Telekanallar, radio va ijtimoiy tarmoqlardagi ayrim reklamalarga ishonib qolmang — Raqobat qoʻmitasi ogohlantirish bilan chiqdi

10:26 10 Noyabr 2025 Jamiyat
139 0

Raqobat qoʻmitasi biologik faol qoʻshimchalarni “dori” sifatida taqdim etayotgan reklamalarga ishonmaslikka chaqirdi. Bu haqida qoʻmitaning rasmiy Telegram-kanalida xabar berildi.

Unda aytilishicha, qoʻmita tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari, dori vositalari va biologik faol qoʻshimchalar boʻyicha muntazam nazorat xaridlari amalga oshirilmoqda. Ushbu nazorat natijalariga koʻra, 2023-yilda oʻtkazilgan 397 ta nazorat xarididan 24 tasi sifatsiz deb topilgan. 2024-yilda 560 ta xariddan 95 tasi sifatsizligi aniqlangan. Shuningdek, 2025-yilda 618 ta xariddan 123 tasi talabga javob bermasligi maʼlum boʻlgan.

Hozirga qadar qoʻmitaga oziq-ovqat mahsulotlari, dori vositalari va biologik faol qoʻshimchalar boʻyicha 2 ming 345 dan ortiq murojaat kelib tushgan. Shulardan 337 tasi (14 foizi) biologik faol qoʻshimchalar va oziq-ovqat qoʻshimchalariga taalluqli boʻlgan.

Murojaatlarning aksariyati fuqarolarning telekanallar, radio va ijtimoiy tarmoqlardagi reklamalarga ishonib, biologik faol qoʻshimchalarni xarid qilgani, biroq ularning kutilgan natijani bermagani yoki sogʻligʻiga salbiy taʼsir koʻrsatgani bilan bogʻliqdir.

“Biologik faol qoʻshimchalar dori vositasi hisoblanmaydi va kasalliklarni davolash uchun moʻljallanmagan. Ular faqat organizm faoliyatini qoʻllab-quvvatlash yoki ayrim kasalliklarning oldini olish (profilaktika) maqsadida qoʻllanilishi mumkin. Shuning uchun, har qanday qoʻshimchani isteʼmol qilishdan avval shifokor bilan maslahatlashish shart”, — deyiladi qoʻmita xabarida.

Raqobat qoʻmitasi isteʼmolchilardan biologik faol qoʻshimchalarni “dori” sifatida taqdim etayotgan reklamalarga ishonmaslikni soʻragan.

Shuningdek, “barcha kasalliklarni 1 oyda davolaydi” kabi haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan vaʼdalar — aldov reklamalari ekani ham qoʻshimcha qilingan.

Faqatgina Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan roʻyxatdan oʻtgan, rasmiy sertifikati mavjud mahsulotlardan foydalanish tavsiya etiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер