Qarshi shahrida zamonaviy energiya tejamkor qozonxonalardan foydalanilmoqda

14:18 07 Noyabr 2023 Jamiyat
159 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Qarshi shahridagi markazlashgan holda issiqlik manbai yetkazib berishga moʻljallangan eski qozonxonalarning aksariyati allaqachon ishdan chiqqan va natijada viloyat markazidagi aksariyat koʻp qavatli uylar markazlashgan issiqlik tarmogʻidan uzilib qolgan edi.

Albatta, bugun xonadonlarni individual tarzda isitishga moʻljallangan vositalar bisyor. Ularning aksariyati elektr energiyasi yordamida ishlaydi. Har bir xonadonda ikki-uchtalab bunday qurilmalardan foydalanilishi esa ayni sovuq kunlarda elektr energiyasiga boʻlgan talabning oshib ketishi va natijada tarmoqlarda uzilish paydo boʻlishiga olib kelayotgani ham bor gap. Shunday ekan, muammoni bartaraf etishning eng yaxshi yoʻli aholi xonadonlariga markazlashgan issiqlik manbai yetkazib berish hisoblanadi. Buning uchun esa zamonaviy, tejamkor qozonxonalarni koʻpaytirish kerak.

Ana shunday qozonxonalardan biri Qarshi shahrining Navo mahallasida bunyod etildi.

Tegishli investitsiya dasturi asosida 29,8 milliard soʻm mablagʻ evaziga barpo qilingan ushbu 4-markaziy qozonxona Turkiya va Italiya texnologiyasi asosida jihozlangan.

— Bu qozonxonaning eng asosiy qulayliklaridan biri nihoyatda tejamkorligi hisoblanadi, deydi 4-markaziy qozonxona rahbari oʻrinbosari Abdugʻani Bozorov. — Masalan, xuddi shu quvvatdagi eski qozonxonalar soatiga 900-1000 kub gaz sarfini talab qilsa, buning bir soatlik gaz sarfi 380 kubdan oshmaydi. Barcha tizimlar toʻliq kompyuterlashtirilgan holda boshqariladi. Issiqlikni avvaldan belgilangan darajada ushlab turish imkoni mavjud. Yana bir oʻziga xos jihati, foydalanilgan issiq suv soviy boshlagach yana qozonxonaning oʻziga qaytib keladi va qayta foydalaniladi. Hech qanday kanalizatsiya chiqindilari yuzaga kelmaydi va suv isrofiga yoʻl qoʻyilmaydi.

Abdugʻani Bozorovning qoʻshimcha qilishicha, ayni paytda hududdagi 38 ta koʻp qavatli uyda joylashgan 1520 ta xonadon bilan shartnoma tuzilib, barcha tarmoqlar issiqlik manbai yetkazib berishga shay holga keltirilgan. Yaqin kunlar ichida tizim ishga tushiriladi.

Jahongir BOYMURODOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?