Oʻzbek urani farovonlik yoʻlida

10:11 10 Yanvar 2025 Jamiyat
117 0

Temur ESHBOYEV/“Xalq soʻzi”. Bugun mamlakatimiz uran qazib olish va zaxiralarni rivojlantirish borasida katta tajribaga ega davlatlardan biri hisoblanadi. Tarmoqdagi uran zaxiralarini tayyorlash va qazib olish ishlarining asosiy qismi 70-yildan ortiq vaqt davomida “Urankamyobmetgeologiya“ AJ tomonidan amalga oshirilib, mazkur korxona hozirgi kunda “Uran va noyob metallar geologiyasi“ ilmiy-ishlab chiqarish markazi sifatida faoliyat yuritmoqda.

Uran resurslari boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-iyuldagi “2022 — 2030-yillarda “Navoiyuran” davlat korxonasida uranni qazib olish, qayta ishlash hajmlarini oshirish hamda uni transformatsiya qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida yanada kengaydi. Bu qaror “Navoiyuran“ davlat korxonasini toʻlaqonli integratsiyalangan tizimga aylantirdi va uran qidirishdan tortib, uni qayta ishlashgacha boʻlgan barcha bosqichlarni oʻz ichiga oldi.

Geologiya-qidiruv ishlarini modernizatsiya qilish va raqamlashtirish sohada yangi imkoniyatlarni ochdi. Ushbu jarayonlar samaradorlikni oshiribgina qolmay, uran qazib olish sohasidagi natijalarni yuqori pogʻonaga koʻtardi.

— Bugun “Uran va noyob metallar geologiyasi“ ilmiy-ishlab chiqarish markazi tarkibida respublikaning shimoliy, markaziy va janubiy qismlarida alohida geologiya-qidiruv ishlarini olib boruvchi Navoiy va Samarqand viloyatlarida joylashgan 3 ta — “Bukantov”, “Nurota” va “Zirabuloq” geologiya-qidiruv ekspeditsiyalari hamda Geologiya qidiruv partiyasi faoliyat yuritmoqda, — deydi “Uran va noyob metallar geologiyasi” IICHM direktori Zafar Rahimov. — Shuningdek, mazkur ekspeditsiyalarning dala geologik loyihalari natijalari asosida olinayotgan togʻ jinslari, maʼdan tarkiblarini, texnologik eritmalarning analitik tahlillarini amalga oshirib kelayotgan Geologik laboratoriya majmuasi geologiya-qidiruv ishlarida xizmat qilib kelmoqda.

Bir soʻz bilan aytganda, respublikaning barcha hududlarida xususan, Markaziy Qizilqum, Ziyavutdin-Zirabuloq, Sirdaryo botiqliklari kabi uranga ixtisoslashgan mintaqalarida geologlar, geofiziklar, geotexnologlar, burgʻilovchi mutaxassislar va topograf-marksheyderlar olib borgan tadqiqotlar natijasida yerosti boyliklarining zaxira va prognoz resurslari yildan-yilga oshmoqda.

Geologiya-qidiruv ishlari orqali Bukantogʻ va Tomditogʻ togʻlarining yon bagʻirlaridagi uranga istiqbolli hududlarini oʻrganish, shuningdek, bashorat-tematik loyihalar doirasida olib boriladigan ishlar yangi istiqbolli maydonlarni aniqlashga qaratilgan. Shuningdek, Ilmiy-ishlab chiqarish markazi va uning “Nurota” (Zafarobod, Konimex, Tomdi), “Bukantov” (Uchquduq, Tomdi, Zarafshon), “Zirabuloq” (Nurobod, Ziyovuddin) geologiya-qidiruv ekspeditsiyasi va Geologiya-qidiruv partiya (Zafarobod, Konimex, Tomdi)lari Uchquduq tumanida joylashgan Uchquduq, Ziyokon, Mingboy, Moylisay, Tomdi tumanida joylashgan Qizilqoq, Auminza, Toshqoʻra, Mullali, Nurafshon, Jasaga va Oqberdi dala maydonlarida olib borgan izlanishlari natijasida bashorat resurslari va uran zaxiralari oshishiga erishildi. 2024-yilda 3 ta yangi maydonlarda geologiya-qidiruv ishlari olib borildi.

— Ilmiy-ishlab chiqarish markazimiz oldiga 2030-yilga qadar respublikaning barcha hududlarida uranni izlash, qidirish, baholash hamda bashorat-tematik ishlarini olib borish orqali uran mineral xomashyosi bazasini 100 ming tonnaga yetkazish vazifasi qoʻyilgan, — deya davom etadi Z.Rahimov. — Bundan tashqari, burgʻilangan har bir quduqlarda geofizik tadqiqot ishlarini olib borish va topogeodeziya xaritalar bilan bogʻlash, quduqlardan olingan geologik kern namunalarni laboratoriya sharoitida oʻrganish, maʼdan hosil qiluvchi gorizontlarning gidrogeologik sharoitlarini oʻrganish ishlari olib borilmoqda. Shu kabi maqsadlarda oʻtgan yili “Navoiyuran” DK oʻz mablagʻlari hisobidan “Mineral xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta toʻldirish davlat dasturi” doirasida 47 ta loyihalar boʻyicha geologiya-qidiruv ishlarini olib borildi. Ushbu loyihalarning 7 tasi qoʻshimcha qidiruv ishlari, 4 tasi qidiruv ishlari, 7 tasi baholash ishlari, 16 tasi izlash ishlari, 10 tasi tajriba-sanoat ishlari va 3 tasi prognoz-tematik ishlar hisoblanadi.

Markaziy Qizilqum va Samarqand hududida 1 617 000 metr burgʻilash ishlari amalga oshirildi. Oʻtgan yil natijalariga koʻra uran zaxiralari 10 000 tonnaga, bashorat resurslari esa 12 500 tonnaga oshirildi. Yangi istiqbolli maydonlar aniqlanib, ularning kon tuzilishi oʻrganildi.

2024-yil davomida burgʻilangan quduqlardan 30 mingdan ortiq geologik namunalar olindi. Olingan namunalardan zamonaviy laboratoriyalarda oʻtkazilgan tahlillar U, Mo, Se kabi elementlarning konsentratsiyasini aniqlashda yordam berdi. Geofizik tadqiqotlar yangi uran konlarini ochish imkoniyatini oshirdi. Shu bilan birga, gidrogeologiya sharoiti ham chuqur oʻrganildi.

Taʼkidlash joiz, uran sohasidagi xalqaro hamkorlik geografiyasi ham kun sayin kengaymoqda. Fransiya, Germaniya, Xitoy kabi sohada nufuzga ega mamlakatlarning kompaniyalari bugungi kunda hamkorlik qoʻllarini choʻzib, uranga istiqbolli maydonlarni topish va geologiya-qidiruv ishlari koʻlamini kengaytirishda yuqori samara bermoqda. Misol uchun, Yaponiyaning “JOGMEG” va “ITOCHU” kompaniyalari bilan birgalikda olib borilayotgan tadqiqotlar nafaqat moliyaviy jihatdan, balki texnologik rivojlanish uchun ham katta hissa qoʻshib, “Jasaga“ maydonidagi tadqiqot ishlari xalqaro standartlar darajasida amalga oshirildi.

Oʻzbekiston urani jahon miqyosida yuqori sifatga ega boʻlib, energetika uchun muhim resurs. Soʻnggi yillar sohada amalga oshirilgan islohotlar va izlanishlar uran zaxiralarini oshirish, yangi maydonlarni tadqiq qilish va qazib olish jarayonlarini zamonaviylashtirishda sezilarli yutuqlarga olib keldi. Bu oʻz-oʻzidan 2030-yilga qadar uran mineral xomashyo bazasini 100 000 tonnagacha kengaytirish, yangi texnologiyalarni joriy etish va raqamlashtirishni davom ettirish, yosh kadrlarni tayyorlash dasturlarini ijrosini toʻliq taʼminlash va sohani ilm-fan bilan integratsiya qilish, xalqaro hamkorlik koʻlamini yanada oshirish orqali sarmoyalarni jalb etishni taqozo etadi. Pirovardida esa bularning barchasi Oʻzbekistonning energetika resurslari sohasidagi nufuzini mustahkamlab, uning xalqaro bozordagi pozitsiyasini yanada kuchaytirishga xizmat qilishi shubhasiz.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?