Paxtachilik kengashi toʻrtta viloyatda chigit ekish ishlari monitoringini oʻtkazdi
Foto: Халқ сўзи
Joriy yilning 24-25-mart kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Paxtachilik kengashi raisi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov Paxtachilik kengashi va 13 ta tuman ishchi guruhlari aʼzolari ishtirokida dalalarga chigit ekish holatini oʻrganish maqsadida qator obyektlarni koʻzdan kechirdilar. Paxtachilik kengashi raisi boshchiligidagi ishchi guruh Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumani, Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumani, Samarqand viloyatining Narpay tumani hamda Navoiy viloyatining Navbahor tumaniga borib, monitoring oʻtkazdi.
Taʼkidlash joizki, Prezident huzuridagi Paxtachilik kengashi hosildor va ertapishar gʻoʻza navlarini respublikamiz hududlari kesimida koʻpaytirish va ekishni har bir klaster boʻyicha belgilab beradi, iqlim va harorat oʻzgarishlariga mos boʻlgan oʻgʻitlash sxemasini ishlab chiqadi, gerbitsid va pestitsidlar qoʻllashni tartibga soladi, zararli hasharotlarga qarshi kurashish boʻyicha har bir hududga mos agrotexnologiyalarni ishlab chiqadi.
Kengash va ishchi guruhi aʼzolari dastavval Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumanidagi «TST agro cluster” MCHJga qarashli Ketmontepa paxta qabul qilish punkti hududida joylashgan urugʻlik chigitlarni tuksizlantirish va dorilash sexida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Urugʻlik materiali tayyorlash, chigitlarni dorilash holati, dala maydonlariga yetkazib berish tartibi oʻrganildi. Bunda urugʻlik sexida 5 ta paxta naviga ishlov berilayotgani tanqid qilinib, jarayonni urugʻlik chigiti qayta ishlashning standart talablariga muvofiqlashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi. Bevosita dalalarga ekishga tayyorlab qoʻyilgan chigitlar oʻrganilganida, ular tarkibida sifatsiz urugʻlar mavjudligi, urugʻ materialining hajmi turlicha ekani aniqlandi va sifatsiz chigitlarni olib tashlash hamda sifatli chigitlarni ekish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Klaster paxta dalalarining joriy holati va ayni paytda chigit ekilayotgan paxta maydonlari ham oʻrganildi. Xususan, namunaviy maydon sifatida alohida tanlab olingan konturda yuqori hosildorlikni taʼminlashga oid koʻrilayotgan agrotexnik tadbirlar muhokama qilindi.
Shundan soʻng ishchi guruh Sirdaryo viloyatining 40 tonna chigitni qayta ishlash quvvatiga ega boʻlgan “Poly Tex Sirdayo” klasteri faoliyati bilan tanishdi. Klasterlar va fermer xoʻjaliklari ekin maydonlaridan yuqori va sifatli hosil olish uchun qishloq xoʻjalik ekinlari hamda hosildor, turli kasalliklarga va qurgʻoqchilikka chidamli sara navlardan urugʻliklar tayyorlash bugungi kunning dolzarb masalasidir. 2022-yilning may oyida Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan moliyalashtirilgan yangi navlar urugʻchiligini tashkil etish va paxta-toʻqimachilik klasteriga joriy qilishga qaratilgan loyiha bugunga kunda oʻz samarasini berib, urugʻ qayta ishlovchi zamonaviy korxona oʻz faoliyatini olib bormoqda.
25-mart kuni esa Paxtachilik kengashi tomonidan Samarqand viloyatining Narpay hamda Navoiy viloyatining Navbahor tumanlarida sayyor yigʻilish tashkil etildi. Unda, Paxtachilik kengashi aʼzolari Narpay tumanidagi “Maroqand sifat” hamda Navbahor tumanidagi “Navbahor tekstil” paxta-toʻqimachilik korxonasiga tashrif buyurib, u yerdagi jamgʻarilgan urugʻlik chigitni ekinga tayyorlashda Kengash tomonidan berilgan koʻrsatma va tavsiyalar asosida amalga oshirilishi hamda chigit ekish ishlarining toʻgʻri tashkil etilishi, jumladan mineral oʻgʻitlarning qoʻllanishi yuzasidan oʻrganish oʻtkazildi.
Kengash aʼzolari va uning ushbu hududlardagi ishchi guruh aʼzolari chigit ekilayotgan paxta maydonlari bevosita joyiga chiqqan holda oʻrgandilar. Paxta ekiladigan maydonlar chetlaridan unumli foydalanish maqsadida tut, uzum koʻchatlari, zararkunanda hasharotlardan himoya qilish bilan birga qoʻshimcha daromad olishga qaratilgan moychechak, sarimsoqpiyoz, qovoq hamda boshqa ekinlarni ekish yuzasidan koʻrsatmalar berildi.
Shuningdek, Paxtachilik kengashining yangi tizim joriy etiladigan mazkur tumanlaridagi biolaboratoriyalar faoliyati bilan tanishilib, ularni bugungi kun talabiga muvofiq qayta qurish yuzasidan tavsiyalar berildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring