Ziroat Mirziyoyeva saratonga qarshi kurashayotgan dunyoning eng faol 100 nafar ayoli qatoriga kiritildi

16:28 08 Noyabr 2025 Siyosat
132 0

“OncoDaily” xalqaro platformasi saraton kasalligiga qarshi kurash yoʻnalishida jahon miqyosidagi yetakchi ayollar reytingini eʼlon qildi. Unda Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi xonimi, “Zamin” xalqaro jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Ziroat Mahmudovna Mirziyoyeva “Onkologiya sohasidagi eng nufuzli 100 nafar ayol” roʻyxatidan oʻrin oldi.

Reytingda taʼkidlanishicha, Ziroat Mirziyoyeva bolalarda onkologik kasalliklarni erta aniqlash va davolashga qaratilgan keng miqyosli tashabbuslari, ushbu sohada xalqaro hamkorlikni mustahkamlash hamda ogʻir xastaliklarga chalingan bolalarning yashab qolish darajasini oshirish borasidagi faoliyati bilan alohida eʼtirofga sazovor boʻlgan.

Maʼlumot uchun, 2025-yil sentyabr oyida Birinchi xonim BMT Bosh Assambleyasi doirasida Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) va St. Jude tadqiqot shifoxonasi hamkorligida oʻtkazilgan global forumga raislik qilgan edi. Ushbu tadbir saraton va boshqa xavfli kasalliklarga chalingan bolalarning yashovchanligini oshirish, shuningdek, ularning azob-uqubatlarini kamaytirishga qaratilgan xalqaro harakatni jadallashtirishga xizmat qildi.

Reytingda qayd etilishicha, Ziroat Mirziyoyeva faoliyatida bolalarga tibbiy yordamdan teng foydalanish imkoniyatini yaratish, ayniqsa yashovchanlik koʻrsatkichlari past boʻlgan davlatlarda bu yoʻnalishdagi saʼy-harakatlarni kuchaytirish masalalari ustuvor ahamiyat kasb etadi. U ilgari surgan tashabbuslar orqali Oʻzbekiston bolalar onkologiyasini rivojlantirish borasidagi milliy strategiyalarini 2030-yilga borib bolalarda saratonning yashovchanlik koʻrsatkichini 60 foizga yetkazish kabi global maqsadlar bilan uygʻunlashtirib, mamlakatning jahon sogʻliqni saqlash siyosatidagi nufuzini yuksaltirdi.

Ziroat Mirziyoyevaning mazkur nufuzli roʻyxatdan joy olishi — yuqumli boʻlmagan kasalliklarga qarshi kurashni milliy va global miqyosda kuchaytirish yoʻlidagi shaxsiy hissasiga berilgan eʼtirofdir. Bu, shuningdek, Yangi Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar samaradorligining yana bir tasdigʻi boʻlib xizmat qiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер