Oʻzbekiston hunarmandlari Italiyada oʻtkazilayotgan xalqaro yarmarkada ishtirok etmoqda

17:49 07 Dekabr 2023 Jamiyat
231 0

Oʻzbekiston elchixonasi koʻmagida joriy yil 2-10-dekabr kunlari Italiyaning Milan shahrida boʻlib oʻtayotgan “Artigiano in Fiera” xalqaro yarmarkasida “Hunarmand” uyushmasi aʼzolari delegatsiyasi ishtirok etdi.

Yarmarkada oʻzbek hunarmandlari mahsulotlari oʻrin olgan “Oʻzbekiston” milliy stendi tashkil etildi.

1996-yildan buyon anʼanaviy ravishda har yili uyushtiriladigan ushbu yarmarka dunyodagi eng yirik tadbirlardan biri hisoblanadi.

Joriy mavsumda 2500 dan ziyod stenddan iborat ushbu yarmarkada 86 ta davlatdan kelgan hunarmandlar “inson va uning mehnati” gʻoyasi ostida “Goʻzallik va yaxshilik bunyodkorlari” mavzusida oʻz mahsulotlarini namoyish etmoqda.

Italiyaning eng yirik koʻrgazmalar saroyi “MilanoFiera Rho”da 9 kun davom etadigan mazkur tadbirga 1,5 million kishi kelishi kutilmoqda.

Milliy stend mamlakatimizning Rimdagi elchixonasi, “Hunarmand” uyushmasi hamkorligida milliy madaniyatimiz va anʼanalarimiz ruhida bezatildi.

Buxoro, Namangan, Toshkent va Fargʻonaning mohir usta hunarmandlari tomonidan yasalgan nodir taqinchoqlar, rang-barang toʻqimachilik, terichilik, kulolchilik va chilangarlik mahsulotlari tashrif buyuruvchilarda katta qiziqish uygʻotmoqda.

Yarmarkada sopol va keramikadan, ipak va paxta tolasidan, teri, yogʻoch va metalldan tayyorlangan xalq badiiy va amaliy sanʼat namunalari, oziq-ovqat mahsulotlari namoyishi bilan bir qatorda turli xalqlar sanʼati, turmush tarzi va qadriyatlarini aks etuvchi madaniy tadbirlar tashkil etilyapti.

Mamlakatimiz vakillarining ushbu yarmarkada ishtiroki nafaqat madaniy qadriyatlarimizni ilgari surish, balki yurtimizga sayyohlar oqimini oshirishga ham xizmat qiladi.

Koʻrgazma doirasida Oʻzbekiston “Hunarmand” uyushmasi va tadbir tashkilotchisi “Ge.Fi. Spa” kompaniyasi oʻrtasida hamkorlik istiqbollari toʻgʻrisida Anglashuv memorandumi imzolandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?