Qashqadaryoda madaniyat va sanʼat namoyandalari ishtirokida maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar davom etmoqda

11:07 07 May 2022 Jamiyat
1057 0

Foto: Халқ сўзи

Bugun Yangi Oʻzbekistondagi tarixiy oʻzgarishlar mohiyati hamda ahamiyatini odamlar ongu shuuriga chuqur yetkazishda sanʼat va madaniyatning taʼsiri katta. Shu jihatdan Qashqadaryoda joriy yil 5-maydan 15-maygacha davom etadigan “Yangi Oʻzbekiston – inson qadri ulugʻlangan yurt” shiori ostidagi maʼnaviy-maʼrifiy hamda koʻngilochar tadbirlarda poytaxtdan 200 nafardan ziyod taniqli madaniyat va sanʼat namoyandalari, olimlar, shoiru yozuvchilar ishtirok etayotgani voha ahlini juda mamnun etmoqda.

Viloyatdagi barcha mahallalarda oʻtayotgan koʻngilochar uchrashuv va muloqotlarda 10 dan ortiq milliy filmlar namoyish etilmoqda. Eng quvonarlisi, togʻli, chekka va olis qishloq aholisi film aktyorlari, rejissyor va ssenariy mualliflari bilan yuzma-yuz suhbatlashib, oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob olmoqda. Joylarda kino sanʼatining oltin fondidan oʻrin olgan kinoasarlar taqdimoti ham oʻtkazilmoqda. Taniqli sanʼatkorlar ijrosidagi jozibali quy-qoʻshiqlar raqslarga ulanmoqda.

— Kinoyulduzlar, aktyorlar, rejissyorlar hamda ssenariy mualliflari bilan xalqning uchrashuvi juda qiziqarli va hayajonlarga boy tarzda oʻtayotgani bizni ham toʻlqinlantirib yubordi, — deydi Oʻzbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi bosh direktori oʻrinbosari maslahatchisi Barno Oʻngboyeva. — Xalq taʼlimi vazirligi bilan hamkorlikda “Matonat maktabi” deb nomlangan koʻp qismli film asosida maktab oʻquvchilari oʻrtasida insholar tanlovi oʻtkazyapmiz. Dastlab tuman bosqichi, keyin viloyat bosqichi gʻoliblari aniqlanib, ular qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlanadi. Kinoklublarimiz mahallabay tarzda viloyatning eng chekka va olis qishloqlari, togʻli hududlarda yashovchi aholiga filmlar namoyish etmoqda.

Faxriddin Bozorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?