Oʻzbekistonlik haydovchilar Germaniya mehnat bozoriga yoʻl oladi. Masʼul tashkilotlar memorandum imzoladi
Germaniya Federativ Respublikasining “SBH WEST GmbH” taʼlim va hunarmandchilik fondi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi va “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi oʻrtasida uch tomonlama Anglashuv memorandumi imzolandi. Ushbu memorandum Oʻzbekistonda professional haydovchilarni tayyorlash va ularning Germaniya mehnat bozorida vaqtincha ishlash imkoniyatlarini yaratishga qaratilgan.
Memorandum Migratsiya agentligida oʻtkazilgan tantanali tadbirda imzolandi. Unda “SBH WEST GmbH” fondi boshqaruvchi direktori Peter Niyemann, Migratsiya agentligi direktori oʻrinbosari Matlab Kuranov va “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi raisi Husan Botirov ishtirok etdi. Hamkorlikning asosiy maqsadi Yevropa Ittifoqi standartlariga muvofiq yuk va yoʻlovchi tashish boʻyicha professional haydovchilarni tayyorlash va ularni Germaniyada vaqtinchalik ish bilan taʼminlashdir.

Memorandum shartlariga koʻra, Germaniyada ishlash istagida boʻlgan oʻzbekistonlik fuqarolar “Vatanparvar” tashkiloti oʻquv muassasalarida maxsus tayyorgarlikdan oʻtadi. Ushbu kurslar orqali yuk va yoʻlovchi tashish boʻyicha haydovchilik malakasi shakllantiriladi. Haydovchilik guvohnomasini qoʻlga kiritgan nomzodlar “SBH WEST GmbH” fondi va ish beruvchi kompaniyalar vakillari tomonidan amaliy imtihondan oʻtkaziladi. Imtihondan muvaffaqiyatli oʻtganlarga tegishli sertifikatlar topshiriladi. Nomzodlarning nemis tilida muloqot qila olish darajasida bilimga ega boʻlishi talab etiladi.
Memorandum imzolanishidan oldin, “SBH WEST GmbH” fondi boshqaruvchi direktori Peter Niyemann boshchiligidagi delegatsiya Andijon viloyatining Boʻston tumanida joylashgan “Vatanparvar” tashkiloti Oʻquv sport texnika klubiga tashrif buyurdi. Tashrif davomida delegatsiya oʻquv moddiy-texnik bazasi bilan tanishib, oʻquv jarayonlarini koʻzdan kechirdi. Keyingi kuni esa tashkilot Markaziy kengashi raisi Husan Botirov bilan uchrashuv oʻtkazildi.

Eslatib oʻtamiz, 2023-yilning sentyabr oyida “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi oʻrtasida ham hamkorlik memorandumi imzolangan edi. Ushbu memorandumning asosiy maqsadi xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish istagidagi fuqarolarni xorijiy mehnat bozorida talab etilgan mutaxassisliklar boʻyicha tayyorlashdan iboratdir.
Anglashuv memorandumi Germaniya mehnat bozorida professional haydovchilarga boʻlgan talabni qondirishga, oʻzbekistonlik fuqarolar uchun yangi ish oʻrinlari yaratishga va ikki davlat oʻrtasidagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi. Ushbu tashabbus mamlakatimiz fuqarolarining xorijiy ish bozoriga muvaffaqiyatli integratsiyasini taʼminlashda muhim ahamiyatga ega.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nodirbek Abdusattorov Pragadagi shaxmat festivalida chempionlikni qoʻlga kiritdi
- Matchanov Umirzak Seitjanovichning iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi eʼloni
- Yaqin Sharqdagi keskinlikning narxi: AQSH, Isroil hamda Eron urush uchun qancha sarflayapti?
- “Barselona” qiyin gʻalabani qoʻlga kiritdi
- Ayollar Osiyo chempionati musobaqasining 3-tur oʻyinlari davom ettirildi
- Tramp Erondagi harbiy operatsiya “deyarli yakunlanganini” maʼlum qildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring