Pahlavon Mahmud izdoshlari Xorazmda bellashmoqda

10:51 21 Aprel 2025 Jamiyat
122 0

Odilbek ODAMBOYEV/“Xalq soʻzi”. Har bir mamlakat, har bir xalqning oʻziga xos milliy sport oʻyinlari bor. Kurash xalqimizning ana shunday oʻlmas qadriyati boʻlib, uch yarim ming yillik tarixga ega. Oʻtmishda faqat toʻy va sayllar, hududiy qamrovi cheklangan musobaqalar doirasida tashkil qilingan kurash bellashuvlari endilikda jahon miqyosiga chiqdi.

Bugungi kunda Kurash xalqaro assotsiatsiyasi dunyoning beshta qitʼasidagi 130 dan ortiq milliy federatsiyani birlashtirgan. 2017-yilda Osiyo Olimpiya kengashi tomonidan milliy kurash tarixda ilk bor Yozgi Osiyo oʻyinlari dasturiga rasman kiritildi. Ayniqsa, keyingi yillarda Prezidentimiz tashabbusi bilan milliy kurashni yanada ommalashtirish va dunyoga tanitish boʻyicha juda katta ishlar amalga oshirildi. Buyuk ajdodlarimizdan meros qolgan bu sportning boy anʼanalari va qadriyatlarini kelajak avlodlarga yetkazish, uni milliy sportimiz brendi sifatida jahonga targʻib qilish va yoshlarning unga boʻlgan qiziqishini ragʻbatlantirish maqsadida qitʼa va jahon chempionatlari, xalqaro turnirlar uyushtirilmoqda. Natijada mardlik, jasurlik, vatanparvarlik gʻoyalarini oʻzida mujassam etgan milliy sportimiz dunyo boʻylab keng ommalashmoqda.

Ayni kunlarda Xorazm viloyati kurash boʻyicha yana bir nufuzli tadbir – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun Pahlavon Mahmud xotirasiga bagʻishlangan IV xalqaro turnirga mezbonlik qilmoqda.

— Maʼlumki, umr boʻyi kurash tushib, kuragi yerga tegmagan Pahlavon Mahmudni barcha polvonlar oʻzlariga pir-u ustoz deb biladi, — deydi Oʻzbekiston Kurash federatsiyasi Xorazm viloyati boʻlimi ijrochi direktori Ortiq Polvonov. — U zot tugʻilib oʻsgan va mangu qoʻnim topgan Xorazmda kurash azaldan elning faxri, gʻururi, betakror qadriyati darajasiga koʻtarilgan. Shu bois Pahlavon Mahmud xotirasiga bagʻishlangan xalqaro turnir aynan shu zaminda tashkil qilinadi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun oʻtkazilayotgan IV xalqaro turnirda Markaziy Osiyo davlatlarining nomdor polvonlari ishtirok etishyapti.

— Kurash sporti boʻyicha uyushtiriladigan xalqaro turnirlar orasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun Pahlavon Mahmud xotirasiga bagʻishlangan turnirning alohida oʻrni va nufuzi bor, — deydi musobaqa finalchisi qirgʻizistonlik polvon Iyman Qamchibekov. — Ushbu turnir Markaziy Osiyo xalqlari oʻrtasida doʻstlik va hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Turnirda 5 ta mamlakatning 80 nafardan ziyod kurashchilari 10 ta vazndagi bellashuvlarda gʻoliblik uchun kurash olib boradi. Shuningdek, turnir dasturi doirasida Xiva shahridagi Pahlavon Mahmud muzeyida kurash boʻyicha koʻrgazmali chiqishlar va chet ellik kurash mutaxassislari ishtirokida xalqaro seminar oʻtkazish rejalashtirilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер