Partiyalarku bir narsani doʻndirib qoʻymagan, tushunsa boʻladi, lekin, Prezident tomonidan juda koʻp oʻzgarishlar qilindi — Alisher Qodirov

15:48 03 Fevral 2021 Jamiyat
2325 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2-fevral kuni mamlakatimizdagi siyosiy partiyalar rahbarlari bilan uchrashgan edi.

Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi Alisher Qodirov mazkur uchrashuv haqida oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi. 

Qodirovning fikricha, davlat rahbari bilan mazmunli, juda foydali, samimiy va tom maʼnoda ochiq muloqot boʻlgan.

«Partiyalar jamiyatda oʻz soʻzi va ovoziga ega boʻlaolmayapdi. Ishonchni qozonaolmayapmiz. Prezidentga ochiq aytdik: sizning tashabbusingiz bilan boshlangan yangi Oʻzbekiston islohotlariga 4 yil boʻldi. Parlament oʻzgardi, partiyalar oʻzgardi, lekin xalqimiz ishonchini qayta qozonish oson boʻlmayapti.

Partiyalarku bir narsani doʻndirib qoʻymagan, tushunsa boʻladi, lekin, Prezident tomonidan qisqa vaqt ichida xalq manfaatlari uchun juda koʻp oʻzgarishlar qilindi, juda katta siyosiy iroda koʻrsatildi, shunda ham Prezidentga tuhmat qilayotgan, qarorlaridan kir qidirayotgan, hamma muammolarni bir kunda hal boʻlib qolishini talab qilayotganlar bor. Qoʻlini qoʻliga urmasdan farovon turmushni hukumatdan tayyor kutayotganlar ham kam emas. Bu esa mamlakatda iqtisodiy oʻsish va inson erkinliklarini taʼminlash bilan bir qatorda dunyoqarash va tafakkurni oʻzgartirishdek muhim masalani ham kun tartibiga qoʻyadi.

Inson oʻzgarmasa jamiyat oʻzgarmaydi! Bugungi oʻzgarish davrini xalqimiz yuzlab yil kutdi. Oʻzbek xalqini gapirish u yoqda tursin boshini koʻtarishga qoʻyishmadi. Xalqimizni avomga aylantirish, yoʻq qilib yuborishga harakatlar qilindi. Bugungi islohotlar Prezidentning irodasi bilan yuzaga keldi va u tariximizda milliy uygʻonish davri sifatida muhrlanadi. Bu davr milliy taraqqiyotimiz uchun imkoniyatdir. Lekin, imkoniyat barakadek tinchliksevar boʻladi, gʻiybat, tuhmat, haqoratlar bilan uni koʻkka sovurilgan joydan ketib qoladi.

Xatolarni hech kim yashirmayapti, ularni tuzatishga hissa qoʻshaylik. Zero, muvaffaqiyat hammamizniki boʻlgani kabi inqiroz ham har birimizni dasturxonimizga kelib tushadi. Oʻzbekiston oyoqqa turayapdi, kamchiliklarimizni kamaytirib, yaxshiliklarimizni koʻpaytirib, bir-birimizga dalda boʻlib Vatanimizni rivojlantiraylik. Muammolarimiz kecha paydo boʻlib qolmagan, bir harakat bilan ertaga hal boʻlib ham qolmaydi. Hamma harakat qilayapdi, qilolmaganlar qatordan tushib qolayapdi. Yaxshi niyatli vatandosh bunday holatda dalda beradi, qoʻllaydi. Dargʻazab tuhmat va buzgʻunchi shovqin holimizni zaiflashtirib, gʻalabani uzoqlashtiradi.

“Milliy tiklanish” partiyasi barcha vatandoshlarni bir tan-u bir jon boʻlib mamlakatdagi oʻzgarishlarda faol ishtirok etishga chaqiradi.

Har birimiz oʻzgarishlarni oʻzimizdan boshlaylik», deya yozdi Alisher Qodirov.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер