli pas berdi. Shu tariqa Angliya terma jamoasi 3:1 hisobida magʻlub etildi. Yarim finalda esa maydon egalari — chililik futbolchilar tiz choʻktirildi- 4:2. Bu uchrashuvda Garrincha ikkita toʻp kiritdi, bundan tashqari Vavaga golli pas berdi. Ertasiga Chili gazetalaridan biri «Garrincha oʻzi qaysi sayyoradan?» degan sarlavha bilan chiqdi.
Shu uchrashuvda mundial tarixida uchramagan yana bir holat roʻy berdi. Garrincha oʻyin oxirida chililik Roxasning navbatdagi qoidabuzarligiga javoban sahnadagi aktyor roliga kirib hazil tariqasida qoʻpol harakat qildi. Ikkovining oʻzaro qoʻl tashlashlariga va chililik futbolchilarning bu hazilni toʻgʻri tushunib kulishganiga qaramay, perulik hakam Arturo Yamaski kutilmaganda Garrinchani maydondan chetlatdi. Uning finalda oʻynamasligi muqarrardek edi. Ammo Braziliyaning oʻsha paytdagi prezidenti uni oʻyindan chetlatmasliklarini soʻrab Chiliga telegramma yubordi. Mamlakat futbol federatsiyasi rahbari boʻlgan Joao Avelanj oʻsha holatga yaqin turgan qanot hakamidan koʻrsatma berishni soʻradi. Oʻyindan chetlatish bilan bogʻliq vaziyatni tartib-intizom komissiyasi koʻrib chiqdi va hakamning qarorini notoʻgʻri deb topdi. Shu tariqa Garrinchaning diskvalifikatsiyasi bekor qilindi. Unga final uchrashuvida maydonga tushishga ruxsat berildi. Bunaqasi jahon chempionatlari tarixida uchramagandi.
Final bahsida Garrincha va uning safdoshlari Chexoslavakiya terma jamoasini magʻlub etib, shohsupaga koʻtarilishdi. Qahramonimiz esa turnirning eng kuchli futbolchisi deb topildi.
«Mane sxemalarsiz oʻynaydi»
Garrincha juda katta texnikaga ega, aldamchi harakatlar ustasi edi. Boʻyi u qadar baland emas, bukilib yurardi. Tashqi koʻrinishi jahon futboli yulduzlarinikidan tamoman farq qilardi. Ayrim mutaxassislar uning texnikasini Braziliya futbolining magʻzi deb atashadi. Bu gapda jon bor. Qay bir murabbiy unga maydonda erkinlik berib qoʻysa, albatta, muvaffaqiyatga erishgan. Zero, Garrinchaning individual mahorati bu tugʻmadir. Butun gavdasi bilan aldamchi harakat qilmoq uning suyumli finti edi. Oyoqlari uzunligining har xilligi shunga imkon berardi. Ikki oyoqda ham kuchli zarba yoʻllay olardi. Jarima toʻplarini qoyilmaqom tepardi. Oʻz faoliyatidagi uchta golni u burchak toʻpidan darvozaga kiritgandi.
Garrinchaning oʻyinini teatr tomoshasiga oʻxshatishardi. ”Xalq quvonchi”, «Futbol Chaplini» deb atashardi. Mana, bir misol.”Botafogo” jamoasi safidagi bir uchrashuvda u qanot boʻylab raqiblarini birin-ketin aldab oʻtarkan, toʻpni maydon tashqarisiga chiqarib yuboradi. Ammo hakam azbaroyi Garrinchaning aldamchi harakatlarini koʻrishni xohlaganidan oʻyinni toʻxtatmaydi.
«Futbol Chaplini»ning maydondagi yagona kamchiligi jamoaviy oʻyin intizomiga rioya etmasligi deb qaralardi. ”Botafogo” bosh murabbiyi Zeze Moreyra uni oʻzgartirishga urinib koʻrgandi. Mashgʻulot chogʻida maydon markaziga stulni qoʻyib, “Buni raqib oʻrnida koʻr va uni aldab oʻt” deya koʻrsatma bergandi. Shunda Garrincha stul atrofida toʻp bilan bir necha bor aldamchi harakatlar qilib, keyin darvozaga zarba yoʻllagandi. Murabbiyning tan berib, «Garrincha sxemalarsiz oʻynaydi», demoqdan oʻzga iloji qolmagandi.
Xayrlashuv oʻyini
Biz bir maqolada Garrinchadek kamyob va oʻziga xos futbolchining butun hayoti va faoliyatini qamrab ololmaymiz, albatta. Uning xayrlashuv oʻyini haqida toʻxtalish esa shart, nazarimizda. Bu uchrashuv 1973-yilning 18-dekabrida «Marakana» oʻyingohida boʻlib oʻtgandi. Oʻshanda asosan oxirgi jahon chempionatida gʻolib chiqqan futbolchilardan tarkib topgan Braziliya terma jamoasi FIFA terma komandasiga qarshi maydonga tushgandi. FIFA terma jamoasi safida nomlari bizga yaxshi tanish Onishenko, Olshanskiy va Lovchev bor edi. Xayrlashuv matchini bevosita stadiondan koʻrgani 131 mingdan ziyod muxlis keldi. Oʻyin oldidan maydonda anvoyi gullar bilan yozilgan «Mane — xalq quvonchi», degan soʻzlarni oʻqish mumkin edi.
Garrincha uchrashuvning birinchi boʻlimi oʻrtasida almashtirildi. Uning maydonni tark etayotganini anglatuvchi hakam hushtagi yangraganida Garrincha yigʻladi. Keyin tribuna ostidagi binoga kirib ketdi. Oʻyin 2:1 hisobida braziliyaliklar foydasiga hal boʻldi. Uchrashuvdan tushgan mablagʻ shaxsan Garrinchaga berildi. Shu pul hisobidan u qarzlarini toʻladi. Bir qismini farzandlarining oʻqishi uchun sarfladi. Uy, avtomobil va boshqa xaridlar qildi.
Hayot dengizidagi magʻlubiyat
Hayotni qaysidir maʼnoda dengizga oʻxshatish mumkin. Epini qilgan bu dengizda oʻz kemasi bilan nurli manzillarga suzib boradi. Uddasidan chiqmagan esa shiddatli toʻlqinlararo gʻarq boʻlishi tayin. Futbol maydonida mana man degan raqiblarni dogʻda qoldirgan qahramonimiz afsuski, hayot dengizida ravon suza olmadi. Adolatsizliklar oldida qaddini gʻoz tuta bilmadi. Ichkilikka berildi. Bir necha bor avtomobil avariyasiga uchradi. Futbolchilik faoliyatining yakuni ham yaxshi boʻlmadi. Turli klublarda oʻynadi. Omadi kelmadi. Shaxsiy hayoti ham silliq kechmadi. Bir emas, bir necha bor uylandi. Turli xotinlardan kamida 14 farzandi bor, aliment toʻlashdan boshi chiqmadi, desak buyogʻini tushunib olavering.
Umrining oxirgi yillarini qashshoqlikda oʻtkazdi. 1978-yilda “yurak yetishmovchiligi” tashxisi bilan shifoxonaga tushdi. Oradan bir yil oʻtib, jigar serroziga uchragani maʼlum boʻldi. 1982-yilda sogʻligi yana-da yomonlashdi. Shifoxonadan chiqqach, yana ichkilikka berildi. 1983-yilning 18-yanvarida uyga arang kirib keldi. Yana shifoxonaga olib ketildi. 20-yanvarda hayotdan koʻz yumdi.
Garrincha bilan vidolashuv Braziliyaning mashhur «Marakana» stadionida boʻlib oʻtdi. Tobut «Botafogo» klubi va Braziliya bayroqlari bilan oʻralgan edi. Marosim futbolchini soʻnggi yoʻlga — qadrdon shahri Pau-Grandidagi Raiz da Serra qabristoniga kuzatish bilan yakunlandi. Tobut ortida 300 ming nafar kishini koʻrish mumkin edi. Qabri toshida «Bu yerda xalqning quvonchi boʻlgan Mane Garrincha dafn etilgan» degan yozuv bor.
***
Garrinchadek oʻta iqtidorli futbolchini unutmoq mushkul, albatta. Braziliya poytaxtidagi stadionlardan birining nomi uning sharafiga “Estadio Mane Garrincha” deb atalgan. U haqida koʻplab filmlar yaratilgan. 2010-yilning 25-yanvarida “Botafogo” klubi stadionining gʻarbiy trubinasi yaqinida Garrinchaning 2,5 metrlik haykali tantanali tarzda oʻrnatildi. Uni atayin yaqin doʻsti Nilton Santosning haykali bilan yonma – yon qoʻyishgan.
Istam IBROHIMOV tayyorladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring