Qalbaki aksiz markali alkogol va tamaki mahsulotlarining muomalaga kiritilishining oldi olindi

14:48 30 Noyabr 2023 Jamiyat
82 0

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Samarqand shahar, Doʻstlik, Karmana, Sergeli va Parkent tumani boʻlimlari tomonidan bojxona boshqarmasi, IIB va soliq inspksiyasi xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirlarda 5 ta MCHJa qarashli savdo doʻkonlarida hech qanday hujjatsiz qalbaki aksiz markali alkogol va aksiz markasiz taʼmaki mahsulotlari sotuvga qoʻyilganligi aniqlanib, ushbu savdo doʻkonlaridan 72 xil turdagi jami 19 722 dona qalbaki aksiz markali alkogol hamda 1 430 quti tamaki mahsulotlari ashyoviy dalil sifatida olingan.

Shu kabi, Departamentning Qashqadaryo viloyat boshqarmasi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda “Sh.O.” MCHJga qarashli savdo doʻkoni sotuvchisi xaridorga “Shahrisabz” va “Зелёный город” nomli qalbaki aksiz markali alkogol mahsulotini sotgan vaqtida ushlanib, ushbu savdo doʻkonidan 12 xil turdagi 2 111 dona qalbaki aksiz markali alkogol mahsuloti ashyoviy dalil sifatida olingan.

Departamentning Qoraqalpogʻiston Respublikasi boshqarmasi, Toʻrtkoʻl tuman boʻlimi tomonidan IIV xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda esa, Toʻrtkoʻl tumanidagi “Miskin” YPX maskanida fuqaro J.X. boshqaruvidagi “YUTONG” rusumli avtobusda qalbaki aksiz markali 1 200 dona “Qaratau” nomli alkogol mahsulotini Samarqand viloyatida oʻtkazish maqsadida olib ketayotganligi aniqlanib, J.X.ning koʻrsatuviga asosan davom etgan tadbirda fuqaro S.S.ning xonadonidan qoʻlbola usulda tayyorlangan jami 1 356 dona “Qaratau”, “Aktau” va  “Русская водка” nomli alkogol mahsuloti, 12 litr spirt, 450 dona qalbaki aksiz marka va boshqa tovar moddiy boyliklari ashyoviy dalil sifatida olingan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi (qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qogʻozlar yasash, ularni oʻtkazish) va 186-1-moddasi (etil spirti, alkogolli mahsulot va tamaki mahsulotini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish yoki muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?