Qashqadaryoda 20 nafar yoshga yangi uy kalitlari topshirildi

09:24 02 Sentyabr 2024 Jamiyat
183 0

Jahongir BOYMURODOV/“Xalq soʻzi”. Gʻulomjon Sattorov Dehqonobod tumanining Jiydabuloq qishlogʻidan. Bundan 20-yil avval baxtsiz hodisa sabab ota-onasi hayotdan koʻz yumganida, u hali beshikdagi chaqaloq, akalarining esa kichigi ikki, kattasi toʻrt yoshda edi.

Chirqiragan uch bolani ammasi va pochchasi oʻz qaramogʻiga oldi. Albatta, yaqinlari Gʻulomjon va akalarini hech kimdan kam qilmay voyaga yetkazishga harakat qilishdi. Shu bilan birga, Hukumatimiz tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarni qoʻllab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar ham ularning hayotda oʻz yoʻllarini topishda muhim omil boʻlmoqda.

Masalan, Gʻulomjonni olaylik. U 2022-yili Prezidentimiz tashabbusi bilan ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar uchun ajratilgan alohida imtiyoz asosida Oʻzbekiston Milliy universiteti ijtimoiy fanlar fakultetiga davlat granti boʻyicha oʻqishga qabul qilindi. Hozir universitetning 3-bosqich talabasi. Yotoqxonada bepul turadi. Olayotgan stipendiyasi barcha xarajatlarini qoplamoqda. Endi esa Prezidentimizning 2021-yil 9-avgustdagi tegishli qaroriga muvofiq, mustaqilligimizning 33 yilligi shodiyonalari arafasida Gʻulomjon Sattorovga Dehqonobod tumani markazida yangi qurilgan koʻp qavatli uydan 2-xonali xonadon kaliti topshirildi.

— Toʻgʻrisini aytsam, endi faqat yaxshi oʻqish, yaxshi mutaxassis boʻlib yetishish orqali bizni shu darajada qoʻllab-quvvatlayotgan Vatanim taraqqiyoti uchun xizmat qilishdan boshqa tashvishim qolmadi, — deydi Gʻulomjon Sattorov.

Shu kuni Qashqadaryo viloyati hokimligida oʻtkazilgan tantanali tadbirda Gʻulomjon singari yana 19 nafar yetim va ota-onasi qaramogʻidan mahrum boʻlgan yoshlar yangi xonadon kalitlarini qabul qilib olishdi.

— Prezidentimiz qaroriga asosan ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarga topshirilayotgan ushbu 20 ta xonadonning 2 tasi 3 xonali, 6 tasi 2 xonali hamda 12 tasi 1 xonali xonadonlar, — deydi Ijtimoiy himoya milliy agentligining Qashqadaryo viloyati boshqarmasi boshligʻi Jamshid Rahmonqulov. — 17 ta xonadon shahar va tuman markazlarida zamonaviy andozalar asosida bunyod etilgan yangi koʻp qavatli uylardan, uchtasi esa ikkilamchi bozor tamoyillari asosida xarid qilinib, yashash barcha shart-sharoit yaratilgan holda topshirilmoqda.

Maʼlumot oʻrnida: 2021-yildan buyon Qashqadaryo viloyatida 120 dan ortiq yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan uyga muhtoj yoshlarga yangi uy-joylar topshirilgan. Endi ularning safi yana 20 taga kengaydi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер