“Ozarbayjon garchi buni istamasa ham, urushga tayyor boʻlishi kerak” — Ilhom Aliyev

Arxiv foto
Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev mamlakatni “har qanday vaqtda” urushga tayyor turishga chaqirdi. Uning soʻzlariga koʻra, 2020-yildagi ikkinchi Qorabogʻ urushidan keyin Boku maxsus kuchlar sonini “minglab” oshirgan. Bundan tashqari, mamlakatda armiya modernizatsiya qilinmoqda, dron va jangovar samolyotlar xarid qilinmoqda. Ikki hafta oldin Aliyev AQSHda Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan uchrashgan va ular Oq uyda tinch munosabatlar deklaratsiyasini imzolagan edi. Shu bilan birga, Rossiya Aliyevning urush haqidagi soʻzlari Moskva uchun moʻljallangan, deb gumon qilmoqda, chunki Boku hozirda u bilan keskin munosabatlarga ega.
“Biz har daqiqada urushga tayyor boʻlishimiz kerak. Chunki dunyoda jarayonlar shu yoʻnalishda rivojlanmoqdaki, ertaga nima boʻlishini bilishning iloji yoʻq. Xavfsizligimizning kafolati oʻzimiz: davlat, xalq va qurolli kuchlarimiz”, — dedi Aliyev.
Prezident mamlakat tinchlikni xohlashini, lekin hushyor boʻlishini taʼkidladi. Aliyevning taʼkidlashicha, Boku oʻz armiyasini yangilagan, eng zamonaviy dronlarni olgan va yangi jangovar samolyotlar boʻyicha shartnomalar imzolagan, mavjudlari esa toʻliq modernizatsiya qilingan.
Aliyev bu soʻzni Togʻli Qorabogʻ va Armaniston oʻrtasida joylashgan Gʻarbiy Ozarbayjondagi togʻli hudud — Kelbajardagi turar-joy majmualaridan biriga koʻchib kelgan odamlar bilan muloqotda aytib oʻtgan.
1993-yilgacha Kelbajarda sakkiz mingga yaqin ozarbayjon va kurd istiqomat qilgan. Birinchi Qorabogʻ urushi paytida shahar arman qoʻshinlari tomonidan bosib olingan, Ozarbayjon fuqarolari oʻz uylarini tashlab ketishga majbur boʻlgan. Qariyb 30-yil davomida Kelbajar Armaniston nazorati ostida boʻlib, arman koʻchmanchilari istiqomat qilgan.
Ammo ikkinchi Qorabogʻ urushi yakunlariga koʻra Kelbajar yana Bokuga qaytdi. Bu borada 2020-yilda shartnoma tuzilgan.
Shu yilning avgust oyi boshida Aliyev Vashingtonda AQSH prezidenti Donald Tramp va Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan uchrashdi. Uchrashuvda Aliyev va Pashinyan diplomatik munosabatlarni tiklash, barcha harbiy harakatlarni butunlay toʻxtatish va bir-birining hududiy yaxlitligini hurmat qilishga kelishib oldi. Ular, shuningdek, tomonlar BMT Nizomi va 1991-yildagi Olmaota deklaratsiyasiga muvofiq oʻtmishdagi mojarolar merosidan xoli yorugʻ kelajak sari intilish zarurligini tan olishlari haqidagi deklaratsiyani imzoladilar.
AQSH va Armaniston “Zangezur koridori” deb ataluvchi shartnomani imzoladi, uni yaratish Ozarbayjon tomonidan talab qilingan. Yoʻlak 99-yil davomida AQSHga topshirilgan boʻlib, u “Trampning xalqaro tinchlik va farovonlik yoʻli” deb nomlanadi.
“Armaniston va Ozarbayjon oʻrtasidagi munosabatlarni normallashtirish jarayoni, aytish mumkinki, tugallandi va imzolangan hujjatlar bizning manfaatlarimizni toʻliq taʼminlaydi”, — dedi Aliyev aholi bilan uchrashuvda mamlakatlar oʻrtasida endi keskinlik yoʻqligini taʼkidlab.
Aliyev toʻgʻridan-toʻgʻri respublika urushga tayyorgarlik koʻrishi mumkin boʻlgan dushman yoki tahdidni aytmadi. Shu munosabat bilan, ommaviy axborot vositalarida u Rossiya haqida gapirayotgani haqida xavotirlar paydo boʻla boshladi. Chunki hozirda ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlar inqirozli.
Xususan, “Starshe Eddy” Telegram-kanalining yozishicha, Aliyev oʻz nutqida Rossiyani nazarda tutgan. Chunki Moskva uning “Ukrainadagi biznesini oʻz qoʻliga olgan” va “ozarbayjonlik qaroqchilarni quvib yuborgan yoki zindonga solgan”.
“U shaytonni nagʻmasiga uchmasdan oʻz oʻrnida jim oʻtirishi kerak, lekin, aftidan, Pashinyan ustidan qozonilgan gʻalaba janob Ilhom Haydarovichning boshini aylantirdi va u oʻzini, Makedonskiy Aleksandr boʻlmasa-da, uning darajasiga yaqin odam deb tasavvur qildi”, — deyiladi xabarda.
Moskva va Boku oʻrtasidagi munosabatlar 2024-yil dekabrida Oqtau yaqinida Ozarbayjonning Ye-190 yoʻlovchi samolyoti halokatga uchraganidan soʻng yomonlashdi. Ozarbayjon Rossiyani falokat uchun javobgar deb hisobladi va yuz bergan voqeada aybini tan olishni talab qildi, shundan soʻng mamlakat “Bokudagi Rus uyi”ni yopib, Ukrainani omma oldida qoʻllab-quvvatlay boshladi.
2025-yil iyun oyi oxirida keskinlikning yangi bosqichi yuz berdi, 2000-yillar boshidagi qotilliklarda bir necha gumonlanuvchi Yekaterinburgda hibsga olindi va tergov davomida ikki gumonlanuvchi vafot etdi — ularning barchasi etnik ozarbayjonlar edi. Bunga javoban Ozarbayjon mamlakatda ishlayotgan rossiyalik jurnalistlarni hibsga oldi. Ular firibgarlik va noqonuniy tadbirkorlikda ayblangan. Tez orada yana sakkiz nafar rossiyalik giyohvand moddalar savdosida gumonlanib qoʻlga olindi.
Rossiyada ozarbayjon diasporasi vakillarini bir qator hibsga olish va ularni mamlakatdan chiqarib yuborish boshlandi. Ozarbayjon, shuningdek, rossiyalik yulduzlar ishtirok etishi kerak boʻlgan mamlakatdagi barcha madaniy tadbirlarni ham bekor qildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Sardobaning siri nimada?
- Toshkentda “Iqtisodiyot va biznes boshqaruvi sohalarida ilgʻor tadqiqotlar” mavzusidagi xalqaro ilmiy simpozium oʻtkazildi (+fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring