Oʻzbekiston milliy terma jamoasi Jahon chempionati oldidan jiddiy yoʻqotishga uchradi

10:59 22 Yanvar 2026 Sport
277 0

Turkiyaning “Rizespor” klubida oʻynayotgan Oʻzbekiston terma jamoasining asosiy himoyachilaridan biri Husniddin Aliqulov jiddiy jarohat oldi. Bu haqda klub oʻzining rasmiy sahifasida maʼlumot berdi.

“Futbolchimiz Aliqulov 2026-yil 19-yanvar kuni oʻtkazilgan “Gyoztepe” klubiga qarshi uchrashuvida chap tizzasini qayirib olgan va oʻyinni davom ettira olmagan.

Oʻtkazilgan tibbiy koʻrik va tekshiruvlar shuni koʻrsatdiki, chap tizzada ACL (oldingi xochsimon bogʻlam) yirtilishi, patellyar sublyuksatsiya (tizza qopqogʻining yarim chiqishi) va bunga bogʻliq MPFL (tizza qopqogʻi bogʻlami) shikastlanishi, shuningdek ichki va tashqi menisklarda yirtilish, qon ketishi va shish aniqlangan. Shu sababli futbolchini operatsiya qilishga qaror qilindi”, — deyiladi klubning rasmiy bayonotida.

Shuningdek, Husniddinni jarrohlik amaliyotidan oʻtkazish va uni qayta tiklanishi uchun kamida 6 oy vaqt kerak boʻlishi maʼlum qilindi. Bu shuni koʻrsatadiki, Husniddin Aliqulov 2026-yilgi Jahon chempionatida Oʻzbekiston terma jamoasiga yordam bera olmaydi.

Maʼlumot uchun, Husniddin jarohati tufayli 2024-yilgi Osiyo kubogi musobaqasini ham oʻtkazib yuborgan edi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?