Oʻzbekistonlik talabalar Isroildan evakuatsiya qilindi

07:27 16 Oktyabr 2023 Jamiyat
387 0

Oʻzbekistonning Isroildagi elchixonasi xabariga koʻra, 15-oktyabr kuni Isroilning Xolon texnologiya institutida tahsil olayotgan oʻzbekistonlik talabalar Toshkentga uchib ketishgan. Institut bilan talabalarning oʻqishini onlayn formatda davom ettirish boʻyicha kelishuvga erishilgan.

“Shu yilning 15-oktabrida Xolon texnologiya institutida (XIT) tahsil olayotgan oʻzbekistonlik talabalar eson-omon Toshkentga uchib ketishdi.

Institut bilan talabalarimizning oʻqishini onlayn formatda davom ettirish boʻyicha kelishuvga erishildi. Ular matematika, yuqori texnologiyalar, sunʼiy intellekt kabi ommabop sohalarda tahsil olishadi. Kelgusida universitetda boʻlajak oʻzbek mutaxassislarini tayyorlashning yangi yoʻnalishlarini joriy etish rejalashtirilmoqda.

Elchixona XIT hamda Mirzo Ulugʻbek nomidagi Milliy universitetga, Buxoro va Samarqand davlat universitetlari, shuningdek, “Oʻzbekiston havo yoʻllari” AJning Tel-Avivdagi vakolatxonasi talabalarni Oʻzbekistonga joʻnatishda yordam berganligi uchun oʻz minnatdorchiligini bildiradi.

Biz XIT rektori janob Eduard Yakubovga alohida minnatdorchilik bildiramiz, uning faol koʻmagida biz oʻzbekistonlik talabalarni oʻz vataniga joʻnatishni tashkil etish bilan bogʻliq barcha masalalarni tezkorlik bilan hal etishga muvaffaq boʻldik” — deyiladi elchixona xabarida.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?