Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” ikkinchi sammitidagi nutqi

17:02 02 Iyun 2023 Siyosat
734 0

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Navbatdagi “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” formatidagi yetakchilar uchrashuvining barcha ishtirokchilarini qutlashdan mamnunman.

Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti hurmatli Sadir Nurgʻojoyevich Japarovga sammit aʼlo darajada tashkil etilgani hamda mintaqamizning eng xushmanzara maskanlaridan biri – Choʻlponota shahrida koʻrsatilayotgan har doimgidek iliq, samimiy mehmondoʻstlik uchun bildirilgan minnatdorlik soʻzlariga qoʻshilaman.

Yevropa Kengashi Prezidenti Sharl Mishel janoblariga ham alohida tashakkur bildiraman.

Aloqalarimizning samaradorligi koʻp jihatdan aynan sizning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan konstruktiv siyosiy muloqotni va koʻp qirrali hamkorlikni rivojlantirishni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashingiz va qatʼiy intilishingiz tufaylidir.

Hurmatli hamkasblar!

Ostonada ochiqlik, oʻzaro ishonch ruhida va samarali oʻtgan ilk uchrashuvimizdan buyon salkam bir yil oʻtdi. Shu qisqa davrda birgalikdagi saʼy-harakatlarimiz bilan haqiqatan ham katta ishlar amalga oshirildi.

Oʻtgan yilning noyabr oyida Oʻzbekistonda Mintaqaviy oʻzaro bogʻliqlik boʻyicha yuqori darajadagi konferensiya oʻtkazildi. Unda raqamlashtirish, transport kommunikatsiyalari, energetika va suv resurslarini boshqarish sohalaridagi loyihalarni, shu jumladan, yevropalik sheriklarimizning “Global darvoza” strategiyasi doirasida ilgari surishga alohida eʼtibor qaratdik.

Markaziy Osiyoda barqaror energetika tizimini yaratish hamda professional taʼlim sohasida bir qator muhim mintaqaviy loyihalarni boshladik.

Mart oyida Toshkentda fuqarolik jamiyati forumi, Olma-otadagi ikkinchi Iqtisodiy forum, Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining may oyida Samarqandda boʻlib oʻtgan yillik yigʻilishi natijalarini alohida qayd etishni istar edim. Bu tadbirlar bizning yevropalik sheriklarimiz bilan muloqotlarimiz sifat jihatidan va ijobiy oʻzgarib borayotganini yana bir bor koʻrsatdi.

Bugun Markaziy Osiyo Yevropaning yetakchi kompaniya va banklari uchun jozibadorlik markazi va yangi iqtisodiy imkoniyatlar makoniga aylandi.

Bu oʻrinda soʻz zamonaviy sanoat quvvatlarini yaratish, “yashil” energetikani joriy etish, “aqlli” qishloq xoʻjaligini rivojlantirish, rivojlangan transport-logistika infratuzilmasini shakllantirishga qaratilgan keng investitsiyaviy va texnologik sheriklik haqida bormoqda.

Hamkasblarimning chiqishlarida statistik maʼlumotlar yangradi. Ularni takrorlab oʻtirmayman. Shu bilan birga qayd etmoqchimanki, 2030-yilga qadar ushbu koʻrsatkichlarning ikki barobar oʻsishiga erishish uchun barcha asoslarimiz bor.

Oʻzbekistonning Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan hamkorligi haqida qisqacha toʻxtalib oʻtmoqchiman.

Mishel janoblari, sizning Oʻzbekistonga tarixiy tashrifingizdan soʻng barcha darajalardagi muloqotlar sezilarli darajada faollashdi. Biz Fransiya, Germaniya, Vengriya va Chexiya yetakchilari bilan uchrashuvlar oʻtkazdik. Budapesht va Stokgolmda elchixonalar ochdik. Kelgusi haftada men Italiyaga tashrifni amalga oshirishni rejalashtirmoqdaman.

Yevropa Ittifoqi bilan tovar ayirboshlash hajmi “GSP+” tartibi tufayli barqaror oʻsib bormoqda. Oʻtgan yili savdo hajmi 20 foizga oshgan boʻlsa, joriy yil boshidan buyon qariyb 70 foizga oʻsdi. Yevropaning yetakchi kompaniya va banklari bilan yuqori texnologik ishlab chiqarish va yangi ish oʻrinlarini yaratish boʻyicha istiqbolli loyihalar portfeli 20 milliard yevrodan ziyodni tashkil etmoqda.

Strategik hamkorlarimiz orasida “Siemens”, “Linde Group”, “CLAAS”, “Airbus”, “BASF”, “EDF”, “Alstom”, “Total”, “Orano”, “OTP Group” va koʻplab boshqa jahonga mashhur korporatsiyalar bor. Shuni alohida taʼkidlamoqchimanki, qoʻshma loyihalarning amalga oshirilishi Yevroosiyo qitʼasining industrial xaritasini tubdan oʻzgartirib yuborishga imkon beradi.

Gumanitar sohada Parijdagi Luvr va Berlindagi Yangi muzey bilan hamkorlikda ikkita noyob loyihani amalga oshirdik. Butun dunyoga mashhur ushbu sanʼat markazlarida ilk bor mintaqamizning boy madaniy-tarixiy merosini keng namoyish etdik.

Hurmatli sammit ishtirokchilari!

Murakkab geosiyosiy vaziyat va global iqtisodiyotdagi salbiy jarayonlarga qaramasdan, Markaziy Osiyo mamlakatlari barqaror oʻsishni namoyish etmoqda.

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki tahlilchilarining soʻnggi oʻrganishlariga koʻra, mintaqadagi umumiy iqtisodiy oʻsish joriy yilda 5,2 foizni va kelgusi yilda 5,4 foizni tashkil qiladi.

Yevropalik ekspertlar Oʻzbekistonda oʻrtacha 6,5 foizlik yillik oʻsishni prognoz qilmoqda. Ayni paytda biz 2030-yilga qadar yalpi ichki mahsulot hajmi va aholining real daromadlarini ikki barobar oshirib, daromadlari oʻrtachadan yuqori boʻlgan davlatlar qatoriga kirishni rejalashtiryapmiz.

Jadal sanoatlashtirish siyosati, shu jumladan, qayta ishlash tarmoqlariga xorijiy sarmoyalarni keng jalb etish ushbu maqsadga erishishning asosiy omili boʻladi.

Yevropalik doʻstlarimiz va sheriklarimiz milliy rivojlanish dasturlari va ortga qaytmas islohotlar strategiyasini bundan buyon ham qoʻllab-quvvatlashi muhim ekanini alohida taʼkidlamoqchiman.

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Sammitning taklif etilgan kun tartibini hisobga olib, hamkorlikning quyidagi ustuvor va oʻzaro manfaatli yoʻnalishlariga eʼtiboringizni qaratmoqchiman.

Birinchisi – bu savdo. Oʻzbekiston Yevropa Ittifoqi bilan savdo munosabatlarini tubdan kengaytirishdan, eng avvalo, barqaror savdo-logistika zanjirlarini va oʻzaro mahsulot yetkazib berishni qoʻllab-quvvatlashning samarali mexanizmlarini yaratishdan manfaatdor.

“GSP+” tartibining taqdim etilishi mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilarini tashqi savdo faoliyatiga jalb qilish va shu bilan birga, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifatini oshirishda ragʻbatlantiruvchi omil boʻlib xizmat qildi.

Biz ushbu shartlarning amal qilish muddatlarini yangi davrga uzaytirishdan manfaatdormiz. Ushbu preferensiyalar tizimining mintaqadagi barcha mamlakatlarga tatbiq etilishi iqtisodiyotlarimizning industrial salohiyati va raqobatbardoshligi ortishiga xizmat qiladi, deb hisoblaymiz.

Bunga misol tariqasida eksportchilarimiz Yevropa bozoriga umumiy qiymati 4 milliard yevro boʻlgan 500 nomdagi sanoat tovarlarini yetkazib berishga tayyor ekanini qayd etmoqchiman.

Shu bilan birga, mintaqamizda Yevropa Ittifoqi talablariga muvofiq zamonaviy laboratoriyalar, standartlashtirish va sertifikatlash markazlari tarmogʻini yaratish, Yevropa bozorlarida ishlashi uchun eksport qiluvchilarimizning bilim va salohiyatini rivojlantirish, Yevropa kompaniyalarining mintaqa mamlakatlari savdo imkoniyatlari haqida xabardorligini oshirishga qaratilgan tadbirlar oʻtkazish kabi alohida masalalar ham mavjud.

Afsuski, bu masalalarning barchasi boʻyicha hanuzgacha sezilarli natijalarga erishilgani yoʻq. Ularni hal etish uchun Mamlakatlarimiz eksport va import qiluvchi korxonalarini qoʻllab-quvvatlash kompleks dasturini birgalikda ishlab chiqishni taklif etamiz.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi oʻrtasida kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimni qabul qilish jarayoni tez fursatda yakunlanishi ham ushbu vazifaning ijrosiga xizmat qiladi.

Ikkinchidan – barqaror iqtisodiy oʻsishning muhim omili sifatida oʻzaro bogʻlangan transport yoʻlaklarini shakllantirish.

Markaziy Osiyo va Yevropaning transport-kommunikatsiyaviy bogʻliqligini, eng avvalo, “Oʻrta marshrut” deb nom olgan Transkaspiy tranzit yoʻlagini shakllantirish orqali rivojlantirish maqsadida mamlakatlarimizning saʼy-harakatlarini birlashtirish muhimdir.

Taʼkidlash joizki, ushbu loyiha yaqinda Samarqandda oʻtgan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki boshqaruvchilari uchrashuvida puxta tahlil qilindi.

Afsuski, ushbu magistral raqobatbardoshligini oshirish masalasida oʻzaro muvofiqlashgan yondashuv hanuzgacha mavjud emas. Bugun yuk tashishning asosiy hajmini hosil qilayotgan biznes uchun manfaatli boʻlgan tariflar kerak. Biroq tahlillar koʻrsatayotganidek, ushbu yoʻnalishdagi joriy tarif va yigʻimlar, masalan, muqobil boʻlgan Shimol – Janub yoʻnalishlaridagidan 1,5 barobar baland.

Transport-logistika va port infratuzilmalarini yuklar oqimining prognoz qilinayotgan oʻsishiga mos ravishda kengaytirish hamda yoʻl qoplamasining texnik holatini yaxshilash masalalari ham muhim ahamiyatga ega.

Shu munosabat bilan Transkaspiy yoʻlagi salohiyatidan foydalanishning doimiy, taʼsirchan mexanizmini yaratishni maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz. Bu mamlakatlarimiz transport idoralari vakolatli vakillarining doimiy uchrashuvlarini oʻtkazib borishni nazarda tutadi.

Shuningdek, yevropalik hamkorlar tomonidan Yevropa va Markaziy Osiyo oʻrtasida barqaror transport yoʻlaklarini shakllantirish yuzasidan oʻtkazilgan tadqiqotlarning muhim ahamiyatini qayd etmoqchiman.

Uchinchidan – investitsiyaviy va texnologik sheriklik.

Imkoniyatlarimiz va umumiy rejalarimiz xususida men batafsil toʻxtalib oʻtdim. Oʻylaymanki, “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” iqtisodiy forumi doirasida har yili sanoat-texnologiya koʻrgazmalarini oʻtkazish masalasini koʻrib chiqish vaqti keldi.

Bugungi voqelikdan kelib chiqib, Yevropa investitsiya banki bilan birgalikda Yevropaning yetakchi kompaniyalari ishlab chiqarish quvvatlarini mamlakatlarimizga koʻchirish jarayonida ularni moliyaviy qoʻllab-quvvatlashning maxsus vositalarini ishga tushirishdan manfaatdormiz.

Bankning mintaqaviy ofisi Oʻzbekistonda faoliyat yuritishi uchun barcha zarur sharoitlarni taʼminlashga tayyorligimizni tasdiqlaymiz.

Toʻrtinchidan – raqamli oʻzaro bogʻliqlik sohasida Yevroittifoq bilan yaqindan hamkorlik qilish niyatidamiz.

Jahon banki mutaxassislarining tadqiqotlariga koʻra, yuqori tezlikdagi Internetdan foydalanish imkoniyatlarining yanada kengaytirilishi mintaqa mamlakatlari yalpi mahsuloti va eksporti hajmining mutanosib ravishda oshishiga olib keladi.

Bu boradagi “Yevropa jamoasi” tashabbusini qoʻllab-quvvatlaymiz hamda “Markaziy Osiyo uchun raqamli kun tartibi”ni birgalikda ishlab chiqishni taklif etamiz.

Beshinchidan – iqlim sohasidagi xatarlarga qarshi kurashish.

Bu yerda, avvalambor, Yevropaning ilgʻor bilim va texnologiyalarini qoʻllagan holda maqsadli mintaqaviy loyihalarni amalga oshirish hisobidan ekotizimlar barqarorligini oshirish haqida soʻz bormoqda.

Bundan tashqari, bugun Oʻzbekistonda “yashil” energetika faol rivojlanib bormoqda. 2030-yilga borib qayta tiklanuvchi energiya ishlab chiqarish quvvatlarini 25 ming megavattgacha oshirish va uning ulushini hozirgi 14 foizdan 40 foizgacha yetkazishni reja qilganmiz.

Bugun mening hamkasblarim ekologiya masalalariga batafsil toʻxtaldilar. Masalaning gʻoyat dolzarbligini hisobga olib, Yevropa Ittifoqini shu yil kuzda Umumiy xavfsizlik va farovonlik yoʻlidagi Samarqand tashabbusi doirasida oʻtkaziladigan birinchi Xalqaro iqlim forumining ham tashkilotchilaridan biri boʻlishga chaqiramiz.

Biz sheriklarimizning Markaziy Osiyo atrof-muhitni va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universitetini tashkil etish loyihasida faol ishtirok etishidan ham manfaatdormiz.

Oltinchidan – turizmni rivojlantirish.

Ushbu tarmoq pandemiyadan keyin tez qayta tiklanayotganini va barqaror yuqori oʻsish surʼatini koʻrsatayotganini taʼkidlash joiz. Shunga qaramay, Markaziy Osiyoning ulkan turizm salohiyati bugungi kunda toʻliq ishga solinmayapti.

Markaziy Osiyo uchun barqaror turizmni rivojlantirishga koʻmaklashish dasturini birgalikda ishlab chiqish va uni joriy yil oktyabr oyida Oʻzbekistonda oʻtkaziladigan Jahon turizm tashkiloti Bosh assambleyasining yubiley sammitida taqdim etishni taklif qilamiz.

Ushbu dastur infratuzilmani modernizatsiya va tarixiy meros obyektlarini rekonstruksiya qilish boʻyicha aniq loyihalarni, aviaqatnovlar geografiyasini kengaytirish va sonini koʻpaytirish, butun mintaqa uchun moʻljallangan yagona turizm mahsulotlari va yoʻnalishlarni ishlab chiqish hamda viza tartibotlarini soddalashtirish masalalarini qamrab oladi.

Yettinchidan – yoshlar taʼlimiga investitsiya kiritish.

Oʻzbekistonda Yevropaning yettita universiteti filiallari muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Lekin bu yetarli emas.

Yaqin istiqbolda Yevropa Ittifoqi mamlakatlarining yetakchi oliy taʼlim muassasalari bilan sheriklikni yoʻlga qoʻyish va qoʻshma taʼlim dasturlarini, birinchi navbatda, texnika mutaxassisliklari boʻyicha joriy qilish niyatidamiz.

Taʼlim vazirlari va universitetlar rektorlarining shu formatdagi muntazam uchrashuvlarini qayta tiklash tarafdorimiz.

“Yevropa ufqlari” dasturi doirasida Markaziy Osiyo mintaqasi uchun ilmiy-tadqiqot va taʼlim loyihalarini qoʻllab-quvvatlashni kengaytirish imkoniyatini koʻrib chiqishni taklif etamiz.

Hurmatli hamkasblar!

Xavfsizlik sohasida yangi xavf-xatar va tahdidlarga qarshi kurashish borasidagi hamkorlikni mustahkamlash birgalikdagi ishlarimizning eng muhim yoʻnalishidir.

Bugun chegaralarni himoya qilish, narkotrafik va terrorizmga qarshi kurash boʻyicha qoʻshma dasturlarni samarali amalga oshirmoqdamiz.

Soʻnggi yillarda ikki yuzdan ortiq mintaqaviy tadbirlar oʻtkazildi. Yevropalik hamkorlar koʻmagida minglab yuqori malakali mutaxassislar tayyorlandi, chegara punktlari modernizatsiya qilindi.

Ekstremizm va radikalizm, odam savdosi, uyushgan va kiber jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda chegaralarni qoʻriqlash sohasida yangi sheriklik dasturlarini ishlab chiqish zarur, deb hisoblaymiz.

Shu maqsadda “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi: xavfsizlik sohasidagi hamkorlikning yangi kun tartibi” mavzusida ekspertlar konferensiyasini oʻtkazishni taklif etamiz.

Afgʻoniston muammosi eʼtiborimiz markazida boʻlib turibdi. Ming afsuski, Afgʻonistondagi gumanitar vaziyat tez surʼatda yomonlashib bormoqda. Birlashgan Millatlar Tashkilotining maʼlumotlariga koʻra, hozirgi vaqtda millionlab afgʻonlar halokat yoqasida turibdi.

Shu munosabat bilan sheriklarimizni afgʻon xalqiga insonparvarlik yordami hajmini kamaytirmaslikka chaqiramiz. Shu maqsadda Termizdagi logistika xabi imkoniyatlarini bundan buyon ham taqdim etishga tayyormiz.

Afgʻonistondagi vaziyatni tartibga solish va uning tinch taraqqiyotiga koʻmaklashish borasidagi dolzarb masalalar yechimi yuzasidan umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish uchun maxsus vakillarimizning muntazam maslahatlashuvlarini davom ettirishni  taklif etamiz.

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Bugun hamkasblarimning chiqishlarida Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan muhim tashabbuslar ilgari surildi.

Bildirilgan har bir taklif ekspertlarimiz tomonidan diqqat bilan oʻrganib chiqilishi juda muhimdir. Shu munosabat bilan uchrashuvimiz yakunlari boʻyicha alohida “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish va qabul qilishni maqsadga muvofiq, deb hisoblayman.

Muloqotlarimizni muntazam oʻtkazib borish toʻgʻrisidagi taklifni ham qoʻllab-quvvatlayman.

Ushbu formatdagi ilk sammitni kelgusi yilda Oʻzbekistonda oʻtkazish borasidagi tashabbusimiz qoʻllab-quvvatlangani uchun minnatdorlik izhor etaman.

Ushbu uchrashuv yakunlari mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik va sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga qoʻshimcha surʼat bagʻishlaydi, mintaqada tinchlik va barqarorlik, izchil taraqqiyot va ravnaqni taʼminlashga xizmat qiladi, deb ishonaman.

Eʼtiboringiz uchun rahmat.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер