Qamishni “sayratgan” usta
Jahongir BOYMURODOV/“Xalq soʻzi”. Dehqonobodning Navroʻz tantanalari ham togʻliklarning koʻngli, feʼl-atvori kabi kengliklarga oshufta. Bu yerda davlat tadbirlaridan tortib, qishloq va mahallalarning Navroʻz tantanalariga qadar poyonsiz qir-u adirlar bagʻrida, dasht-u dalalarda nishonlanadi. Qishloqdoshlar, mahalladoshlar Navroʻz bayrami bahonasida keng dalada toʻplanib milliy taomlar pishiradi. Kurash, koʻpkari, chillak, arqon tortish kabi oʻyinlar tashkil etadi. Milliy kuy va ohanglar dillarga oʻzgacha tuygʻular baxsh etadi.
Ayniqsa, Dehqonoboddagi Navroʻz sayllari xalqimizning qadimiy sozlari – nay, shulloviq, doʻmbira, chanqovuz-u sibizgʻalarsiz oʻtmaydi. Aksariyat dehqonobodliklar bu sozlarni chalishni bilishadi. Ammo ularni oʻz ustalari chalganida bu mitti sozlar tom maʼnoda “til”ga kirib ketadi.
Dehqonobodning Usmondara qishlogʻida tugʻilib voyaga yetgan Ahmad baxshi Joʻrayev ham sibizgʻa ustasi. Qaysi tadbirga bormasin choʻntagida sibizgʻasi bilan boradi. Yosh-yalanglar darrov uni oʻrab olib, sibizgʻa chalib berishini soʻraydi. Bu yil 65 yoshni qarshilagan Ahmad bobo shu yerdagi xarsanglardan birining ustiga choʻkkalab, oʻtgan kuzda qamishdan oʻzi yasagan sibizgʻasini oladi. Avval “qoʻy qaytarish”, soʻng “qoʻzi mangrash” kuylarini berilib chala boshlaydi. Keng dalani mitti sozning goh mungli, goh oʻynoqi sadosi tutadi.
— Sibizgʻaning boshqa sozlardan farqi, uni faqatgina qamishdan qoʻlda yasash mumkin, — deydi Ahmad baxshi Joʻrayev. — Hech qanday texnologiyalar yordamida bu sozni yasab boʻlmaydi. Yasasangiz-da, ovozi qamishnikidek chiqmaydi. Oʻzim sibizgʻa chalishni ham, uni yasashni ham yoshligimda bobomdan oʻrganganman. Ellik yildan buyon muntazam chalib kelaman. Yaxshi sibizgʻa yasash kishidan katta tajriba, oʻz ishiga boʻlgan mehr va ishtiyoqni talab etadi. Ularsiz bu sozni yasash imkonsiz.
Sibizgʻa yasash qamish tanlashdan boshlanadi. Imkon qadar suvni kam ichgan, yetilib pishgan va kerakli oʻlchamdagi qamish poyasini olib, toza va salqin joyda obdon quritiladi. Qamish toʻliq tayyor boʻlgachgina sibizgʻani yasashga kirishiladi. Usta oʻlchamlarga, ayniqsa, sibizgʻaning “tilini chiqarish”ga juda eʼtiborli boʻlishi kerak. Ozgina hafsalasizlik ham kutilgan ohangni bermaydi.
Ahmad baxshi Joʻrayev chanqovuz, nay chalishni va yasashda ham mohir. U bugun yoshlarga ham xalqimiz milliy madaniyatining uzviy bir boʻlagi boʻlgan bu sozlarni yasash va chalishni oʻrgatib, ularning ohanglarini targʻib qilish va saqlab qolishga oʻz hissasini qoʻshib kelmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Samarqandda YUNESKOning 43-sessiyasiga tayyorgarlik avjida
- Turkiy xalqlarning maʼnaviy yalovbardori
- Oʻz xalqini Siz kabi chin dildan sevadigan davlat rahbarini uchratmadim – “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan
- Rossiya Osiyo grandni magʻlub etdi
- Kambagʻal oilalar farzandlarining toʻgarak xarajatlarining 80 foizgacha qismi davlat byudjeti hisobidan qoplanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring