Qarzga botsa ham toʻy toʻydek boʻlsinmi?
Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Xalqimiz topganini toʻyga yigʻadi. Yaxshi niyat bilan elga dasturxon yozadi. Odamlarni mehr-oqibatga, ahil-inoqlikka, yaxshilikka undaydigan toʻy-tomoshalar kimoʻzarga aylanmasligi kerak.
Xabaringiz bor, yaqinda Fargʻona viloyatining Yozyovon tumanida toʻy mashinalarining katta avtomagistral yoʻldagi antiqa tomoshasi ijtimoiy tarmoqlarni “portlatdi”. Kelin-kuyovning mashinasi toʻqnashib, toʻy azaga aylandi... Ne-ne orzu-umidlar bilan toʻy qilgan oila egalari farzandlarini chidab boʻlmas azob bilan sovuq tuproqqa topshirdi. Xoʻsh, bunga kim aybdor? Nahot, oʻtkinchi hoyu havaslarga berilib, qator qimmatbaho mashinalar bilan yuqori tezlikda shahar aylangan yoshlarni tartibga chaqirib qoʻyadigan birorta kayvoni topilmadi? Kuyovning otasi erkatoy oʻgʻliga dakki berganda, kelin tomondagilar toʻyni ixchamroq oʻtkazilishiga rozilik berishganda ehtimol, bunaqa koʻngilsizlik boʻlmasdi.
Mana bu voqea ham yurakni larzaga soladi. Qishloqlarning birida hech qayerda ishlamaydigan kelin kuyovdan “zags” mashinalari eng qimmatbaho va bir xil rangda boʻlishini talab qiladi. Ota-onasining butun umr toʻplagan mablagʻiga uylanayotgan kuyovga bu ogʻir sinov boʻldi. Noiloj, toʻyda qimmat narxda ijaraga olingan mashinalar xizmatda boʻlib, kelin-kuyovni shahar aylantirdi. Toʻydan keyin qarzni uzish masʼuliyati yana kuyovning oila aʼzolarining gardaniga tushdi. Yosh kelinni uyda qoldirib, kuyov xorijga ish izlab ketdi. Ota qarzni uzish uchun mardikor bozoriga chiqdi.
Bir kunlik toʻy uchun butun umr azob chekish qanchalik toʻgʻri? Bizga buncha dabdababozlik, isrofgarchiliklarni nima keragi bor? Bu hashamlar yangi oila poydevorini mustahkam boʻlishiga qanchalik xizmat qiladi? Qudalar oʻrtasidagi sovuqchilik, yosh oilalar oʻrtasidagi “qoʻydi-chiqdi”lar ham aytishga arzimas, ammo odamlarga “koʻz-koʻz” uchun beriladigan sarpolar, oddiy yogʻochdan yasalgan uy jihozlarining qayerdan keltirilganiga borib taqalayotgani juda achinarli.
Fargʻona viloyati adliya boshqarmasi maʼlumotiga qaraganda, birgina joriy yilning oʻtgan 9 oyida viloyatda 3629 ta oilaviy ajrimlar qayd etilgan. Boshqa hech bir jihatini inobatga olmagan taqdirda ham mazkur raqam salmogʻini tasavvur etishning oʻzi dahshat!
Umumiy ajrimning 1280 tasi oʻrtada voyaga yetmagan farzandlari boʻlmagan va tomonlar yaxshilikcha oʻzaro kelishib olganlar hissasiga toʻgʻri keladi. Shuningdek, 2226 ta ajrim er-xotin birinchi nikohda boʻlib, lekin ikkinchi marotaba oila qurgan. Sud qarori bilan orani ochiq qilganlardir. Afsuski, dabdabali toʻydan keyin arzimas muammolar sababli ajrim qogʻozini olgan yosh kelinchaklar, ayni qaygʻusiz yashaydigan davrida tirik yetimlik tamgʻasi ostida javdirab qolayotgan bolalar oz emas. Bu yurtimizda oilalardagi ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirish, maʼnaviy tarbiya ishlari hali talab darajasida emasligidan dalolat beradi.
Vaholanki, viloyatda 1062 ta MFY bor va har birida oʻnlab faollardan iborat bir necha komissiyalar kengashi faoliyat koʻrsatadi. Har bir shahar-tumanda “Oqila ayollar” harakati tashkil etilgan. Ochigʻi, mazkur komissiyalar hududda biror jiddiy koʻngilsizlik boʻlsagina jonlanib qoladi. Keyin suvga choʻkkan toshdek koʻrinmay ketadi. Aslida bu tuzilmalarning faoliyati muammo bilan kurashish emas, balki oldini olishga qaratilgan emasmi?
Bugun aynan, toʻylardagi ortiqcha dabdaba bilan bogʻliq xarajatlar muammolarning ildizi ekanligi hech kimga sir emas. Toʻy-tomoshalarini tartibga solish haqida keragidan ortiq gapirilayapti. Ammo nega ortiqcha qiliqlar kamayish oʻrniga, yangi “urf”lar koʻpayib bormoqda? Masalan, toʻy oqshomida kelin-kuyovni mehmonlar oldida valsga tushishi, kelin otgan gulni yoshi katta otaxon, onaxonlar koʻz oʻngida qizlarning talashi, kuyov joʻralarining beoʻxshov oʻyinlari, ularga ibrat boʻladigan ayollarni ochiq-sochiq kiyimlarda sarxush yurishlari... Eh-he, sanayversak bularning son-sanogʻi yoʻqdek. Bunga mahalla qanday befarq qarab turibdi? Kayvonilar-chi?.. Axir, toʻy shunchaki oilaviy marosim emas, butun xalq bilan oʻtadigan milliy qadriyat-ku! Bu marosimni ixcham, tartibli va tinch oʻtishiga butun jamiyat masʼul boʻlishi kerak.
Davlatimiz rahbari kambagʻallikni bartaraf etish uchun mahallarga qancha imkoniyatlar yaratib bermoqda. Oʻzini kambagʻal sanaydigan oilalarning oʻgʻil-qizlari nikoh tantanalarida ijaraga olgan qimmatbaho mashinalarda koʻchalarni toʻldirib borayotganini nima bilan izohlash mumkin? Hozir toʻylarda “birrov”ga yuradigan sanʼatkorlar koʻpaygan. Toʻylarga borsangiz navbatda turishadi. Ikki juft qoʻshiqni aytar-aytmas toʻy egasidan falon soʻmni olib ketadi. Jonli aytsa ham alam qilmasdi. Koʻplab oilalar shunaqa hoyu havaslarga tobe boʻlib qolayotgani tashvishlanarli.
Yaqinda bir toʻyda qatnashgan xorijlik mehmon dasturxon ustidagi ehtiyojdan ortiq neʼmatlarni koʻrib hayratlandi. Shuni oʻrniga toʻy egalari farzandlarini oʻqishi, hunar oʻrganishiga eʼtibor qaratmayotganidan afsuslandi.
— Toʻydagi bunday dabdababozlik nainki noz-neʼmatlar, balki inson uchun eng qimmatli boʻlgan vaqtning ham uvoli-ku, — deydi xorijlik mehmon. — Ertalabdan oshga borish, yana peshinda dasturxon, kechga toʻy oqshomidagi toʻkin-sochinlik boylarni ham kambagʻal qiladi.
Takror boʻlsa-da aytamiz, toʻy tartibga solinmaskan, lattaparstlik, dabdababozlik illatlaridan ham hech qachon qutulolmaymiz. “Odamlar nima deydi?” qabilidagi eski aqidalar zamoni oʻtdi. Aslida “Bel sindirar” bunaqa toʻylarni hech kimga keragi yoʻq. Toʻy toʻydek boʻlsin, ammo meʼyorni unutmaylik! Inson faqat toʻy qilish uchun dunyoga kelmagan. Toʻydan keyin ham yashash kerak. Har bir oila toʻyni oʻz imkoniyatlaridan kelib chiqib ixcham va mazmunli oʻtkazsa, toʻylarimiz mehr-oqibat, milliy qadriyatlarimizning gultoji boʻlib qoladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Vatan va vijdon
- Aktrisa Halima Ibragimova 45 yoshida vafot etdi
- Alisher Usmonov Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi prezidenti etib saylandi
- Sirdaryoda Toʻra Sulaymon uy-muzeyi ochildi
- Bosh prokuratura muzeyiga noyob eksponatlar kiritildi
- Oʻzbek polvonlari kurash boʻyicha Jahon chempionatida 72 ta medal bilan birinchi oʻrinni egalladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring