​​​​​​​Oʻzbek qizi — Olimpiya chempioni!

21:43 02 Avgust 2024 Sport
441 0

Sportchi Olimpiadadagi bitta yorqin gʻalabasi bilan oʻz nomini, mamlakati nomini tarix sahifasiga yozishi mumkin. Endi shunday oʻz nomini, mamlakati nomini tarix sahifasiga yozgan sportchilar qatorida Parij olimpiadasida Olimpiya chempioni boʻlgan oʻzbek qizi Diyora Keldiyorova ham alohida hurmat bilan tilga olinadi.

Xalqimiz bu tarixiy gʻalabani yillar, asrlar kutdi. Negaki, qadimiy olimpiada eramizdan avvalgi 776-yildan to milodiy 394-yilgacha har toʻrt yilda Gretsiyaning Olimpiya shahrida oʻtkazilgan. Fransiyalik maʼrifatparvar Pyer de Kuberten Olimpiya oʻyinlarini tiklash gʻoyasini keng targʻib qildi. Zamonaviy olimpiada 1896-yildan har toʻrt yilda oʻtkazib kelinmoqda. Yurtimiz sportchilari mustaqil jamoa sifatida 1996-yilgi Atlanta olimpiadasidan qatnasha boshladi. Oʻtgan olimpiadalarda oʻzbek qizi medal olishgina emas, hatto ayrimlarida qatnashmadi.

Zar qadrini zargar biladi. Taniqli sport jurnalisti, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist Safar Ostonovning qirq yillar ilgari yozgan maqolalaridagi ogʻriqli jumlalarga eʼtibor bering: “Oʻzbekiston jamoasi saflanganda ular orasida birorta qorakoʻz bormikin, deya ilhaq tikilardim”, “Oʻzbek sportchi qizlari haqida koʻp oʻylardim. Toʻgʻrisi, juda alam qildi. Mamlakat miqyosida tanilgan birorta oʻzbek qizimiz yoʻq ekan...” Ha, mustabid tuzumga oʻzbeklardan chiqqan sportchi emas, paxtakor kerak edi. Shularni oʻylaganda jurnalist ezilardi: “Toʻmarisning qondoshlari, jondoshlari gʻarib boʻlib qolganidan, yelkasi ketmondan yagʻir boʻlayotganidan, orzulari gʻoʻzalar novdalariga bogʻlanib qolayotganidan faryod qilgim kelardi”. Shu bois Safar Ostonov sohani rivojlantirishga hissasini qoʻshish uchun istiqlol shabadasi bilan oʻzbek tilida chiqarilishi rejalashtirilgan “Sport” gazetasiga ishga keldi va dastlabki sonidagi bosh maqolasida yozdi: “Bu dardlar, ogʻriqlar, armonlar diyonatli, vijdonli, ongli barcha hamyurtlarimiz yuragida bor. Shuning uchun “Sport”ga keldim... Biz sportga millat salomatligi, obroʻsi, madaniyati, kuch-qudrati deb qaraymiz va yozayotganimizda buni aslo unutmaymiz”.

Oʻzbek qizining Olimpiya chempioni boʻlishini intizorlik bilan kutgan Safar Ostonovga hayot vafo qilganida qanday maqolalar yozgan boʻlardi?.. Maqola yozish nima boʻpti, rangli-bezakli maxsus son tayyorlardi! Shukurki, yurtimizda oʻzbek qizlarining kamolga yetishiga, shonli gʻalabalarga erishishiga jon koyitadigan fidoyilar bor edi va ular hozir ham bor. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Diyorani olamshumul gʻalabasi bilan kurash tugashi bilan telefon orqali tabriklagani, ezgu tilaklarini bildirganlari buning yorqin isbotidir!

Dunyo miqyosida davlatning salohiyati vakillarining olimpiadada qoʻlga kiritgan medallari salmogʻiga qarab belgilanadi. Mana endi Oʻzbekistonimiz dunyo miqyosida salohiyatli davlat ekanligini hamma biladi. Chunki Olimpiya chempioni boʻlib, oʻz yurtini sharaflagan sportchilar safida Diyoramiz ham bor. Bu sportimiz, yurtimiz tarixiga zarhal harflar bilan yoziladigan OLAMSHUMUL GʻALABA!

Chorak asr ilgari birov 1998-yil 13-iyul kuni Samarqand viloyatining Pastdargʻom tumani Poʻlatchi mahallasidagi oddiy oʻzbek oilasida(otasi Baxtiyor paxta tozalash zavodida ishchi, onasi Dilorom bogʻchada tarbiyachi edi) tugʻilgan Diyora kelajakda Olimpiya chempioni boʻladi desa hech kim ishonmasdi. Hatto ozgʻingina qizaloqning sportchi boʻlishini koʻz oldiga keltira olmasdi. Biroq, bunga buvisi Gulsara momo ishondi. Oʻzi nabirasini tarbiyaladi, sport oʻyinlariga qiziqtirdi, shugʻullantirdi(shuning uchun “Buvisining qizi” nomini olgan). Olti yoshida Jumadagi bolalar va oʻsmirlar maktabiga yetaklab bordi, dzyudo toʻgaragi murabbiyi Xurshida Xoliqovaga topshirdi. Murabbiyga Diyoraning mashgʻulotlar paytidagi tirishqoqligi yoqdi va musobaqalarga qatnashtira boshladi.

Toʻrt yildan keyin dzyudo boʻyicha 23 kg. vazn toifasida(oʻsha vaqtda vazni 24 kg. tosh bosadigan girdan kam edi) oʻsmirlar oʻrtasida oʻtkazilgan Oʻzbekiston birinchiligida gʻolib chiqdi va mamlakat terma jamoasi aʼzolari roʻyxatiga kiritildi. 2014-yil Nankin shahrida oʻsmirlar oʻrtasidagi Osiyo oʻyinlarida bronza medali olganidan buvisi quvondi. 2015-yili yoshlar oʻrtasida Oʻzbekiston birinchiligida gʻolib chiqqanini esa koʻrmadi... Oʻgʻli va keliniga shunday vasiyat qildi: “Diyoraga sportda yordam beringlar, qoʻllab-quvvatlanglar. Gʻalabalarini men koʻrmasam ham el koʻrsa boʻldi”.

Diyora buvisining ruhini shod qilish uchun dzyudo bilan yanada qattiqroq shugʻullandi, kattalar oʻrtasida Oʻzbekiston, Osiyo chempioni boʻldi, Osiyo oʻyinlarida gʻolib chiqdi, jahon chempionati, “Ulkan toj” musobaqalarida sovrinli oʻrinlarni egalladi. Dzyudochilar orzusi boʻlgan “Ulkan toj”ni ham qoʻlga kiritdi. Uning sportda erishayotgan muvaffaqiyatlari munosib baholandi: “Kelajak bunyodkori” medali, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti, “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sportchi” unvoni bilan taqdirlandi.

Har bir alpinistning orzusi Everest choʻqqisini zabt etish, har bir sportchining orzusi Olimpiya chempioni boʻlish! Diyora Tokio olimpiadasini eslaganda birinchi davradan chiqib ketgani alam qilardi va mashgʻulotlarga zoʻr berardi. Parij olimpiadasining dzyudo boʻyicha 52 kg. vazn toifasidagi musobaqalari boshlandi. Qurʼa natijasiga koʻra, Diyoraning birinchi davradagi raqibi Tokio olimpiadasi chempioni, dzyudo vatanidan boʻlgan yaponiyalik Uta Abe (uning unvonlarini sanasak, koʻp joy egallaydi. Buning ustiga Diyora jahon chempionati finalida Utaga yutqazgandi).

Tajribali Uta dastlabki soniyadan tashabbusni qoʻlga oldi, usul ishlatib, hisobda oldinga oʻtdi. Vaqt oʻtishi juda tezlashdi, jangni yakunlaydigan toʻrtinchi daqiqa boshlandi. Tirishqoq, irodali Diyora mahoratini koʻrsatib, raqibini siltab otdi. Raqibi tatamiga uzala yotdi – ippon. Diyoraning gʻalabasi! Agar dzyudo asoschisi Dzigoro Kano bu usulni koʻrganida yaponcha mulozamat bilan Diyoraga taʼzim qilardi.

Ikkinchi davradagi raqib ham kuchli, jahon chempionati sovrindori, olmoniyalik Masha Belxaus. Diyora jang boshida tashabbusga erishdi, ketma-ket usul ishlatishga urindi. Raqibi esa faqat himoyalandi va ogohlantirishlar oldi. Hakam hujumkor Diyorani gʻolib deb topdi. Uchinchi davradagi raqib: Tokio olimpiadasi kumush medali sovrindori, fransiyalik Amandin Bushar. Niyati oʻz yurtida Olimpiya chempioni boʻlish, buning ustiga maydondagi tomoshabinlar uni qoʻllab-quvvatlardi.

Murosasiz kechgan jangda Diyora usul ishlatdi va ustunligini saqlab qoldi. Toʻrtinchi, yaʼni finaldagi raqib ham kuchli: 48 kg. vazn toifasida Tokio olimpiadasi chempioni, kosovalik Distriya Krasnichi. Koʻzlari chaqnab tatamiga chiqqan Diyora raqibiga nisbatan usul ishlatdi.

Tajribali raqibi qancha urinmasin bu ustunligini boy bermadi – GʻALABA, OʻZBEK QIZI – OLIMPIYA ChEMPIONI! Bu sport tariximizdagi zarhal sahifaning boshlanishi. Ishonchim komil, hali boshqa qizlarimiz ham Olimpiya choʻqqisini zabt etib, dunyo ahlini hayratga soladi. Chunki Prezidentimiz sportchilarimiz, ayniqsa, qizlarimizning ana shunday yuksak muvaffaqiyatlarga erishishlari uchun barcha sharoitlarni yaratib beryaptilar.

Gʻalabaning gʻalabadan farqi bor. Diyoraning Parij olimpiadasidagi raqiblari Olimpiya chempionlari, olimpiada va jahon chempionati sovrindorlari boʻldi. Yaʼni, ulardan boshqa zoʻri yoʻq. Keskin oʻtgan janglarda Diyora barcha raqiblaridan ustun keldi, milliy kurashimizdan oziq olgan oʻzbek dzyudo maktabi jahonda ham oʻz oʻrniga ega ekanligini isbotladi.

Shu bois Diyoraning gʻalabasi dunyo ahlida hayrat uygʻotdi. Barcha Diyorani samimiy qutladi. Birinchilardan boʻlib tabriklaganlar orasida Yaponiyadagi shahar hokimi(holbuki, uning yurtdoshi ham yutqazdi), Angliya elchisi va boshqa arboblar ham bor.

Xalqaro Olimpiya qoʻmitasi rasmiylari esa Lozannagi Olimpiya muzeyiga qoʻyish uchun Diyoraning finalda kiygan kimonosini olishdi. Hurmatu ehtiromlar davom etadi, maqolalar yoziladi, asarlar yaratiladi. Diyora Keldiyorovaning gʻalabasi ana shunday eʼzozlarga, ardoqlarga arziydigan BUYUK GʻALABA!

DIYORA

Mardlar olishmaydi, siltab otadi.

Barchinning Alpomishga daʼvati.

“Alpomish” dostonidan.

Qancha yovqurlarni koʻrgandir dunyo,

Kunchiqar yurtda ham tinmasdi savash.

Va shunda yaratdi Dzigoro Kano,

“Yumshoq yoʻl” atalgan yangi bir kurash.

Dzyudo – yumshoq yoʻl, degani faqat

Unda gʻalabaga erishmoq qiyin.

Olimp choʻqqisiga chiqmoq mashaqqat,

Qancha mardlar beli sinishi tayin.

Doim jilva sochar Olimp choʻqqisi,

Har kimning orzusi ushalmas kushod.

Oʻylasa, polvonlar qochar uyqusi,

Urinib koʻrgandir Abdulla, Rishod...

Bizda Alpomish tang qolsa maydonda,

Chetda Barchin chorlar siltab otishga.

Barchin qizlar bordir Oʻzbekistonda,

Diyora daʼvogar siltab otishga.

Olimpni zabt etgan yapon qiz Uta,

Chempionlik istar ikkinchi bora.

Jangni kuzatadi hamma hayratda,

Chunki raqibasi epchil Diyora.

Uta yaponga xos usul ishlatar,

U oldinda, chopar soniya mili.

Uta tatamiga uzala yotar,

Uni qulatgandi oʻzbekning chili.

Koʻkda paydo boʻlar Dzigoro Kano,

Diyoraga mamnun aylaydi taʼzim.

Pahlavon Mahmud ham samoda paydo,

Deydi: “Menga tortgan Diyora qizim”.

Koʻkda paydo boʻlar Gulsara momo,

Ustozlarga yoʻllar taʼzim va salom.

Shukur, nabiramni siyladi Ollo,

Sizday pirlar ruhi qoʻlladi mudom.

Hali yutuqqacha zahmatli yoʻl bor,

Tatamida kutar olmon zoʻr qizi.

Deydilar, zoʻrdan zoʻr boʻlar zoʻrabor,

Qarang, Diyoraning chaqnadi koʻzi.

Maydon guvlar, chiqar farang Amardin,

Parijda surmoqchi gʻalaba gashtin.

Jang boshlandi, maydon guvlar, olmas tin,

Shovqin Diyoraning oshirdi shashtin.

Olimpga chiqqandir xorvat Distriya,

Chempion boʻlmoqchi ikkinchi bora.

Qancha raqiblarin etgandi qiya,

Unga yoʻl bermadi bizning Diyora.

Toʻrtta ayovsiz jang va toʻrt daqiqa,

Diyorani mashhur qildi jahonga.

Koʻksida porlaydi oltin aqiqa,

Katta toʻy muborak Oʻzbekistonga!

Elda yetti yoshdan yetmish yoshgacha,

Barcha xursand, dilu tillarda shukur.

Yurtboshi sim qoqar shu oydin kecha,

Diyorani qutlar, aytar tashakkur.

Azal xolislikka timsoldir oftob.

Yutqazgan yapon qiz uning yaqini,

Diyorani qutlar yapon hokimi,

Inglizlar elchisi, muxlisu arbob.

Diyorimga mehrim bisyordan bisyor,

Diyoraday qancha farzandlari bor.

Hur Oʻzbekistonim goʻzal, betakror,

Biroq, Diyoraning oʻzi bir diyor!

Asror MOʻMIN,

shoir va tarjimon,

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер