Oʻzbekistonda koʻz kasalliklarini davolashga ixtisoslashgan innovatsion klasterlar tashkil etiladi

15:59 16 Fevral 2021 Jamiyat
902 0

Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda DMC Innovatsion klinikasi hamkorligida tashkil etilgan Oʻzbekiston oftalmologlar assotsiatsiyasi aholi orasida koʻz kasalliklarini tashxislash, davolash va oldini olish chora-tadbirlarini yaxshilashda yordam berishni oʻz oldiga maqsad qilgan. Mazkur assotsiatsiya soha mutaxassislarining nazariy bilimlari va amaliy koʻnikmalari, hamda, ularning ilmiy salohiyatini oshirishga, ilmiy dasturlarni yaratish va rivojlantirishga koʻmaklashadi. Shu bilan birga, sohadagi mahalliy innovatsion loyihalar uchun chet el investitsiyalarini jalb qilish, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish, assotsiatsiya aʼzolarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish ham asosiy yoʻnalishlaridan hisoblanadi.

Hozirda Oʻzbekiston oftalmologlar assotsiatsiyasi tomonidan XXI asr klinikasini yaratish uchun zarur boʻlgan bir qator tibbiy innovatsion texnologiyalar va eng yangi tibbiy uskunalar jalb qilish ustida qator ishlar olib borilmoqda. Oʻtgan yil mobaynida aynan shu soha rivoji uchun faoliyat yuritayotgan "DMC innovatsion klinika»si va Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan birgalikda “EYESI VRMagic” simulyatsion moslamalari Germaniyadan sotib olindi va oʻquv-simulyatsion markazni (OʻSM) yaratish boʻyicha startap loyiha amalga oshirildi. Bugunga qadar DMC Innovatsion klinikasi qoshidagi koʻz mikrojarrohligi boʻyicha innovatsion oʻquv simulyatsion markazida “Katarakta fakoemulsifikatsiyasi”, “Vitreoretinal jarrohlik”, “Optometriya va koʻzning refraksion buzilishini korreksiya qilishning zamonaviy jihatlari” kabi qator oʻquv dasturlari ishlab chiqildi.

Oʻzbekiston oftalmologlar assotsiatsiyasi koʻz kasalliklarini davolashga qaratilgan innovatsion tibbiy klasterlarni yaratish boʻyicha ishlar olib bormoqda. Tibbiy klaster bemorlarni profiliga qarab saralash, davolash, kuzatuvga olish, dispanserizatsiyalashga qaratilgan tibbiy xizmat jarayonlarni tashkil etishning innovatsion modeli boʻlib, boshqa tizimlardan keng qamrovliligi bilan farq qiladi. Tibbiy klaster mavjud sohalar, oʻquv muassasalari, transport kommunikatsiyalarga tegishli tibbiy infratuzilmalarni moslashtirish orqali tashkil etiladi.

Assotsiatsiya jarrohlarni tayyorlash va malakasini oshirish, ularning malakasini xolisona baholash, oftalmologning jarrohlik mahorati va darajasini tahlil qilish, koʻz mikroxirurgiyasiga tegishli sinovlar, imtihonlarni oʻtkazishga imkoniyat yaratmoqda. Shu bilan birga, onlayn leksiyalarni oʻtkazish uchun chet elning yetakchi klinika professorlarini jalb qilish yoʻlga qoʻyilgan. Hozirgi kunda assotsiatsiya oftalmologiya sohasida ilmiy, statistik, epidemiologik tadqiqotlar oʻtkazilishini tashkil etish, tibbiy taʼlim sifatini oshirishga yordam berish, malakali kadrlar tayyorlash dasturini ishlab chiqish kabi ishlarni amalga oshirib kelmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?