Paxtachilik iqtisodiyotning erkin tarmogʻiga aylanmoqda

13:27 16 Avgust 2024 Siyosat
163 0

Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari Alisher Shukurov bilan suhbat.

Davr shiddatkor. Bugungi yangilanishlar aqlni shoshirib qoʻyyapti. Yurtimizda kechayotgan hayotiy islohotlar esa mamlakatni, odamlarni va yurt jamolini shunchalik oʻzgartirib yubordiki, ertaga emas, bugun yaxshi yashash kerak degan tamoyil tom maʼnoda oʻzini oqlay boshladi. Ammo tan olish kerak, globallashuv jarayoni, dunyodagi turli ziddiyatlar, iqlim oʻzgarishi, oziq-ovqat yetishmovchiligi, choʻllanish, qurgʻoqchilik va degradatsiya kabi xavf-xatarlar yangi-yangi innovatsiyalar ustida bosh qotirishga undamoqda. Bunga albatta, suv taqchilligi, iqlim oʻzgarishi kabi omillar sababchi boʻlmoqda. Bu kabi muammolar girdobida esankirab qolishga hech kimning haqqi yoʻq. Chunki hamma narsaning ham yoʻlini topsa boʻladi. Yurtimiz misolida aytadigan boʻlsak, imkoniyatlarimiz koʻlami juda keng va undan samarali foydalansak, albatta, marra bizniki.

Paxtachilik mamlakatimizda yetakchi tarmoqlardan biri hisoblanadi. Keyingi yillarda bu sohada katta oʻzgarishlar yuz berdi. Klaster tizimi yoʻlga qoʻyilgani esa nafaqat hosildorlikni oshishiga, balki tolani hammasini oʻzimizda qayta ishlash imkoniyatini yaratdi. Bugun esa yangi navlar yaratish, xorijiy serhosil paxta navlarini ekib, oʻzimizda tajriba oʻtkazish, xullas, har gektar yerdan olinadigan hosildorlikni ikki karra oshirishdek, vazifalar qoʻyilmoqda. Bu yoʻnalishda olib borilayotgan tadqiqot va izlanishlar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari Alisher Shukurov fikrlari bilan qiziqdik.

— Alisher Neʼmatullayevich! Majburiy mehnatga chek qoʻyilganidan soʻng “endi paxtani kim teradi?” degan hadik ham paydo boʻlgandi. Endilikda gʻoʻzani mashinabop qilib oʻstirish, buning uchun xorij tajribasidan foydalanish, chet el paxta navlarini olib kelib ekish ishlariga eʼtibor qaratilyapti. Ayting-chi, xorij navlari agrotexnologiyasini oʻzimizda oʻzlashtirishga qanday eʼtibor qaratilmoqda?

— Gapingiz rost, oʻsha yillari paxtachilik oʻquvchi, oʻqituvchi, tibbiyot xodimi, talaba, qoʻyingki, byudjetdan maosh oladigan barcha tashkilot va korxonalarning “tajriba maydoni”ga aylanib qolgandi. Odamlarning koʻziga paxta xuddi olovdek koʻrinardi. Paxtadan qoʻrqishardi, undan qochishardi. Lekin terimga chiqmagan, qochgan talaba oʻqishdan, xodim ishdan haydalardi. Alal-oqibat oʻquvchi, talaba savodsiz, xodim ishga layoqatsiz boʻlib, jamiyatni inqiroz boʻsagʻasiga olib kelgan edi. Nega bunday deyapman, negaki, paxtaga yotalay ketgan yoshlar kitob oʻqishdan, teatrga borishdan yoki muzeylarga sayohat qilishdan mosuvo boʻlishardi. Eng achinarlisi, yoshgina bolalarni turli kasallikka chalinishga giriftor qilardik. Bugun paxtani kim teryapti? Asosan koʻngillilar, lekin yaxshi haq evaziga ishlayapti. Maqsad — paxtaning asosiy qismini mashinalarda terib olishga qaratilgan. Buning uchun esa gʻoʻzani mashinabop qilib oʻstirish ustida ish olib borilmoqda.

Bir gektar paxta maydoniga biz qancha xarajat qilayotgan boʻlsak, xorijda ham shunday. Ammo chet elda bizdagidan koʻra, ikki karra koʻp hosil olinmoqda? Nega shunday? Yerimiz unumdor boʻlsa, dehqonlarimiz tajribakor. Gap navda, uning serhosilligida. Shuning uchun Prezidentimiz tavsiyasi bilan xorij navlarini oʻzimizda sinab koʻryapmiz. Xitoydan paxtachilikda ilgʻor sanalgan 15 dan ortiq kompaniyadan 18 xil nav 2,4 ming tonna urugʻlik chigit olib kelib ekildi. Agrotexnik tadbirlarni qoʻllash, ilmiy asoslangan tavsiyalar ishlab chiqish uchun xorijdan mutaxassislar jalb etildi. Ilmiy-innovatsiya yoʻnalishi haqida aytadigan boʻlsam, Oʻzbekiston paxta seleksiyasi, urugʻchiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy tadqiqot instituti tomonidan Xitoy paxtachilik ilmiy tadqiqot instituti bilan hamkorlikda Oʻzbekiston—Xitoy paxta chigitlarini namunalarini almashish boʻyicha loyiha amalga oshirishmoqda. Uning negizida 500 ming dollar miqdoridagi kolleksion va seleksion namunalarni almashish boshlangan.

— Paxta xomashyosiga davlat buyurtmasini bekor qilinishi, qatʼiy narx belgilash amaliyotidan voz kechilishi, bozor munosabatlariga mos klaster tizimining tashkil etilishi fermerlar manfaatdorligini oshishiga xizmat qilyaptimi?

— Bilasizmi, ilgari fermerlar yetishtirilgan paxtani davlatning oʻzi terib oladi, degan tushuncha bilan yashagan. Chunki ularda manfaatdorlik kam edi. Paxtaning xarid narxi qilingan xarajatga qaramasdan belgilangan. Fermer dala chetiga bogʻlagan bir-ikkita qoramoli yoki gʻoʻzapoyasidan daromad olgan, xolos. 2023-yil 26-yanvarda Prezidentimizning “Paxta xom ashyosi yetishtiruvchilar faoliyatini yanada qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori va shu kabi koʻplab qarorlarda paxta-toʻqimachilik klasterlari va fermer xoʻjaliklari oʻrtasida oʻzaro manfaatli munosabatlarni yoʻlga qoʻyish, paxta xomashyosini yetishtiruvchi va uni qayta ishlovchi korxonalar faoliyatining samaradorligini yanada oshirish choralari belgilab berildi. Shuningdek, paxta xomashyosiga davlat buyurtmasini bekor qilinishi, qatʼiy narx belgilash amaliyotidan voz kechilishi, sohada xoʻjalik yuritishning bozor munosabatlariga mos yangi klaster tizimini joriy etilishi, paxta yetishtiruvchi va xarid qiluvchilar oʻrtasida shartnomaviy munosabatlarni takomillashtirilishi mahsulot yetishtiruvchilar va xarid qiluvchilarning moddiy manfaatdorligini oshirdi.

Paxta hosildorligini oshirish boʻyicha yangi tizimni joriy qilish, paxta yetishtirishda ilm va innovatsiyalarga asoslangan urugʻchilik, nav tanlash, yerga ishlov berish, oʻgʻitlash, sugʻorish ishlarini yoʻlga qoʻyish orqali paxta-toʻqimachilik sohasida eksport hajmlari va daromadni oshirish maqsadida Prezidentimizning 2022-yil 7-iyuldagi “Paxta hosildorligini oshirish, paxta yetishtirishda ilm va innovatsiyalarni joriy qilishning qoʻshimcha tashkiliy chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Paxtachilik kengashi tashkil etildi.

Sohada zamonaviy agrotexnologiyalarni qoʻllash va urugʻchilik tizimiga erkin bozor mexanizmlarini joriy etish orqali hosildorlikni keskin oshirish, paxta xomashyosini yetishtirishda ilmiy-innovatsion yondashuvlarni qoʻllashni kengaytirishga eʼtibor qaratilmoqda. Shu maqsadida Prezidentimizning 2023-yil 15-dekabrdagi “Paxtachilikda urugʻchilik tizimini rivojlantirish hamda paxta hosildorligini oshirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan 2024-yil 1-yanvardan boshlab tajriba-sinov tariqasida yuqori hosildor xorijiy gʻoʻza navlari va duragaylarini respublikaga olib kirish hamda paxta-toʻqimachilik klasterlari va fermer xoʻjaliklari tasarrufidagi paxta ekiladigan 96,1 ming gektar maydonlarning 10 foizigacha joylashtirishga ruxsat berildi.

— Ammo, yer, iqlim har xilda. Bizning iqlimga mos keladigan navlarni topish oson boʻlmagandir?

— Toʻgʻri aytasiz, bu yoʻnalishda soha olimlari bilan juda koʻp izlanish olib bordik. Birgina misol joriy yilning oʻzida Davlat rahbarining topshirigʻiga asosan ilk marotaba paxta urugʻchiligi boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlardagi klaster va fermer xoʻjaliklari takliflaridan kelib chiqib, Xitoy, Hindiston, Turkiya, Isroil, Tojikiston va Qirgʻiziston Respublikalaridan tajriba-sinov tariqasida yuqori hosildor, kasallik va zararkunandalarga bardoshli, tola sifati yuqori 2,4 ming tonna 18 ta xorijiy gʻoʻza navlari va duragaylari olib kelindi va 96,1 ming gektar maydonlarga ekilishi taʼminlandi. Rossiya Ozarbayjon Qozogʻiston Tojikiston Afgʻoniston va Janubiy Afrika Respublikalariga 928 tonna paxta urugʻi eksport qilindi.

