Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish holati oʻrganildi
2023-yil 12-oktabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qoʻmitasi hamda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qoʻmitasi hamkorligida eshituv oʻtkazildi.
Unda “Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish toʻgʻrisida»gi Qonunning ijro etilishi holati nazorat-tahlil tartibida Qashqadaryo viloyati misolida oʻrganish yakunlari yuzasidan mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlarining axborotlari eshitildi.
Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda aholi va tadbirkorlik subyektlarining qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan keng foydalanishini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, energiya samaradorligini oshirish orqali respublika hududlarida energiya taqchilligi qoplanishini taʼminlash, sohaning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish maqsadida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.
Sohaga oid huquqiy munosabatlarni tartibga solish maqsadida qator qonun hujjatlari qabul qilindi. Xususan, “Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish toʻgʻrisida»gi Qonun bilan qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari, sohani davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish mexanizmlari belgilab berildi.
Shuningdek “Oʻzbekiston – 2030» strategiyasida “Yashil iqtisodiyot”ga oʻtish, uning asosi boʻlgan qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanish koʻrsatkichlarini keskin oshirish borasida ustuvor maqsad va vazifalar aks etdi.
Qoʻmitalar tomonidan Qashqadaryo viloyatida oʻtkazilgan oʻrganishlar mobaynida aholi bilan muloqot qilindi, xonadonlarga, ijtimoiy soha obyektlari hamda tadbirkorlik subyektlari bino va inshootlarida oʻrnatilgan qayta tiklanuvchi manbalari qurilmalarining holati bilan tanishildi.
Qayd etish joiz, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi 2023-yilga moʻljallangan hududlar kesimidagi manzilli dasturlar doirasida Qashqadaryo viloyatida bir qator ishlar amalga oshirilgan.
Nazorat-tahlil tadbirida aniqlanishicha, Qashqadaryo viloyatida elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlari kamligi, shuningdek yildan yilga isteʼmolning oʻrtacha 10 foizga ortib borishi oqibatida kuz-qish davrida 291 mln. kVt.soat elektr energiyasi va 45 mln. kub metr tabiiy gaz defitsiti kutilmoqda.
Viloyatdagi 733 ta ijtimoiy soha obyekti va davlat tashkilotlarida quvvati 7,4 MVt quyosh panellari, 8,3 ming litr suv isitish uchun moʻljallangan geliokollektorlar oʻrnatish belgilangan boʻlib, bugungi kunda 584 ta obyektda 11,6 MVt quvvatli quyosh panellari hamda 62 ming litr suv isitish uchun moʻljallangan geliokollektorlar oʻrnatilgan. Shuningdek, tadbirkorlik subyektlari bino va inshootlariga oʻrnatilishi lozim boʻlgan quvvati 38,7 MVt quyosh panellaridan, amalda 833 ta obyektda quvvati 8,7 MVt quvvatli quyosh panellari oʻrnatilgan.
Yigʻilishda deputatlar tomonidan koʻp qavatli uylarda va davlat idoralarida kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini oʻrnatish borasida belgilangan koʻrsatkichlarni oʻz muddatida ijro etilishini taʼminlash yuzasidan fikrlar bildirildi.
Eshituvda deputatlar qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasiga innovatsion texnologiyalar, ilmiy-texnikaviy ishlanmalarni joriy etish, investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish, davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish lozimligini qayd etdilar.
Shuningdek, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish, shuningdek oʻrnatilgan quyosh panellari boʻyicha aniq hisob-kitoblarni yuritish, ushbu uskunalarga servis xizmati koʻrsatish, panellarni ekspluatatsiya qilish, xavfsizligini taʼminlash chora-tadbirlarini amalga oshirish boʻyicha takliflar berildi.
Eshituvda koʻrilgan masala yuzasidan qoʻmitalarning tegishli qarori qabul qilindi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- “Oltin kuz” II Xalqaro kamer va simfonik musiqa festivali boʻlib oʻtadi
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Mashinada xavfsizlik kamarini taqish mumkin boʻlmagan kasalliklar roʻyxati tasdiqlanadi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring