Prezident Javohir Sindorovni Jahon kubogidagi gʻalabasi bilan qutladi

18:23 26 Noyabr 2025 Siyosat
361 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Olimpiya shaharchasidagi stadionda davlatimiz rahbari ishtirokida “Prezident olimpiadasi” musobaqasining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtmoqda. Shavkat Mirziyoyev ushbu musobaqa ochilishida nutq soʻzlayotib, shaxmat boʻyicha Jahon kubogida gʻalaba qozongan Javohir Sindorovni tabrikladi.

“Mana menga yangi xushxabar keldi. Hozirgi daqiqalarda yana bitta xushxabar: 19 yashar vatandoshimiz Javohir Sindorov Hindistonda oʻtayotgan jahon kubogining gʻolibi boʻldi. Javohir finalda xitoylik Vey Ini yutib, 2026-yildagi Jahon chempionatining chempionligiga daʼvogar boʻldi. Hamma aytgan gaplarimizning tagida zamin borligidan yana bitta dalil desak va Javohir qahramonimizni yana bir marta olqishlasak”, dedi Prezidentimiz.

Darhaqiqat, oʻzbekistonlik 19 yoshli grossmeyster Javohir Sindarov ana shunday tarixiy marrani zabt etdi. U Hindistonning Goa shahrida oʻtkazilgan FIDE Jahon kubogi – 2025 finalida gʻalaba qozonib, dunyo shaxmat taxtining yangi chempioniga aylandi.

Final bahsida Sindarov Xitoy vakili Vey I bilan hal qiluvchi duelga chiqdi va qora donalarda ishonchli oʻyin namoyish etib, raqibini magʻlubiyatga uchratdi. Shu tariqa, u Jahon kubogining bosh sovrini 120 ming AQSh dollari miqdoridagi mukofotni qoʻlga kiritdi. Eng muhimi, bu gʻalaba unga 2026-yilgi Nomzodlar turniriga rasmiy yoʻllanmani ham taqdim etdi. Bu shaxmat olamida eng yuksak marralardan.

Shuningdek, Javohirning ushbu natijasi Oʻzbekiston shaxmat maktabining kuchini yana bir bor isbotladi. Qayd etish joizki, bundan 21-yil avval Rustam Qosimjonov ham Jahon kubogi sohibi boʻlib, tarixga kirgan edi. Bugun esa Javohir Sindarov ana shu faxrli anʼanani davom ettirdi.

Murosasiz bahslarda kechgan oʻyinga qisqacha toʻxtalmasak boʻlmaydi. Tay-brekning birinchi partiyasida Vey I 30-yurishda jiddiy xatoga yoʻl qoʻydi. Biroq vaziyat murakkab boʻlgani bois, Javohir yutuqqa eltuvchi yagona variantni darhol topa olmadi va partiya durang bilan yakunlandi. Shunga qaramay, asosiy qarama-qarshilikda Sindarov oʻzini qoʻlga oldi, raqibining zaif nuqtalarini topdi va qatʼiyat bilan gʻalabani qoʻlga kiritdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер