Oʻzaro manfaatli hamkorlik
Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan hayotbaxsh islohotlar samarasi sifatida Fargʻona viloyatida ham biznes yuritish, investitsiyaviy salohiyatni oshirish uchun barcha imkoniyatlar mavjud.
Viloyat 142 ta arxitektura, 118 ta arxeologik, 33 ta madaniy yodgorliklari hamda 88 ta diqqatga sazovor joylari va yuzlab bebaho tarixiy yodgorliklari bilan chet ellik sayyohlarni oʻziga jalb etadi. Rishton kulolchiligi, Margʻilon shoyi ipagi va Qoʻqon hunarmandchiligi butun dunyoga mashhur.
Fargʻona viloyati qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksporti borasida respublikada yetakchi oʻrinni egallaydi. Mevazor bogʻlar, uzumchilik, don, poliz va sabzavot mahsulotlari qishloq xoʻjaligining asosiy drayveridir.
Oʻtgan hafta Qoʻqon shahri ikkita nufuzli xalqaro anjumanga mezbonlik qildi. Tarixiy Oʻrda maydonida oʻtkazilgan “Fargʻona – vodiy gavhari. Investitsiya va turizm istiqbollari” mavzuida xalqaro forumda dunyoning 30 dan ortiq davlatlaridan 100 dan ziyod kompaniyalar ishtirok etdi.
— Ikki kun davom etgan forumda Vengriya, Quvayt, BAA, Turkiya, Qatar singari mamlakatlarning yirik kompaniyalari bilan hamkorlikda loyihalarni amalga oshirish boʻyicha viloyatga 300 million dollar hajmida investitsiya jalb etishga kelishildi, — deydi Fargʻona viloyati hokimi oʻrinbosari Nuriddin Mamajonov. — Bu kelishuvlar natijasida qishloq xoʻjaligi, elektrotexnikasi, logistika markazi tashkil etish, farmatsevtika, qurilish materiallari ishlab chiqarish tarmoqlarida yangi-yangi loyihalar hayotga tatbiq etiladi.
Xorijdan tashrif buyurgan investorlar, kompaniyalar rahbarlari viloyatdagi sanoat zonalari, logistika markazlari hamda turizm obyektlari faoliyati bilan tanishdi. Quvonarlisi, tadbirlar yakunida Oʻzbekiston Markaziy Osiyoda investitsiya kiritish uchun eng qulay mamlakat sifatida eʼtirof etildi. Bu borada hududlar, xususan, Fargʻona viloyatining investitsiya salohiyati tobora yuksalib borayotgani taʼkidlandi.
Shuningdek, oʻtgan hafta Qoʻqon shahrida Oʻzbekiston – Vengriya oʻrtasida hududlararo birinchi forum ham oʻtkazildi. Unda qardosh yurtning Yas Nadkun Salnok viloyati prezidenti Imre Xubay, ijrochi hokimi Attilo Berko boshchiligidagi delegatsiya qatnashdi. Tadbirda Fargʻona viloyati, Qoʻqon shahri bilan Yas Nadkun Solnok viloyati oʻrtasida birodarlashgan hudud maqomini beruvchi hamkorlik bitimi imzolandi.
Oʻz navbatida, ikki hudud tadbirkorlari oʻrtasida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik sohasidagi muloqotlar koʻlamini yanada kengaytirish tashabbusi qoʻllab-quvvatlandi.
Aytish joiz, Fargʻona viloyati va Vengriya oʻrtasidagi oʻzaro tovar aylanmasi oxirgi besh yilda 4,1 mln. dollarni tashkil etdi. Viloyatning 45 ta korxonalari tomonidan Vengriya Respublikasi bilan keng qamrovli hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan.
Forumda qayd etilganidek, Fargʻona viloyati va Vengriya bozorlar, savdo oqimlarini diversifikatsiya qilish, kimyo, oziq-ovqat, mashinasozlik, farmatsevtika va toʻqimachilik sanoati mahsulotlarini yetkazib berish hajmlarini koʻpaytirishda ulkan salohiyatga ega. Bu kabi yuzma-yuz muloqotlar esa hamkorlik koʻlamini sifat jihatdan yangi bosqichga koʻtarishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring