Oʻzbekiston MDH ziyolilarining navbatdagi forumiga mezbonlik qildi

21:55 13 Dekabr 2022 Madaniyat
851 0

Foto: Халқ сўзи

12–13-dekabr kunlari Toshkentda Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi ijodiy va ilmiy ziyolilarining XV forumi boʻlib oʻtdi. Anjumanda Bosh vazir oʻrinbosari – Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov, Bosh vazir oʻrinbosari – Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, mahalliy va xorijiy oliy oʻquv yurtlari rahbarlari, chet ellik soha mutaxassislari hamda mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

“Gumanitar hamkorlik: 30 yillik tajriba va rivojlanish istiqbollari” mavzusiga bagʻishlangan forumda rivojlanish va oʻzaro hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, forum doirasida Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston davlat akademik katta teatrida MDH Yoshlar simfonik orkestrining konsert dasturi boʻlib oʻtdi.

Forum davomida har yili fan va taʼlim, madaniyat va sanʼat, gumanitar yoʻnalishda samarali faoliyat olib borib, Hamdoʻstlik rivojiga munosib hissa qoʻshayotganlar alohida eʼtirof etildi. Xususan, joriy yilda Oʻzbekiston, Ozarbayjon, Armaniston, Rossiya, Tojikiston, Belarus, Qozogʻiston, Moldova, Qirgʻiziston vakillari “Hamdoʻstlik yulduzlari” va “Hamdoʻstlik debyutlari” xalqaro mukofotlari bilan taqdirlandi.

Quvonarlisi, Oʻzbekiston xalq artisti Ramiz Usmonov va «Profi Solushns» kompaniyasi arxitektor-dizayneri Ikrom Haydarov ham eʼtirof etilganlar qatoridan oʻrin oldi.

Anjuman davomida MDH davlatlaridan kelgan 200 dan ortiq soha mutaxassislari va mahalliy mutaxassislar oʻrtasida fan, taʼlim, sport, turizm va boshqa sohalardagi rivojlanish borasida fikr almashildi, yoshlarning jamiyat hayotidagi oʻrnini yanada mustahkamlash va boshqa dolzarb masalalar boʻyicha taklif va tashabbuslar ilgari surildi. Shuningdek, sohalarni rivojlantirish uchun qilinajak ishlar yuzasidan qator kelishuvlarga erishildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?