Oʻzbekiston Facebook, TikTok, Telegram va boshqa kompaniyalarga talabnoma yubordi

14:01 12 May 2021 Jamiyat
2282 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “Shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining ijrosini oʻrganishga bagʻishlangan nazorat-tahlil tadbiri oʻtkazildi.

Mazkur nazorat-tahlil tadbirida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazining “Shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 20-moddasi hamda ushbu hujjatning 2021-yil 15-aprel kuni kuchga kirishi nazarda tutilgan 271-moddasi ijrosini taʼminlash boʻyicha amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisidagi axboroti eshitildi.

Qayd etilishicha, “Shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining mazkur moddalariga koʻra endi “Facebook Inc.» (Facebook Messenger, Instagram, WhatsApp), Google (Google Messenger, YouTube), Mail.ru (Vkontakte, Odnoklassniki), Microsoft Skype, Telegram, Tencent Wechat, TikTok, Twitter, Yandex (Yandeks.taksi, Yandeks.kartы, Yandeks.messenjer, Yandeks.dengi) kabi ijtimoiy tarmoqlar va internet kompaniyalar Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining shaxsga doir maʼlumotlariga ishlov berishda ushbu maʼlumotlarni jisman yurtimiz hududida joylashgan texnik vositalarda hamda bazalarda yigʻilishini, tizimlashtirilishini va saqlanishini taʼminlashi hamda shaxsga doir maʼlumotlar bazalari davlat reyestrida roʻyxatdan oʻtkazilishi shartligi belgilangan. Bu esa, ijtimoiy tarmoqlar va internet kompaniyalar Oʻzbekiston Respublikasida qonuniy faoliyat yuritishni istashsa, oʻz texnik vositalarini Oʻzbekiston hududiga oʻtkazishlari shartiligini yoki belgilangan tartibda maʼmuriy yoxud jinoiy javobgarlikka tortilishlari mumkinligini anglatadi.

Davlat personallashtirish markazi direktori U. Toshxoʻjayevning soʻzlariga koʻra, ushbu yoʻnalishda markaz tomonidan bugungi kunga qadar bir qancha ishlar amalga oshirilgan. Xususan, shaxsga doir maʼlumotlarga axborot texnologiyalaridan foydalangan holda ishlov berishda, shu jumladan, Internet jahon axborot tarmogʻida ishlov berishda ularni jisman Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan texnik vositalarda yigʻilishi va saqlanishini taʼminlash maqsadida xorijda faoliyat yuritayotgan “Facebook Inc.» (Facebook Messenger, Instagram, WhatsApp), Google (Google Messenger, YouTube), Mail.ru (Vkontakte, Odnoklassniki), Microsoft Skype, Telegram, Tencent Wechat, TikTok, Twitter, Yandex (Yandeks.taksi, Yandeks.kartы, Yandeks.messenjer, Yandeks.dengi) kompaniyalariga qonunchilik talablarini bajarish haqida murojaat xatlari yuborilgan. Shuning bilan birga, “Shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 20-moddasi talablarining ijrosini taʼminlash maqsadida yaratilgan pd.gov.uz axborot tizimi orqali shaxsga doir maʼlumotlar bazalari mulkdor va (yoki) operatorlarini shaxsga doir maʼlumotlar bazalarining Davlat reyestri roʻyxatidan oʻtkazish ishlari olib borilmoqda.

Kun tartibidagi masala yuzasidan deputatlar ham oʻz fikr va mulohazalarini bildirishdi. Xususan, deputat Sh. Sharafutdinov Oʻzbekiston Respublikasining qonunchilik hujjatlariga bunday normalarning kiritilishi avvalambor fuqarolarning shaxsiy huquq va erkinliklarini taʼminlashdan iborat ekanligini aytib, bu huquq Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 13 va 27-moddalarida mustahkamlab qoʻyilganini taʼkidladi.

Xalq vakillarining qayd etishicha, soʻnggi yillarda yuqorida nomlari keltirilgan ijtimoiy tarmoqlar va internet kompaniyalarga turli xil kiber hujumlari uyushtirilib kelinmoqda. Buning natijasida millionlab insonlar, qolaversa Oʻzbekiston fuqarolarining shaxsiy maʼlumotlari ham oʻgʻirlanmoqda. Fuqarolarimizning pasport maʼlumotlariga noqonuniy tarzda ega boʻlayotganlar, ushbu maʼlumotlardan ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy manfaatlar yoʻlida foydalanishlari xavfi ortmoqda.

Shunga qaramasdan, qonun normasi kuchga kirganiga 1 oy boʻlgan boʻlsada vakolatli davlat organi tomonidan mazkur soha boʻyicha koʻzga koʻrinadigan natijalarga erishilmaganligi deputatlarning jiddiy eʼtiroziga sabab boʻldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер