Qarshimizdagi inson qoʻlida telefon oʻrnida kitob koʻrmas ekanmiz, kitobxonlikni ommalashtirish borasidagi ishlarimiz bilan maqtana olmaymiz
Foto: Xalq so‘zi
Mutolaaga boʻlgan ehtiyoj hech qachon va hech bir davrda oʻz darajasini, ahamiyatini yoʻqotmaydi. Inson borki, ilmga, maʼrifatga chanqoqlik sezadi. Ilk bor yaprogʻu toshlarda aks etgan harflar bugungi kunga kelib elektron shaklga koʻchdi. Bu oʻquvchini oʻzi xohlagan paytda istalgancha miqdordagi satrlarni yonida olib yurish, mutolaa qilish imkonini bermoqda. Biroq, mutaxassislarning taʼkidlashicha, qogʻozda aks etgan bosma harf inson tafakkuriga 60 foiz darajada ijobiy taʼsir koʻrsatsa, elektron holatda bu koʻrsatkich 15-20 foizdan iborat boʻlar ekan. Demak, mukammal bilim olish, taʼlimotni ilm darajasida qabul qilish borasida bosma kitob hali-hanuz oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan. Binobarin, yurtimizda ham kitobxonlikni rivojlantirishga eʼtibor har doimgidan ortgan. Buning uchun eng avvalo, mavjud kutubxonalarda oʻquvchilar uchun yetarli sharoit yaratish, kitob fondini oshirish asosiy vazifalardan biriga aylandi.
Andijon viloyatida ayni paytda 880 ta kutubxona faoliyat yuritmoqda. 9 million 132 mingdan oshiq kitob fondiga ega bu ilm maskanlarida 1 million nafardan ziyod kitobxonlarga sifatli xizmat koʻrsatib kelinmoqda. Soʻnggi yillarda mavjud kutubxonalar faoliyatini zamon talablari asosida yaxshilash maqsadida 14,4 mlrd. soʻm miqdoridagi mablagʻ yoʻnaltirildi. Birgina viloyat axborot-kutubxona markazining moddiy-texnik bazasini yangilash uchun 2020-2021-yillarda 8 milliard soʻm sarflandi. Buning natijasida kitoblarni saqlash, foydalanish umrini uzaytirish sharoitlari maqbullashdi.
Bugungi kunda viloyat axborot-kutubxona markazining oʻzida 300 mingdan ortiq elektron kitoblar bor. Ayni paytda elektron resurslarning mobil ilovasi ham yaratilmoqda. Bu ilova ishga tushgach, kitobxonlar oʻz mobil telefonlari orqali kutubxona fondidan foydalanish imkoniyati yuzaga keladi.
Bundan tashqari bosma kitoblarning inson ruhiyatiga, tafakkuriga taʼsir kuchini hisobga olgan holda koʻchma kutubxonalar faoliyati tashkil etildi. Joriy yilning oʻzida bunday kutubxonalar 60 ming nafar oʻquvchini qamrab olgani quvonarli, albatta. Yangi kitob taqdimotlari, mualliflar bilan uchrashuvlar, mutolaa targʻibotiga yoʻnaltirilgan tadbirlar esa omma orasida kitobxonlikni kengaytirishga xizmat qilmoqda. Hozirga qadar viloyatimizda minglab ana shunday tadbirlarni oʻtkazdik. Quvonarlisi shundaki, amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlarimiz natijasida oilaviy kitobxonlik koʻrsatkichlari tobora ortib bormoqda.
Bugun kutubxonalarimiz zallari kitobxonlar bilan band. Bu haqiqat! Biroq hozirgi davrda erishilayotgan natijalar bilangina kifoyalanib qolish ham toʻgʻri emas. Zero, qarshimizdagi inson qoʻlida telefon oʻrnida kitob koʻrmas ekanmiz, kitobxonlikni ommalashtirish borasidagi ishlarimiz bilan maqtana olmaymiz.
Xoʻsh, kitobxonlikni ommalashtirish uchun yana nimalar qilish mumkin?
Maʼlumki, tarbiya oiladan boshlanadi. Shunday ekan, avvalo, ota-onalarni mutolaaga chorlash lozim, deb bilaman. Bugungi kun oʻquvchisi talab va ehtiyojiga xizmat qiluvchi kitoblarni yaratish borasida mualliflar bilan ishlashga boʻlgan eʼtiborni kuchaytirish kerak. Kitob tannarxini arzonlashtirishning imkoni cheklangan bir paytda uning targʻibotini oshirish, mazmun-mohiyatini tushuntirishga oid tadbirlarni kengaytirish darkor. Eng muhimi, koʻchma kutubxonalar faoliyatini shakllantirish, buning uchun aholi gavjum joylarda xizmat koʻrsatish darajasini oshirish kerak.
Kitob ichida quyoshni asrayotgan sandiqqa oʻxshaydi. Uni salgina ochsangiz ham, zarhal nuridan bahramand boʻlasiz. Shunday ekan, qalblarimizga yorugʻlik olib kiruvchi kitob mutolaasi kundalik mashgʻulotimizga aylanmogʻi shart.
Barnoxon MAMADALIYEVA,
Andijon viloyat axborot-kutubxona
markazi mutaxassisi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring