Oʻzbekistonlik maktab oʻquvchilari yozgi taʼtilni AQSHda oʻtkazishmoqda

21:09 01 Avgust 2022 Jamiyat
643 0

Oʻzbekistonning AQSHdagi Elchixonasi xodimlari mamlakatning Uilmington shahridagi Shimoliy Karolina universitetiga (UNCW) tashrif buyurib, mazkur oliygoh qoshida “Access” dasturi doirasida tashkil etilgan “UNCW Access Summer Camp 2022» yozgi oromgohida tahsil olayotgan 26 nafar Oʻzbekistonlik maktab va litsey oʻquvchilari bilan uchrashuv tashkil etildi.

Barcha bolalarning taʼkidlashicha, ularga yaratilgan sharoitlar aʼlo darajada, hamda sogʻlom turmush tarzining targʻiboti, doimiy qiziqarli mahorat darslari, koʻngilochar tadbirlar, biriktirilgan mahalliy xodimlarning eʼtiborliligi, yangiliklarni oʻrganayotganligi juda ham maʼqul kelmoqda.

Xususan Jizzax shahridan tashrif buyurgan Eʼzoza Bobomurodova oʻz taassurotlari bilan boʻlishar ekan “Access” dasturi doirasida ikki yil davomida ingliz tili va informatika saboqlarini oʻrganganini aytib oʻtdi. “Men bu yerga kelganimdan juda xursandman va oʻqituvchimga katta minnatdorchilik bildirmoqchiman” - deydi Eʼzoza Bobomurodova.

Nukus shahrida istiqomat qiluvchi Janzakov Ramazon ushbu dasturdan olgan bilimlari bilan boʻlishar ekan “biz bir oy davomida ingliz tilini oʻrganmoqdamiz, AQSH madaniyati bilan tanishyapmiz. Oʻzbekistondagi tengdoshlarimga ham yaxshi taʼlim olib shunday dasturlarda qatnashishga chaqirib qolaman”, deydi.

Namangan shahridan tashrif buyurgan Farangiz Anvarova esa oʻz tengdoshlariga bilimga intilishni, “Access” kabi xalqaro dasturlarda qatnashishini va olingan ilmlar orqali katta yutuqlarga erishishni tiladi.

Andijon viloyatidan Abdulloh Odilov esa oʻz tengdoshlariga shunday oʻquv kurslarida faol qatnashishga va ingliz tilini yaxshi oʻrganishga chaqirdi.

“Bu yerda men ingliz tilida koʻp amaliy mashgʻulotlar olib bormoqdaman. Men bu universitetdagi yaratilgan imkoniyatlardan juda xursandman. Ustozlarimga ingliz tilini oʻrgatgani va AQSHga borish uchun imkoniyat berganiga katta rahmat aytmoqdaman”, deydi Qoʻqon shahridan Soliha Abdurazzoqova.

Oʻz navbatida Xorazm viloyatidan Sunnatillo Sultonnazarov “yozgi oʻquv oromgohi doirasida taʼlim olish uchun keng imkoniyatlar yaratilgan va ulardan faol foydalanish kerakligini” aytib oʻtdi.

Urganch shahridan kelgan Kamron Razzaqov dasturdan olayotgan taassurotlari bilan boʻlishar ekan, boshqa ishtirokchilar qatori oʻz muallim va ustozlariga minnatdorlik bildirdi.

Samimiy ruhda kechgan muloqotda Elchixonamiz vakillari oʻquvchilarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob berishdi.

Qayd etilishicha, mazkur loyiha davomida haftasiga 18 soatlik ingliz tili darslari, turli ekskursiyalar va madaniy tadbirlar tashkil etilmoqda. Bundan tashqari, oʻquvchilarning kun tartibiga kompyuter mahorati, STEM, nutq madaniyati, sport darslari, mahalliy muzeylarga sayohatlar kiritilgan.

“UNCW” maʼmuriyati bilan kelishgan holda ushbu dasturga yoshlarimizning Vashington shahridagi Elchixonamizga ham tashrifi kiritildi. Shuningdek Oʻzbekistonlik oʻquvchilar kursi davomida amerikalik tengdoshlari bilan aloqa oʻrnatib ular bilan fikr ham almashadilar.

Eslatib oʻtamiz “UNCW Access Summer Camp” dasturi ikkinchi bor Oʻzbekistonlik yoshlarni qabul qilmoqda. Ushbu dastur ikki yil davomida Oʻzbekistonda ingliz tili darslarida qatnashadigan oʻquvchilar uchun til koʻnikmalarini kengaytirishga yordam beradi va madaniyatlararo muloqot koʻnikmalari bilan taʼminlaydi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?