Oʻzbekistonda 2021-yilda qaysi sohaga qancha mablagʻ ajratiladi?

18:03 30 Noyabr 2020 Jamiyat
1681 0

Joriy yilning 30-noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi OʻzLiDeP fraksiyasining videokonferens aloqa tarzidagi navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Yigʻilishda dastlab “2021-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi. Deputatlar tomonidan ikkinchi oʻqishda koʻrib chiqilgan mazkur hujjatda bir qator yangiliklar oʻrin olgan. Eng muhimi, qaysi sohaga qancha mablagʻ ajratilgani, sohagagina emas, qaysi idoraga qancha berilishi va nimaga sarflanishi oshkor qilinmoqda.

Taklif etilayotgan qonun loyihasida 2021-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasi konsolidatsiyalashgan byudjetining jamlanma parametrlari va 2022-2023-yillarga byudjet moʻljallari, 2021-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasi respublika byudjeti daromadlari prognozi, keyingi yil uchun davlat maqsadli jamgʻarmalari, Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining daromadlari prognozi hamda ularning xarajatlari belgilanmoqda.

Muhokamalar davomida byudjet xarajatlari ochiq-oshkora boʻlishi, davlat idoralari, hududlar uning har bir soʻmini oqilona, tizimli ravishda sarflashi zarurligi taʼkidlanib, byudjetdan mablagʻ oluvchi tashkilotlarda moliyaviy intizomga rioya etilishi yuzasidan nazoratni yana-da kuchaytirish boʻyicha bir qator taklif va tavsiyalar berildi.

Xalq vakillarining aytishicha, loyihada oʻz aksini topgan parametrlarning toʻlaqonli bajarilishi nafaqat iqtisodiyotimiz, balki jamiyatimiz hayotida ijobiy oʻzgarishlar yuz berishi uchun muhim zamin yaratadi.

Deputatlar qonun loyihasini moddama-modda koʻrib chiqqan holda, mazkur masala yuzasidan oʻz takliflarini berdi va loyihani ikkinchi oʻqishda qabul qilishdi.

Yigʻilishda “Oʻzbekiston Respublikasining byudjet jarayoni takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ham koʻrib chiqildi.

Deputatlarning fikricha, 6 ta moddadan iborat qonun loyihasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeks, “Oʻzbekiston Respublikasining Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi qonuni, Byudjet kodeksi va “Oʻzbekiston Respublikasining Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi qonunlariga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishni nazarda tutadi.

Eʼtiborli jihati, qonun loyihasining qabul qilinishi Oʻzbekiston respublikasi davlat moliyasini boshqarish tizimini takomillashtirish strategiyasini amalga oshirish jarayonini normativ-huquqiy asoslarini yaratish imkonini beradi.

Fraksiya aʼzolari partiyaning maqsad-vazifalaridan kelib chiqib, loyihani yana-da takomillashtirish yuzasidan oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi va qonun loyihasini maʼqullashdi.

Yigʻilishda “2021-yil uchun soliq siyosatining asosiy yoʻnalishlari qabul qilinishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjat-lariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ham qizgʻin baxs-munozaralarga sabab boʻldi.

Mazkur hujjat 2021-yilga moʻljallangan soliq siyosatining asosiy yoʻnalishlar asosida ishlab chiqilgan boʻlib, “Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun hamda Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritishni nazarda tutadi.

Taklif etilayotgan qonun loyihasining asosiy maqsadi – 2021-yilgi soliq siyosatini takomillashtirish, shuningdek, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning raqobatbardoshligini oshirish, mavjud tizimli muammolarni bartaraf etish, soliq maʼmurchiligi samaradorligini yana-da oshirish va byudjetga soliqlarning toʻliq tushumini taʼminlashdan iboratdir.

Qonun loyihasining qabul qilinishi natijasida soliq majburiyatlarining bajarilishi buyicha tegishli huquqiy munosabatlar aniq belgilab qoʻyiladi. Oʻz navbatida, mahalliy byudjetga qoʻshimcha daromad tushishiga sabab boʻladi.

Savol-javoblar va boʻlib oʻtgan muhokamalardan soʻng deputatlar qonun loyihasi yuzasidan oʻz takliflarini bildirgan holda, ushbu hujjatni birinchi oʻqishda qoʻllab-quvvatlashdi.

Hammamiz yaxshi bilamiz, “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni davlat bojini belgilash, undirish, uni qaytarish va uni toʻlashdan ozod qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi. Lekin hozirgi davr mazkur qonunga oʻzgartirishlar kiritishni taqozo etmoqda.

Kun tartibidagi keyingi masala – “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi boʻldi.

Qayd etilganidek, Prezidentimizning 2020-yil 1-iyuldagi tegishli qarorining 8-bandi “a” kichik bandining uchinchi xatboshida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi Boʻsh turgan obyektlardan samarali foydalanishni tashkil etish markazi va uning hududiy boshqarmalari zimmasiga yuklatilgan vazifalar yuzasidan sudlarga kiritiladigan daʼvolar va arizalar boʻyicha davlat boji toʻlashdan ozod qilish toʻgʻrisida qonun hujjatlariga oʻzgartirish kiritish belgilangan.

Taklif etilayotgan loyiha bilan “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining qonunining 8, 9 va 10-moddalariga tegishli oʻzgartishlar kiritilmoqda.

Bahs-munozara, qizgʻin muhokamalardan keyin mazkur qonun sohada yuzaga kelayotgan muammolar yechimiga xizmat qilishi aytilib, konseptual jihatdan qoʻllab-quvvatlandi.

Fraksiya yigʻilishida “Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasining muhokamasi ham qizgʻin kechdi.

Davlatimiz rahbarining 2019-yil 24-yanvardagi karorida koʻzda tutilgan koʻrsatmalarni bajarish maqsadida ishlab chiqilgan ushbu hujjat Kapital bozorini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga qimmatli qogʻozlarning nominal qiymatini oshirishda qimmatli qogʻozlar chiqarilishini davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun yigʻimlar yigʻib olish yoʻli bilan Oʻzbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligining institutsional salohiyatini kuchaytirishga qaratilgan.

Taʼkidlanishicha, amaldagi qonunchilikka muvofiq, emissiyaviy qimmatli qogʻozlarning dastlabki chiqarilishini davlat ruyxatidan oʻtkazishda emitent respublika byudjetiga ushbu emissiyaviy qimmatli qogʻozlarning nominal qiymatidan 0,01 foiz miqdorida hak toʻlaydi. Agar ilgari ruyxatdan oʻtkazilgan emissiyaviy qimmatli qogʻozlarning nominal qiymati oshsa, emitent respublika byudjetiga emissiyaviy qimmatli qogʻozlarining nominal qiymati oshgan soʻmmaning 0,01 foizi miqdorida yigʻim toʻlaydi.

Loyihada Kapital bozorini rivojlantirish agentligi huzuridagi byudjetdan tashqari kapital bozorini rivojlantirishga koʻmaklashish fondiga mablagʻlar oʻtkazilishi koʻzda tutilgan boʻlib, ushbu toʻlovlardan tushgan mablagʻlar Vazirlar Mahkamasining 2019-yildagi 650-sonli qarori bilan belgilangan maqsadlarda foydalanilishi belgilanmoqda.

Shu jihatdan deputatlar qonun loyihasining qabul qilinishi yuqoridagi farmonning 5 va 15-bandlari ijrosini, shuningdek, Agentlikning institutsional salohiyatini va moddiy-texnik taʼminotini rivojlantirish uchun imkoniyat yaratilishini inobatga olib, uni birinchi oʻqishda maʼqullashdi.

Yigʻilishda fraksiya vakolatiga taalluqli boshqa masalalar ham koʻrib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?