Bugungi kunda Respublika boʻyicha ekilgan xorijiy gʻoʻza navlari qator oralarida kultivatsiya oʻtkazish, chuqur ishlov berish, oʻgʻitlash va sugʻorish agrotexnik tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda. Bu yilgi sharoitda zararkunandalar va kasalliklar koʻp boʻlishi kuzatildi, ularga qarshi biologik kurashni qoʻllash ishlari olib borilmoqda. Gʻoʻzani soʻruvchi (oʻrgimchakkana) va kemiruvchi (koʻsak qurti) zararkunanda hashoratlardan himoyalash boʻyicha profilaktik va biologik kurashish ishlarini samarali oʻtkazish, ularni bardoshligini oshirish, oʻsib, rivojlanishini tezlashtirishda “Uzgumi”, “Fitovak”, “Baykal”, “Gumimaks” biostimulyatorlaridan foydalanish, qoʻshimcha ozuqa sifatida karbamiddan tayyorlangan 5 foizli suspenziyalar bilan barg orqali oziqlantirish (gʻoʻza holatiga qarab 6-8 kg/ga, keyingilarida 10-15 kg/ga eritma tayyorlab sepish) tadbirlarini barcha dalalarda amalga oshirildi.

— Oʻzimizning mahalliy gʻoʻza navlari ham dunyoda eʼtirof etilgan, shunday emasmi?

— Fikringizga qoʻshilaman. Haqiqatda mamlakatimiz dunyo paxtachiligida eng tezpishar gʻoʻza navlari seleksiyasi boʻyicha yetakchilik qilib, bugungi kunda gʻoʻzaning “S-8290”, “Namangan-77”, “An-Bayovut-2”, “Buxoro-102”, “Omad”, S-4727, “Andijon-35”, “Sulton” kabi tezpishar navlari respublikamizning keng maydonlariga ekilib kelinmoqda. Shuning bilan birgalikda, tola sifat koʻrsatkichlarining yuqoriligi, rangining oppoqligi, mayinligi, tola uzunligi, pishiqligi va mikroneyri boʻyicha hamda yuqori sifatli ip-kalava toʻqilishi, mayin gazlamalar ishlab chiqarilishi jihatidan ham Oʻzbekistonda yetishtirilayotgan gʻoʻza navlari dunyo bozorida oʻz oʻrni va yuqori mavqega ega. Jumladan, gʻoʻzaning “Buxoro-6” navi tola sifati boʻyicha Angliyaning Liverpul birjasida Oltin medalga sazovor boʻlgan va dunyo paxta tolasi sifati uchun etalon-andaza sifatida qabul qilingan. Shuningdek, S-6524, “Namangan-77” va “An-Bayovut-2” navlarining tola sifati ham eng yuqori koʻrsatkichlarni namoyon etib, xorijlik xaridorlarni oʻziga jalb etib kelmoqda.

Lekin, bugungi kunda dunyoda Xitoy Xalq Respublikasi gʻoʻza parvarishida yetakchilik qilib, har bir gektardan 6-8 tonnagacha yaʼni 60-80 sentner hosil olishga erishmoqda. Shu nuqtayi nazardan Qoraqalpogʻiston Respublikasida xorijiy gʻoʻza navlardan Xitoy Xalq Respublikasidan keltirilgan “XinLuZhoang 52” gʻoʻza navi ekilib, parvarishlash ishlari davom etmoqda.

Xitoy Xalq Respublikasida keltirilgan “XinLuZhoang 52” gʻoʻza navini mahalliy gʻoʻza navlari bilan solishtirish maqsadida Qoraqalpogʻiston dehqonchilik ilmiy tadqiqot institutida tajriba ishlari amalga oshirish rejalashtirildi. Bunda mahalliy gʻoʻza navlaridan 26 ta va 1 ta “XinLuZhoang 52” gʻoʻza navi olinib, ularning unib chiqishi, oʻsib rivojlanishi boʻyicha fenologik kuzatuvlar olib borilmoqda.

Qisqasi, oq paxta yuzidagi “qora dogʻ”lar olib tashlandi. Endi bolajonlar ertalab bamaylixotir maktabga oshiqmoqda. Oʻqituvchi faqat ilm-maʼrifat bilan mashgʻul. Shifokor 3 oylab egatlar oralab yurmaydi. Talabaning oltin davri auditoriyada oʻtadi. Aytmoqchi boʻlganim, oʻsha davrlarda mamlakat iqtisodiyotini yuksaltiramiz deb koʻp narsani boy berdik. Uni oʻrnini toʻldirish esa bugun juda qiyin kechmoqda. Quvonarlisi, okean ortida oʻzbek paxtasiga eʼlon qilingan boykotning bekor qilinishi boʻldi. Bu endi Oʻzbekiston qoʻlini qayerga choʻzsa yetadi, degani. Zotan, Prezidentimiz rahnamoligida olib borilayotgan izchil islohotlar ana shunday hayotbaxsh yangilanishlarga yoʻl ochmoqda.

Faxriddin BOZOROV (“Xalq soʻzi”) yozib oldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер