O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar poydevori mustahkamdir

12:15 11 May 2018 Siyosat
5423 0
Foto: entertainmentvine.com

Yefroim GURMAN,
AQSh Veterinar tibbiyoti uyushmasi a’zosi, biologiya fanlari doktori, professor,
jahonga mashhur “VetVittles” kompaniyasi rahbari:

— Mashhur fiziolog, Nobel mukofoti laureati Ivan Pavlovning shunday so‘zlari bor: “Tibbiyot insonlarni, veterinariya esa insoniyatni davolaydi”.

Darhaqiqat, ushbu fanning hayotimizdagi ahamiyati juda katta. Zero, veterinariya oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash orqali inson salomatligi, jamiyat xavfsizligini muhofaza qilishning eng asosiy zanjirlaridan biri hisoblanadi. Nega deganda, uzoq yillik kuzatishlar yuqumli kasalliklarning aksariyati chorva mollarida paydo bo‘lib, odamlarga chorvachilik mahsulotlari orqali o‘tishini tasdiqlamoqda. Shu bois keyingi paytda bunday holatlarning oldini olish, unga qarshi kurashish, qisqacha aytganda, veterinariya sohasini rivojlantirish tobora dolzarb ahamiyat kasb etayotir.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan O‘zbekistonda bu masalaga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilayotgani alohida e’tiborga molikdir. Davlat veterinariya qo‘mitasi tashkil qilinib, veterinariya sohasida davlat boshqaruvi tubdan takomillashtirilayotgani, epizootik barqarorlik hamda oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta’minlash, tizimda uchrayotgan kamchiliklarni bartaraf etish, veterinariya xizmatlari ko‘rsatish sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqilayotgani buning amaliy samarasidir.

Veterinariya xizmati ko‘plab mamlakatlarda Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimiga tegishli bo‘lsa, ayrim davlatlarda bu ish bilan boshqa, xususan, veterinar ehtiyojlar uchun zarur biologik preparatlar va qisman chorvachilik mahsulotlarini nazorat qiluvchi Sog‘liqni saqlash vazirligi shug‘ullanadi.

Dunyo amaliyotida esa mazkur soha davlat hamda xususiy sektorga bo‘linadi. Bu borada davlat tarmog‘ining asosiy vazifasi mamlakat hududini tashqaridan infeksiya kirib kelishidan asrash, infeksion kasalliklar tarqalishini bartaraf etish, biopreparatlar sifati nazorati, oziq-ovqat mahsulotlari ustidan veterinar-sanitar nazorati hisoblanadi.

Bu borada AQSh tajribasiga to‘xtaladigan bo‘lsak, Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimida “Hayvonlar va o‘simliklar nazorati xizmati” (HO‘NX) faoliyat yuritadi. Uning tarkibida o‘simliklar himoyasi hamda karantin, go‘sht va parranda inspeksiyasi hamda veterinariya bo‘linmalari mavjud. Aynan veterinariya sohasini HO‘NX rahbari o‘rinbosari boshqaradi. Unga qulaylik yaratish maqsadida mamlakat beshta — Shimoliy, Janubi-Sharqiy, Janubi-Markaziy, Shimoli-Markaziy va o‘arbiy hududlarga bo‘lingan. Mintaqaviy xizmatlar tarkibiga epizootologlar, turli mutaxassislikdagi shifokorlar, biologik preparatlar bo‘yicha mutaxassislar hamda hududiy veterinar shifokorlar kiradi. Har bir mintaqaviy veterinar shifokor mamlakatning tegishli hududidagi (bir shtatda bir-ikkita) veterinar xizmatini boshqaradi. Ularning tasarrufiga tuman veterinar shifokorlari kiradi.

Jabhadagi faoliyat ishlab chiqilgan aniq dastur asosida olib boriladi. Chorva mollarining sil, brutsellyoz kabi xavfli kasalliklariga qarshi kurashish, mahsulotlar import-eksporti, biopreparatlar nazorati, veterinariya uchun dori-darmonlar va kimyoviy terapiya vositalarini tayyorlash bo‘yicha davlat laboratoriyalari faoliyatini muvofiqlashtirish shular jumlasidandir. Barcha veterinariya xizmati eng so‘nggi rusumdagi asbob-uskunalar, reaktivlar, dori-darmonlar, malakali mutaxassislarga ega. AQShda chorvachilik mahsulotlari davlat bo‘ysunuvidagi federal hamda shtatlar darajasidagi xizmatlar orqali nazorat qilinadi.

Yana bir e’tiborli tomoni, AQShda veterinariya ta’limi dunyodagi eng ilg‘or va istiqbolli yo‘nalishlardan biri sanaladi. Bu yerda talabalar avval to‘rt yillik bakalavriat, so‘ngra ikki yillik magistraturani tamomlaydi. Shundan so‘nggina bitiruvchi o‘zini ilmiy ishga bag‘ishlaydi yoki doktor bo‘lib ishlashi mumkin. Doktor o‘z o‘qishini davom ettirib, PhD ilmiy darajasini olishi mumkin.

Yoki oliy veterinariya maktabida ikki yil tahsil oladi, keyin universitetning to‘rt yillik kollejini bitirib chiqadi hamda veterinariya tibbiyoti doktori (DVM) darajasini oladi. Shifokor bundan so‘ng ham tahsilda davom etib, PhDni qo‘lga kiritishi mumkin. Veterinariyada sirtqi ta’lim yo‘q va shifokorlar buning nima ekanligini ham bilmaydi. Biroq AQShda barcha o‘quv yurtlarida veterinariya yo‘nalishida ta’lim olish pullik. Shunga qaramay, mazkur kasb etagidan tutmoqchi bo‘lgan kishi ko‘plab jamg‘armalar, grantlar, kreditlar ko‘magidan foydalanishi mumkin.
AQShda veterinar shifokorlarning 20 dan ortiq uyushmalari tashkil qilingan. Ularning tarkibida mamlakatda sohada ishlayotgan deyarli barcha mutaxassis qamrab olingan. Veterinar--sanitarlar, veterinar ayollar, veterinar-laborator kadrlar shular sirasiga kiradi.

Uyushmalarning asosiy vazifasi professional huquqlarni muhofaza etish, o‘quv muassasalari hamda ilmiy tadqiqotlarni moliyalashtirish, tadbirlar o‘tkazish, noshirlik faoliyatini olib borish, mutaxassislarni attestatsiyadan o‘tkazish, pensiya ta’minoti, xalqaro hamkorlik kabi yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi. Masalan, 1863 yilda asos solingan Veterinar tibbiyoti uyushmasi (AVMA) a’zolari soni 1913 yilga kelib 1650 kishiga yetdi. Ayni paytda esa AVMA o‘zida xususiy va korporativ klinikalar, davlat muassasalari, sanoat, huquq-tartibot hamda fan sohasida faoliyat yuritib kelayotgan 80 ming nafarga yaqin amerikalik veterinarlarni birlashtirgan. Uning tarkibida borligimdan faxrlanaman.

Uyushmamiz har yili dunyo va mamlakatda oziq-ovqat xavfsizligi, veterinariya sohasida kuzatilayotgan tendensiyalar, yangiliklar, uchrayotgan xavf-xatarlar, ularning oldini olish yo‘llarini muhokama qilishga bag‘ishlangan simpoziumlar, anjumanlar, mahorat maktablari, seminarlar o‘tkazib keladi. O‘zaro hamkorlikda mavjud masalalarga yechim topish yo‘llari, ilmiy-amaliy xulosalarni ishlab chiqamiz hamda tegishli davlat organlari, hatto Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga ham yo‘llaymiz. Olimlarning takliflari esa kelgusida sohaga oid qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish, yangilarini qabul qilishda, albatta, inobatga olinadi. Masalan, oxirgi yig‘ilishlarimizda fauna vakillari orqali odamlarga yuqqan “Zika”, “Ebola” virusining kelib chiqishi sabablari, mikrobiologik xususiyatlarini chuqur o‘rganib, kelajakda bunday xurujlarning oldini olish bo‘yicha qator fikrlar bildirildi.

Quvonarlisi, uyushmamiz a’zolari qatori men va yaqin hamkorim, doktor Igor Brodetskiy ham AQSh Sog‘liqni saqlash vazirligi agentligi boshlig‘i, doktor, asli o‘zbekistonlik bo‘lgan qadrdon do‘stim Amir Mahmudov hamda uning jamoasi bilan bu borada tizimli maslahatlashuvlarni yo‘lga qo‘yganmiz. Mana shunday kengashib ish olib borganimiz va veterinariya xizmati davlat organlari tomonidan qo‘llab-quvvatlab kelinayotgani sharofati bilan AQSh uzoq yillardan beri ko‘plab xavfli infeksion kasalliklarga nisbatan epizootik farovon mamlakat maqomini saqlab kelmoqda.

O‘zbekistonda ham mazkur jabhada ibratli ishlar olib borilayapti. Respublika hukumati bilan Xalqaro epizootik byuro o‘rtasida veterinariya sohasida hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Qolaversa, AQShning “Biologiya sohasidagi hamkorlik” dasturi doirasida Buxoro hamda Xorazm viloyatlarida eng zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan hududiy diagnostika laboratoriyalari tashkil etildi.

BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) ma’lumotlariga ko‘ra, dunyodagi chorva mollarining 59 foizi rivojlanayotgan, 41 foizi esa sanoati taraqqiy topgan mamlakatlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Paradoksni qarangki, yuqori malakali veterinar-mutaxassislarning 81 foizi ilg‘or, 19 foizi esa ravnaq topayotgan davlatlarda faoliyat yuritar ekan. Shuning uchun rivojlanayotgan mamlakatlarda veterinarlariga tushadigan og‘irlik taraqqiy topgan davlatlardagi hamkasblarinikiga nisbatan 5,2 barobar ko‘p hisoblanadi. Bu nafaqat muayyan hududdagi siyosiy-iqtisodiy vaziyat, balki savdo hamda madaniy aloqalar, tabiiy-iqlim sharoitlar bilan ham bog‘liq.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan O‘zbekistonda ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy hayotning barcha jabhasida, ayniqsa, veterinariya sohasida olib borilayotgan ulkan yangilanishlarni matbuot, televideniye va internet orqali katta qiziqish bilan kuzatib kelayapman. Yurtingizdagi o‘zgarishlar tahsinga loyiq. Keyingi paytdagi jarayon O‘zbekiston haqida o‘arbda shakllanib qolgan salbiy stereotiplarning yo‘qolishiga zamin yaratayapti. Ishonchim komilki, ushbu poydevor juda mustahkam hamda ular nafaqat mamlakatning buguni, balki yorqin kelajagi yo‘lida barpo qilinayotgan taraqqiyot inshootini har qanday -talato‘plardan asraydi.

Davlatingiz rahbarining bevosita e’tibori bilan yilqichilik, qorako‘lchilik bo‘yicha O‘zbekiston maktabi qayta tiklanayotgani, parrandachilik tarmog‘i tobora rivojlanayotgani quvonarli holat. Hatto tuyachilik ham ommalashayotgan ekan. Bular aholini nafaqat sifatli oziq-ovqat va boshqa mahsulotlar bilan ta’minlash, balki eksport salohiyatini oshirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Binobarin, mazkur omillar qatori, respublikaning issiq-quruq iqlimi ham veterinariya tizimiga ilg‘or tajribalar, innovatsiyalarni jalb qilish, malakali kadrlar tayyorlash tizimini yaratishni taqozo etmoqda.

Prezident tomonidan ana shu hayot haqiqati inobatga olingan holda, muhim hujjatlar qabul qilindi. Har tomonlama eskirgan tizim tubdan yangilanmoqda. Ayniqsa, hayvonlar yuqumli kasalliklari tarqalishining oldini olib, tezkor aniqlash, tashxis qo‘yish hamda epizootik barqarorlikni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini monitoring qilishda yaxlit qo‘mitaga asos solinishi har tomonlama oqilona qarordir.

Shu kunlarda hayvonlarni identifikatsiya qilish va ro‘yxatga olishning takomillashtirilgan tizimini ishlab chiqish hamda amaliyotga joriy etish bo‘yicha qilinayotgan sa’y-harakatlar ham diqqatga sazovor. Bu mamlakatdagi epizootik vaziyatni har tomonlama samarali va oqilona boshqarish, oziq-ovqat xavfsizligi hamda xalq sog‘lig‘ini mustahkamlashda ayni muddaodir.
Yana bir muhim masala, O‘zbekistonda veterinariya sohasiga ixtisoslashtirilgan institut faoliyatini yo‘lga qo‘yish davr talabi sanaladi. AQShlik mutaxassislar, xususan, bizning uyushma olimlari O‘zbekistonga bu borada har qanday yordam berishga tayyor. Zotan, veterinariyada dunyoning eng ilg‘or ta’lim standartlari, hayotda sinalgan nazariy va amaliy bilimlardan foydalanish juda muhimdir.

So‘zim yakunida bir niyatim borligini aytsam.

Xabaringiz bor, o‘tgan yili sentyabr oyida Prezident Shavkat Mirziyoyev AQShning Nyu-York shahrida o‘zbekistonlik vatandoshlari bilan uchrashdi, O‘zbekiston — Amerika biznes forumida qatnashdi. O‘shanda Amerikaning yuzdan ortiq kompaniyalari vakillari ishtirok etib, hamkorlik qilish bo‘yicha umumiy qiymati 2,6 milliard dollarga teng shartnomalar imzolanibdi. Bular haqida yuqorida aytgan qadrdonim, o‘z diyorini jonu dilidan ortiq yaxshi ko‘rib, o‘z tajribasi hamda yutuqlarini O‘zbekistonga ham olib kirishni diliga tukkan Amir Mahmudov faxrlanib aytib berdi. Men esa o‘sha paytda safarda bo‘lganim uchun O‘zbekiston rahbari bilan uchrashishdek ulkan baxt nasib etmadi. Ushbu orzuim ro‘yobga chiqishiga nafaqat amerikalik olim, balki veterinariya mahsulotlari ishlab chiqaruvchi hamda sohada xizmatlar ko‘rsatuvchi “VetVittles” kompaniyasining uzoq yillik rahbari sifatida umid qilaman. Boisi, O‘zbekiston bilan bu borada hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishdan, tajriba almashishdan har tomonlama manfaatdormiz.

Saidjon MAXSUMOV
yozib oldi.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер