Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasida yuqori texnologiyalar sohasidagi hamkorligi kengaymoqda

11:09 19 Dekabr 2024 Jamiyat
77 0

Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasida yuqori texnologiyalar sohasida strategik hamkorlikni rivojlantirish doirasida “MISIS”ning Olmaliq filialida “Oʻzbekistonda kvant haftaligi” nomli noyob tadbir boʻlib oʻtdi.

Ushbu muhim ilmiy-maʼrifiy tashabbus maktab oʻquvchilari, talabalar va ilmiy jamoatchilik orasida kvant texnologiyalarini ommalashtirishga qaratilgan. Tadbirda bir qator xorijiy mutaxassislar, jumladan, Rossiya kvant markazi bosh direktori M.Ostras, “Rosatom” vakillari – G.Palchikov va D.Sokol ishtirok etdi.

“Rosatom”ning “Kvant haftalari” – bu ekotizimli loyiha boʻlib, u taʼlim muassasalari, mahalliy hokimiyat vakillari, shuningdek, tadbirkorlik subyektlarining kunlik faoliyatida zamonaviy kvant texnologiyalarini keng joriy etishga qaratilgan.

“Kvant haftaligi” dasturi turli xil ilmiy-maʼrifiy tadbirlarga boy boʻlib, unda talabalar va mutaxassislarni qiziqtirgan fizika, texnika va yangi texnologiyalar sohasidagi maʼruzalar, mahorat darslari va amaliy mashgʻulotlar tashkil etildi. Ishtirokchilar kvant hisoblash, kvant kommunikatsiyalari va kvant kriptografiyasi sohasidagi zamonaviy ishlanmalar bilan yaqindan tanishish hamda ularni sanoat va ilmiy tadqiqotlarda qoʻllash imkoniyatlarini muhokama qilish imkoniga ega boʻldi.

Tadbirda Oʻzbekiston va Rossiyaning yuqori texnologiyalar sohasidagi oʻzaro hamkorligiga, shuningdek, fan va taʼlim muassasalarining kvant tadqiqotlarini rivojlantirishga qoʻshayotgan hissasiga alohida eʼtibor qaratildi. Tadbir doirasida bir qator maʼruzalar tinglandi, jumladan, kvant texnologiyalarining global fan va taʼlimdagi ahamiyati haqida.

Olmaliq shahridagi umumtaʼlim maktablari oʻquvchilari uchun maxsus dastur tashkil etilib, ular oddiy va tushunarli misollar orqali kvant fizikasi asoslari bilan tanishtirildi. Maktab oʻquvchilari va olimlar oʻrtasidagi ochiq muloqot tadbirning muhim qismi boʻlib, navqiron avlodni fan-texnika yoʻnalishi boʻyicha kasb tanlashga undashda yana bir omil boʻldi.

Tadbir doirasida nafaqat kvant texnologiyalari asoslari bilan tanishish, balki Oʻzbekistonda taʼlim va fanni rivojlantirishni ragʻbatlantirishga bagʻishlangan tadbirlar ham oʻtkazildi. “Kvant haftaligi” Oʻzbekiston va Rossiya olimlari oʻrtasida mustahkam aloqalar oʻrnatish, shuningdek, yuqori texnologiyalar sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga salmoqli hissa boʻldi.

Eslatib oʻtamiz, mazkur loyihaning amalga oshirilishi 2024-yilda boshlangan boʻlib, “Rosatom” tomonidan birinchi xalqaro tadbir aynan Oʻzbekistonda tashkil etildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?