Polvonlar yurtidan nega zoʻr bokschilar chiqmayapti?

15:37 23 Avgust 2024 Jamiyat
281 0

Jahongir BOYMURODOV/“Xalq soʻzi”. Bugun mamlakatimizda eng rivojlangan sport turlaridan biri boks hisoblanadi. Bu bokschilarimizning XXXIII yozgi Olimpiya oʻyinlarida qayd etgan yuksak natijalariga qarab aytilayotgan fikr emas. Yurtimizdan koʻplab nomdor bokschilar yetishib chiqqan.

Darhaqiqat, soʻnggi yillarda hukumatimiz tomonidan iqtidorli yosh bokschilarni aniqlash, tanlash va saralash, musobaqalarga yuqori darajada tayyorlash borasida katta hajmdagi ishlar amalga oshirilmoqdaki, natijada oʻzbek boksining shiddati yanada oshib borayapti. Bugun havaskor va professional boksda bir emas, oʻnlab sportchilarimiz oʻz vazn toifalarida dunyoning eng kuchli bokschilari safida eʼtirof etilayotgani fikrimiz dalili.

Eʼtiborga molik jihati, ushbu bokschilarning aksariyati Buxoro, Toshkent, Xorazm hamda vodiy boks maktablarida kamol topgan. Demakki, ushbu hududlarda bu boradagi ishlar toʻgʻri yoʻlga qoʻyilgan. Natijalar ham shunga yarasha boʻlmoqda. Biroq ayrim viloyatlardan soʻnggi chorak asr davomida birorta ham nomdor bokschi chiqqani yoʻq. Vaholanki, ushbu hududlarda ham yetarli shart-sharoitlar yaratilgan. Yuzlab murabbiylar yoshlarni boks bilan shugʻullantirmoqda. Lekin negadir natijalar kutilganidek emas.

Misol uchun, Qashqadaryo viloyatini olaylik. Azal-azaldan polvonlar yurti sifatida nom taratgan vohadan soʻnggi 15-20-yil davomida oʻz vaznida yaqqol yetakchi boʻlgan birorta ham bokschi yetishib chiqmadi. Xoʻsh, nega? Nima uchun Qashqadaryoda boks bilan shugʻullanayotgan yoshlar koʻpu natija maqtanarlik emas?

Viloyatdagi boks maktablari, toʻgaraklar faoliyatini oʻrganish jarayonida murabbiylar, mutasaddilar, sportchi yoshlarning fikrlarini eshitdik. Soʻnggi yillarda qashqadaryolik yosh bokschilar qatnashgan musobaqalar, qoʻlga kiritilgan yutuqlar bilan qiziqdik.

Taʼkidlash joiz, 2010-yildan buyon qashqadaryolik bokschilar erishgan eng yorqin natija kitoblik Rayhona Qodirovaning “Tokio — 2020” yozgi Olimpiya oʻyinlaridagi ishtiroki ekan.

Haqiqatan oʻsha Olimpiya oʻyinlarida 60 kilogramm vazn toifasida ringga chiqqan Rayhona juda chiroyli janglar oʻtkazgan, ammo chorak finalda braziliyalik Beatriz Ferreyraga imkoniyatni boy berib qoʻygan edi.

75 kilogramm vazn toifasida ringga chiqadigan yana bir bokschi qiz – Mavluda Mavlonova 2021-yilda harbiylar oʻrtasida oʻtkazilgan jahon chempionatida shohsupaning eng yuqori pogʻonasiga koʻtarilgan.

Oʻgʻil bolalar oʻrtasida 71 kilogramm vazn toifasida ringga chiqadigan iqtidorli bokschi Azizbek Tojiyevning natijalari ham yomon emas. U bir necha bor Oʻzbekiston chempioni. 2022-yilda Toshkent shahrida boks boʻyicha 22 yoshgacha boʻlgan yigit va qizlar oʻrtasida oʻtkazilgan Osiyo chempionatining oltin medalini qoʻlga kiritgan. Bugungi kunda koʻpchilik murabbiylar Azizbek Tojiyevning imkoniyatlarini yuqori baholamoqda.

— Parij shahrida boʻlib oʻtgan Olimpiya oʻyinlariga yoʻllanma olishim mumkin edi, — deydi u. — Shuning uchun koʻp harakat qilgandim. Biroq bir yil avval salomatligim pand bergani tufayli davolanishimga toʻgʻri keldi. Qabul qilgan dorilarim tarkibida boksda taqiqlanadigan modda bor ekan. Buni bilmaganman. Oʻtkazilgan “dopping” testida shu narsa maʼlum boʻlgach, 2025-yilga qadar diskvalifikatsiya qilindim. Hozir Qozon shahrida mashgʻulotlarni davom ettirayapman. Kelgusida olimpiada va jahon chempionatlarida yuqori natijalarni qoʻlga kiritishni maqsad qilganman.

Bundan tashqari, qashqadaryolik bir nechta bokschilar turli yillarida boʻlib oʻtgan jahon va Osiyo chempionatlarida ikkinchi, uchinchi oʻrinlarni qoʻlga kiritishga muvaffaq boʻlgan. Koʻp marta Oʻzbekiston chempioni boʻlgan yigit-qizlar bor.

Albatta, ushbu natijalar ham oson qoʻlga kiritilmagan. Ularning ortida sportchilar va murabbiylarning yillar davomida qilgan mehnati, chekkan mashaqqatlari natijasi mujassam. Biroq bugungi kunda viloyatdagi faqat davlat tomonidan moliyalashtiriladigan sport muassasalarining oʻzida 45 nafar murabbiy yoshlarni boks bilan shugʻullantirayotgani, 2 ming 400 nafarga yaqin yoshlar muntazam mashgʻulotlarda ishtirok etayotganini inobatga olsak, bu ancha kamnamo koʻrsatkichlar ekani ayonlashadi.

— Toʻgʻri, natijalarimiz maqtangulik emas, — deydi Oʻzbekiston boks federatsiyasi Qashqadaryo viloyati boʻlimi ijrochi direktori Jahongir Annayev. — Bu koʻp yillar davomida viloyatda ushbu sport turiga eʼtibor qaratilmagani, hududda sport musobaqalari tizimli tashkillashtirilmagani bilan bogʻliq. 2021-yilda Qarshi shahar hokimi Normoʻmin Xolboyev Oʻzbekiston boks federatsiyasi Qashqadaryo viloyati boʻlimi raisi, men esa ijrochi direktori etib tayinlangan edim. Oldimizga viloyatda boks sport turining darajasini koʻtarish vazifasi qoʻyilgan. Hozir butun kuch va imkoniyatlarni ishga solib, shunga harakat qilyapmiz. Bu borada bir qator natijalarga erishyapmiz ham. Masalan, 2021-yilda Qashqadaryo viloyati mamlakatimiz hududlari ichida boks sport turidagi umumiy koʻrsatkichlar boʻyicha 13-oʻrinda edi, hozir 8-oʻringa koʻtarildik. Yanada koʻtarilamiz. Bunga imkoniyatimiz ham, salohiyatimiz ham yetadi.

Jahongir Annayevning aytishicha, yosh bokschilarning rivojlanishi, toblanishi uchun eng avvalo haqiqiy ring, kuchli musobaqalar, kuchli sparring raqiblar kerak. Koʻp yillar davomida viloyatda bunday musobaqalar oʻtkazilmay qoʻygan edi. Soʻnggi yillarda esa Qashqadaryoda ham nufuzli boks turnirlarini tashkil etish anʼana tusini olmoqda. Bu musobaqalar koʻplab umidli sportchilarni kashf etib bermoqda. Yaqin yillar ichida Qashqadaryodan ham katta ringlarni zabt etadigan kuchli bokschilar yetishib chiqa boshlaydi.

Aslida bizni bu borada mulohazaga, tahlilga chorlagan narsa ham shu — viloyatda ham boksning rivojlanishi, qashqadaryolik yoshlarning dunyo ringlarini zabt etishi istagidir. Zero, yurtimizda ushbu sport turining yanada rivojlanishi, yanada yuksalishi uchun barcha hududlardagi boks maktablari ham birdek faollik koʻrsatishi zarur.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер