Polvonlar qachon maydonga tushadi?

14:55 19 Fevral 2025 Jamiyat
84 0

Temur ESHBOYEV/“Xalq soʻzi”. Navbahorlik Mamay polvon Xidirovning kurashdagi shuhrat choʻqqisi oʻtgan asrning oʻttizinchi yillariga toʻgʻri kelgan. Qishloqda birinchi traktorni boshqargan polvonning boʻyi ikki metr atrofida boʻlib, toʻy-u maʼrakalardagina kurash tushgan. Fursati yetgach, ortiqcha chiranmay davrani tark etgan, yaʼni kurash bilan xayrlashgan. Shu bois Mamay polvon yengilganini hech kim eslay olmaydi. Eslaganlari biroz lofga oʻxshasa-da haqiqatdan yiroq emas.

— Mamay kuchli polvon boʻlgan, traktor bilan yer haydayotib, kuchi yetmay qolsa, tushib traktorga yordam berarkan, — deya xotirlaydi uchtutlik sanʼatshunos Hamidjon Hotamov. — Tekis joyda ham traktorni itarib, oʻt oldirib olar, otlarni bir tortganda toʻxtatib qoʻyarkan.

Tabiiyki, bu kabi hangomalardan soʻng Alpomishdek epik qahramonlarimiz shunchaki toʻqima emas, balki real hayot haqiqatimikin, degan oʻyga borasan, kishi.

Oqqan daryo oqaveradi. Keyinchalik Mamay polvonning yurtdoshlari — navoiylik sportchilar qilichbozlik, badiiy gimnastika va basketbol, suv sporti kabi turlarida oʻz maktablarini yaratishib, mamlakat milliy terma jamoasida safida ular muqim oʻringa ega boʻlishgan. Bugun-chi?..

Bugun navoiyliklar dzyudo boʻyicha jahon chempioni, Tokio olimpiadasining bronza medali sovrindori Davlat Bobonov, paralimpiya oʻyinlarining uch karra gʻolibi Husniddin Norbekovga muxlislik qilishadi. Afsuski, haqli ravishda, deyishga biroz til aylanmaydi. Sababi ular aslida Navoiy viloyatida tugʻilib voyaga yetgan boʻlsa-da, bugungi kunda turli viloyatlarda musobaqa va turnirlarga tayyorgarlik koʻrib yuksak marralarni zabt etmoqda.

Ot minganniki, deb xalqimiz bejiz aytmagan. Davlat Bobonov 2022-yil dzyudo boʻyicha jahon chempionati gʻolibligini qoʻlga kiritganida, u tugʻilgan Chuya qishlogʻida kutib olish tantanalari haqiqiy bayramga aylanib ketdi. Nurotadan rahbariyat bilan birga karnay-surnay, folklor dastalari, quchoq-quchoq gul tutgan atlas koʻylakli qizlar kelishdi. Oʻyin-kulgi, raqslar, butun qishloq ahliga bir olam quvonch tuhfa etdi. Afsuski, chempion Navoiy sharafini himoya qilganida, bu quvonch va shodlik tugallik kasb etgan boʻlardi.

Toʻgʻri, masalaning unchalik ham taassuflanadigan joyi yoʻq. Vatan bitta, sportda erishilgan har bir yutuqdan gʻurur ulgʻayib, tashvishlar baham koʻriladi. Gap hozir sportchining sarguzasht emas, mutasaddilarning sohaga eʼtiborsizligi tufayli munosib tayyorgarlik koʻrish istagida oʻz hududidan tashqariga chiqib ketganligi xususida bormoqda.

— Kechagidek esimda 2015-yilning yozi edi, — deydi Navoiy viloyati olimpiya va paralimpiya markazi murabbiysi Toʻymurod Adizov. — Qoʻshni viloyatning erkin kurashdan umidli sportchisi telefon qilib Toshkentga ketayotganligini aytib qoldi. Yoʻl-yoʻlakay bir piyola choyga taklif etdim.

Dasturxon atrofidagi suhbatda uning Rio olimpiadasiga tayyorgarlik koʻrish uchun poytaxtga ketayotganligi maʼlum boʻldi. Unga Navoiyda tayyorgarlik koʻrishni taklif etdim. Oʻz uyimga roʻyxatdan oʻtkazib, tayyorgarlikni boshlab yubordik.

Ixtiyor Navroʻzov navoiyliklarga 2016-yil Rio de Janeyro olimpiadasining bronza medalini tortiq qildi. Asli navoiylik Husniddin Norbekov oʻsha yili paralimpiya oʻyinlarining oltin medalini qoʻlga kiritdi. Keyinchalik u Tokio va Parijda ham oʻz yutuqlarini takrorlab, paralimpiya oʻyinlarida oʻzi oʻrnatgan rekordlarini bir necha bor yangiladi. Bugun H. Norbekov poytaxtda navbatdagi turnir va musobaqalarga tayyorgarlik koʻrib, koʻplab shogirdlar ham tayyorlamoqda.

— Sportchi qayerda tayyorgarlik koʻrmasin, gʻoliblikni qoʻlga kiritganida Vatanimiz madhiyasi yangrab, bayrogʻimizning baland hilpirashi koʻnglimizni togʻdek koʻtaradi, — deya davom etadi T. Adizov. — Dunyo Oʻzbekistonni taniydi, millatimiz oʻgʻlonining matonati, mahorati va mustahkam irodasiga tan beradi. Bunga har bir hudud albatta, oʻz hissasini qoʻshishi kerak. Prezidentimiz XXXII yozgi Olimpiya oʻyinlarida ishtirok etgan sportchi va murabbiylar bilan uchrashuvda: “Xorijdan legionerlar emas, yetuk mutaxassislarni va sportchilarni tayyorlash metodikasini olib kelish kerak”, deganlarida oʻzimizning alpkelbat oʻgʻlonlarimizni, barchinoy qizlarimizni mahoratli sportchi qilib tarbiyalash, sinovlarda toblash, iqtidorini namoyon etishga shart-sharoitlarni yaratish vazifalarini ilgari surgan edi.

Shu kunlarda futbolchi Abduqodir Husanovning ismi sharifi ingliz, fransuz, ispan va nemis tillarida tez-tez yangrab, “Oʻzbekiston” va “oʻzbek” soʻzlari bilan qoʻshib tilga olinmoqda. Chindan ham sportchi qayerda muvaffaqiyatga erishmasin, oʻz yurtida sportga qaratilgan eʼtibor samarasini ifoda etadi.

Mamlakatimiz rahbari olimpiya va paralimpiya harakatini yanada rivojlantirish, ommaviy sportni yangi bosqichga olib chiqish hamda aholi jismoniy faolligini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida hududlarda mavjud salohiyatlar toʻliq ishga solinmayotgani, bu borada rahbarlar masʼuliyatni umuman his etmayotganligini qayd etdi. Xususan, oʻtgan yili olimpiya sport turlari boʻyicha jahon chempionatlarida Navoiy, Surxondaryo va Qashqadaryo sportchilari birorta ham medal olmaganligini tanqid qilarkan, yondashuvlarni oʻzgartirib, yoshlarni sportga tayyorlash, bu borada seleksiya ishlarini yaxshilash, iqtidorli sportchi va murabbiylarni ragʻbatlantirish boʻyicha mutlaqo yangi tizim yaratish zarurligi vazifalarini belgiladi.

Mazkur vazifalar ijrosi boʻyicha Navoiy viloyatida soha mutasaddilari, sport federatsiyalari rahbarlari hamda homiylar ishtirokida kengaytirilgan yigʻilish oʻtkazilib, unda hududda sport, ayniqsa, uning olimpiya sport turlariga eʼtibor qaratish boʻyicha kechiktirib boʻlmas chora-tadbirlar belgilandi. Viloyatda salohiyatli yoshlarimiz koʻp ekanligi taʼkidlanib, bunga kuni kecha Abu Dabidagi jahon chempionatida uch nafar maktab oʻquvchisining yakka kurashlarda oltin medalni qoʻlga kiritganligi misol sifatida keltirildi. Ularga munosib shart-sharoitlar yaratish orqali mamlakatimiz dovrugʻini yoyishga hissa qoʻshish har bir hudud uchun sharaf ekanligi taʼkidlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер