Oʻzbek va belarus kinoijodkorlari tomonidan “Osiyo arsloni” filmining suratga olish ishlari boshlandi

17:50 11 May 2022 Madaniyat
2076 0

Foto: Oʻzbekiston Kinematografiya agentligi

Fargʻonada Oʻzbekiston Kinematografiya agentligi va «Belarusfilm» kinostudiyasi hamkorligida oʻzining jasorati va vatanparvarligi bilan mashhur boʻlgan Ikkinchi jahon urushi qahramoni Mamadali Topvoldiyev hayotiga bagʻishlangan filmning suratga olish ishlari boshlandi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan anʼanaviy “likopcha sindirish” marosimiga «Belarusfilm» kinostudiyasi bosh direktori Vladimir Karachevskiy, Oʻzbekiston Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov, suratga olish guruhlari aʼzolari va kinoijodkorlar jamoasi ishtirok etdi.

— Hozirgi kunda dunyo bilan kino tilida gaplashish, qadriyatlar, katta va doʻstona oilamiz haqida, qarindosh-urugʻ va doʻstlarga hurmat va ehtirom, chinakam sadoqat haqida gapirish juda muhim. “Osiyo arsloni” filmi qahramoni Mamadali Topvoldiyev nafaqat oʻzbek, balki belarus xalqining ham qahramoni hisoblanadi. Ushbu film doʻstlik, hayot uchun kurash, oʻzgalarni hayotini saqlash va fidoyilik haqida hikoya qiladi», — dedi «Belarusfilm» bosh direktori Vladimir Karachevskiy.

Oʻzbek va Belarus kinematografi tomonidan teng ulushlarda moliyalashtirilayotgan film Fargʻona viloyatida tugʻilgan, urushda partizan razvedkachisi sifatida ishtirok etgan Sovet Ittifoqi Qahramoni Mamadali Topvoldiyev (Belarus partizanlari uni «Kazbek» deb atashgan) haqida hikoya qiladi. Filmga “Men terrorchi emasman” filmi bilan tanilgan Muhammadali Iskandarov rejissyorlik qilmoqda.

— Bugun Fargʻona shahrida Oʻzbekiston Kinematografiya agentligi va «Belarusfilm» kinokompaniyasi hamkorligidagi “Osiyo arsloni” (tahr. – avvalgi nomi «Kazbek») filmining suratga olish ishlari boshlandi, — deydi Firdavs Abduxoliqov. — Davlatimiz rahbari kinoijodkorlar oldiga xalq qahramonlari obrazlarini kinoda abadiylashtirish vazifasini qoʻymoqda. Mamadali Topvoldiyev esa xalqimizning haqiqiy milliy qahramoni. Oʻzingiz xulosa qiling: M. Topvoldiyev asirga tushib, qochib ketadi va partizanlar safiga qabul qilinadi. U koʻpriklar va yoʻllarni minalaydi, dushmanning 19 ta eshelonini relsdan chiqarib yuboradi, fashistlar Germaniyasiga aqlga sigʻmaydigan zarar yetkazadi va ularni dahshatga soladi. Qoʻl jangida u 76 fashistni yoʻq qiladi, bitta nemis generalini va gʻalaba uchun qimmatli maʼlumotlarni taqdim etgan juda koʻp ofitserlarni asirga oladi. Natsistlar Kazbekning boshi uchun 50 ming reyxsmarka vaʼda qilishadi! Uning nomi bilan bogʻliq bir nechta hikoyalar mavjud. Har bir operatsiyadan keyin u daraxtga xanjar bilan Kazbek nomini oʻyib yozib qoldirardi, shu tarzda u oʻz izini qoldirgan va nemislarni qoʻrquvda ushlab turgan. Mamadali Topvoldiyevning xizmatdoshlari uni Kavkazdagi ulugʻvor togʻga qiyoslab, «Kazbek» deb atashgan, nemislar esa “Osiyo arsloni” nomini berishgan. 1944-yilda Stalin unga “Sovet Ittifoqi Qahramoni” unvonini bergan. 

«Oʻzbekfilm» kinokonserni direktori Bahodir Odilovning maʼlumot berishicha, bosh rolga Ulugʻbek Qodirovning tanlanishi bejiz emas.

— Biz aktyorni AQSHdaligida taklif qilgan edik. U rol ustida sinchkovlik bilan ishlashda davom etmoqda va hatto 25 kilogramm tashlashga muvaffaq boʻldi. Oʻzbekiston yoshlari uni yaxshi koʻradi va u qahramon obrazini munosib gavdalantira oladi, deb umid qilamiz. Film loyihasini moliyalashtirish uchun 2 million AQSH dollari miqdorida mablagʻ jalb etildi. Kinematografiya agentligi va «Belarusfilm» xarajatlarni teng ulushda qoplaydi. Fargʻona viloyati hokimligi ham munosib hissasi bilan loyihani qoʻllab-quvvatlaydi degan umiddamiz, — deydi B. Odilov.

«Uzbechka» va “Osiyo arsloni” loyihalarini amalga oshirish boʻyicha kelishuvlar oʻtgan yilning kuzida Minskda oʻtkazilgan «Listopad» kinofestivalida tuzilgan edi, taʼkidlab oʻtish lozimki, mazkur kinofestivalda Oʻzbekistonning “Ilhaq” filmi bosh sovrinni qoʻlga kiritgan edi.

Film realistik jangovar sahnalar, kinoxronikalar va chuqur emotsionallik bilan tomoshabinlarni xursand qilishni vaʼda qiladi.

Tasvirga olish muhiti menga juda maʼqul keldi. Uy esa oʻsha muhitni eslatayapti. Oʻzimni shu davrdagidek xis qilayapman. Liboslar, uning rangi taqinchoqlargacha alohida ahamiyat qaratishgan. Rosti samimiy vodiy xalqi, ularning shirin soʻzlari menga ilhom bagʻishlamoqda. Men tarixi filmda tasvirga tushayotganimdan xursandman, — deydi aktrisa Shohida Ismoilova.

— Tarixiy filmda obrazni jonlantirishning oʻz yuki bor. Rolga kirishdan avval rosti shu yukni his qildim. Urush va uning kechinmalari asarda yoritilyapti. Filmdagi voqeliklarni hammasini oshkor qila olmayman. Tomoshabin kutsin, yana bir tarixiy asar yaratilyapti. Asar yaratilganda ham chinakam qahramon hayoti, — deydi Oʻzbekiston xalq artisti Tesha Moʻminov.

— Qisqa soʻzlamoqchiman. Filmda Mamadali Topvoldiyevning otasi obrazini yaratyapman. Eng ogʻir sahna bu men uchun farzandini urushga joʻnatayotgan ota. Boshiga doʻppi kiydirib millatni, mamlakatni, oilani unutma degan ramzi bor, — deydi Oʻzbekiston xizmat koʻrsatgan artisti Karim Mirxodiyev..

— Topvoldiyev rolini ijro etyapman. Mamlakatimizning chinakam qahramoni. Obrazni his qila boshladim. Qiziq bir gapni aytmoqchiman. Shu obraz uchun 25 kilogrammdan koʻproq vazn tashlashimga toʻgʻri keldi. Ozishga rozi boʻlganim va ozganim bu obrazni yaratishni istaganimni bildiradi. Bu haqda koʻp gapirmayman film haqiqiy tarixiy asar boʻladi, — deydi bosh rol ijrochisi, aktyor Ulugʻbek Qodirov.

— Avvallari tarixiy klip suratga olganman. Tarixiy filmga birinchi marotaba qoʻl urishim. Film yaratishga ruhan oʻzimni tayyorlab mana bugun birinchi tasvirga olish ishlarini boshladik. Filmga oʻzbek va belaruslik ijodkorlar hamkorlikda mualliflik qilishmoqda. Asarda haqiqiy oʻzbek oʻgʻloni hayoti yoritiladi. Asriy anʼanalarini asrashga bel bogʻlagan oʻgʻlon. Ikki mamlakat ijodkorlari bir maqsadda Mamadali ota hayotini yoritishga kirishdik, — deydi rejissyor Muhammadali Iskandarov.

Fil suratga olish jarayoni boshlanishi munosabti bilan Fargʻona vodiysining Zohidon shahrida Mamadali Topvoldiyev nomidagi muzey ochildi. Muzeyning ochilish marosimida viloyat hokimi Xayrullo Bozorov ham ishtirok etdi.

Quyida filmning suratga olish maydonidan tayyorlangan beksteyjni eʼtiboringizga havola qilmoqchimiz. https://youtu.be/KuPrBngMz2E

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?