Oʻzbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev islohotlar uchun koʻproq vaqtga erishdi

17:52 30 Avgust 2023 Siyosat
760 0

AQSHning mashhur “Forbes” moliyaviy-iqtisodiy jurnalida taniqli jurnalist va tahlilchi Kennet Rapozaning ayni shunday sarlavhali maqolasi chop etildi.

“Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning shu yil 9-iyul kuni boʻlib oʻtgan muddatidan ilgari mamlakat Prezidenti saylovidagi hal qiluvchi gʻalabasi davlat ijtimoiy-siyosiy tuzilishi va iqtisodiy yangilanishlarni kuchaytirishdan darak bermoqda, — deb yozadi ekspert Kennet Rapoza. — Shavkat Mirziyoyev 2016-yilda birinchi marta prezidentlikka saylanganidan beri Amerika Qoʻshma Shtatlar bilan yaqin munosabatlarni rivojlantirdi va savdo sheriklarini diversifikatsiya qilish uchun harakat qilmoqda”.

Maqolada ushbu lavozimni egallaganidan beri Prezident Shavkat Mirziyoyev Prezident Donald Tramp davrida Oq uyga tashrif buyurgani va Vashington bilan yaqinroq aloqalarni rivojlantirayotgani qayd etilgan.

Muallif mamlakatdagi islohotlarni tahlil qilar ekan, “Bluestone” investitsiya banki prezidenti Kuinn Martinning quyidagi soʻzlardan iqtibos keltirgan: “Shavkat Mirziyoyev kemani 180 gradusga burib yangi yoʻnalish sari boshladi. U mamlakatning barcha qoʻshnilari bilan munosabatlarni tikladi, fuqarolik jamiyatini ozod qildi va iqtisodiyotni ochiq va zamonaviy qilish dasturi bilan oldinga intilmoqda. Hali ham koʻplab muammolar mavjud, ammo bugungi kunga qadar erishilgan yutuqlar juda ajoyib”.

“Forbes”da bosilgan ushbu maqolada Oʻzbekiston Prezidenti xususiylashtirishni qamrab oluvchi ulkan iqtisodiy islohotlarni qoʻllab-quvvatlayotgani alohida urgʻulangan. Taʼkidlanganidek, mahalliy chakana investorlarni jalb qilishga qaratilgan “Xalq IPO” tashabbusi va muhim davlat aktivlarini sotish ochiq, bozor iqtisodiyoti sari sezilarli siljishini bildiradi.

Jurnalda davlatimiz rahbarining mart oyida eʼlon qilingan yangi xususiylashtirish rejasi turli hududlardagi 1000 ta davlat korxonasi, 1500 gektar yer va 10 million kvadrat metrdan ortiq koʻchmas mulkni sotishni nazarda tutishi haqida soʻz yuritilgan.

“Ushbu chora-tadbirlar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hajmini oshirish, Oʻzbekistonning pozitiv obroʻsini korporativ sarmoyalarni qabul qiluvchi davlat sifatida koʻtarishdir, — qayd etadi muallif. — Shuningdek, Oʻzbekistoning yetakchisining fuqarolik jamiyati erkinliklari va korrupsiyaga qarshi choralarga qaratilganligi bilan ajralib turadigan boshqaruv uslubi juda ilgʻor. Mamlakat rahbari Oʻzbekiston uchun muvaffaqiyat tarixiga aylanmoqda va sobiq sovet davridan qolgan anʼanaviy siyosatdan qaytmoqda”.

Amerikalik tahlilchi-jurnalist, shuningdek, oʻtgan yilning dekabr oyida Oʻzbekiston Prezidenti xodimlar sonini qisqartirish va byurokratiyani sarmoya, oʻsish va sarmoyani ragʻbatlantirishga yoʻnaltirilgan yana bir tizimga aylantirish maqsadida doimiy davlat apparatida katta oʻzgarishlarni eʼlon qilganini maʼlum qilgan.

“Forbes” Oʻzbekistonda AQSHdan investitsiyalar hajmi ham ortib borayotganiga ham alohida eʼtibor qaratgan. “May oyida sanoat gaz ishlab chiqaruvchi “Air Products” va “Chemicals of Allentown” kompaniyalari Oʻzbekiston hukumati bilan “Oʻzbekneftgaz” kompaniyasining qayta ishlash boʻlinmasini sotib olish boʻyicha 1 milliard dollarlik investitsiya kelishuvini eʼlon qildi. Yanvar oyida “American Soybean” kompaniyasi Oʻzbekistonda ilgari foydalanilmagan yerlarda soya yetishtirish va ularni soya va soya uni uchun qayta ishlashga 300 million dollardan ortiq sarmoya kiritishga rozi boʻlgani xabar qilingan edi”, — deb taʼkidlanadi materialda.

Maqola intihosida, “Kelgusi bir necha yil jamoatchilik ishonchini saqlab qolish uchun juda muhim boʻladi. Oʻzbekiston oʻz oldiga qoʻygan maqsadlariga erishishi kerak. Odamlar avvalgidek islohotning tez surʼatlarini kutishmoqda”, — deb yozadi Kennet Rapoza.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?