Oʻzbekiston musulmonlari idorasi vakillari AQSHga tashrif buyuradilar

Mamlakatimizning Vashingtondagi elchixonasi xabariga koʻra, xalqimiz uchun ezgulik, muruvvat va mehr-oqibat ramzi hisoblangan muborak Ramazon oyini munosib oʻtkazish maqsadida shu yilning 20-apreldan 2-maygacha oʻzbekistonlik bir guruh imom-xatiblarning Amerika Qoʻshma Shtatlariga tashrifi tashkil etilmoqda.
AQSHdagi diplomatik vakolatxonamiz tashabbusi va Oʻzbekiston musulmonlari idorasi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan tashrif doirasida imom-xatiblar yurtdoshlarimiz istiqomat qilayotgan va tahsil olayotgan Amerikaning 6 ta shahrida boʻladilar. Xususan, 20-aprel kuni Vashington shahriga, 21-aprelda Filadelfiyaga, 22-aprelda Nyu-York, 23-aprelda Sinsinnatiga, 24-aprelda Chikagoga, 25-aprelda Orlandoga tashrif buyurishadi.
Tashrif davomida Oʻzbekiston musulmonlari idorasi vakillarining vatandoshlar, milliy diasporalar yetakchilari bilan uchrashuvlari, hamda mahalliy masjidlarda islom dinining qadriyatlari, radikalizmga qarshi kurashish, AQSHda yashovchi oʻzbek yoshlari oʻrtasida ekstremistik gʻoyalar tarqalishini oldini olish haqida maʼruzalar bilan chiqishlari kutilmoqda. Bundan tashqari, Oʻzbekiston imom-xatiblarining AQSH rasmiy, diniy va jamoat doiralari vakillari ishtirokidagi konfessiyalararo iftorlik, shuningdek, yurtdoshlarimiz tashabbusi bilan qurilgan masjidlarning tantanali ochilish marosimlarida ishtirok etishlari ham rejalashtirilgan.
Oʻzbekistonlik imom-xatiblarning AQSHga tashrifi doirasida AQSH Davlat departamenti, Xalqaro diniy erkinlik boʻyicha AQSH komissiyasida alohida uchrashuv va muzokaralar oʻtkazilishi kutilmoqda. Shuningdek amerikalik ekspert va jamoat doiralarini Oʻzbekistonda diniy bagʻrikenglik tamoyillarini taʼminlash va millatlararo totuvlikni mustahkamlash uchun amalga oshirilgan ishlar haqida xabardor qilish maqsadida AQSH Tinchlik instituti tahlil markazida brifing oʻtkazish ham rejalashtirilgan. Oʻzbekistonlik imom-xatiblar AQSHning Sharqiy qirgʻogʻida joylashgan, Amerika musulmonlarining asosiy ibodat maskani va Virjiniya shtatidagi 5000 dan ortiq oilalarga xizmat koʻrsatuvchi ADAMS markaziga tashrif buyurishadi hamda ushbu markaz bilan islom asoslari va arab tillani oʻrganish boʻyicha hamkorlikni yoʻlga quyish masalalarini muhokama qilishadi. Ushbu keng koʻlamli tashrif davomida ikki davlat diniy idoralari vakillari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, akademik aloqalar kuchaytirish, arab tilini va hadis ilmiga oʻqitishda fikr almashish, amerikalik ziyorat sayohatlarining Oʻzbekistonga tashriflarini muhokama qilish ham koʻzda tutilgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
- “Leapmotor” Oʻzbekistonda oʻtkazilgan avtomobil testi natijalaridan noroziligini bildirdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring