Oʻz ona tilini bilgan millat tirikdir

09:22 12 Sentyabr 2025 Jamiyat
205 0

Taniqli avar shoiri Rasul Hamzatov “Mening Dogʻistonim” asarida shunday yozadi: “...Parijdan qaytgach, rassomning uyini topdim. Qarangki, uning onasi hali barhayot ekan. Qarindosh-urugʻlari toʻplanib mening hikoyamni gʻamgin bosh egib eshitishdi. Ular vatangado oʻgʻilning gunohidan kechganday edilar. Qayerda boʻlsa ham, tirik ekanidan xursand edilar. Toʻsatdan onasi soʻrab qoldi.

— Sizlar avarcha gaplashdinglarmi?

— Yoʻq. Biz tarjimon orqali gaplashdik. Men ruscha, oʻgʻling fransuzcha gapirdi.

Ona qora roʻmol bilan yuzini bekitdi. Odatda, onalar oʻgʻlining oʻlganini eshitganda shunday qilishadi. Tashqarida yomgʻir shivalab yogʻardi. Biz Avaristonda oʻtiribmiz. Balki dunyoning u burchida, Parij degan joyda Dogʻistonning vatangado farzandi ham yomgʻirning shivalashiga quloq solib oʻtirgandir. Uzoq sukutdan keyin ona shunday dedi:

— Sen yanglishibsan, Rasul, mening oʻgʻlim oʻlib ketgan. Sen koʻrgan mening bolam emas. Mening oʻgʻlim onasi oʻrgatgan tilni unutmas edi”.

...Tahririyatimizga murojaat yoʻllagan mushtariyning xavotiri ham togʻlik ona iztirobidan kam emas. U farzandining oʻz tilida taʼlim olishini istab Toshkent shahridagi markaziy hududlar, aynan, Mirzo Ulugʻbek tumanidagi xususiy bogʻchalarga kirib chiqadi. Ularda taʼlim jarayoni xorijiy tillarda olib borilayotganidan xavotirga tushib, davlat taʼlim mutasaddilariga murojaat qiladi. Ular bu borada xususiy bogʻchalar faoliyatiga aralasholmasligini roʻkach qilib, oʻzini til bilmaslikda ayblaydi. Mushtariy yuz karra haqki, endi soʻzlashni oʻrganayotgan goʻdak “a”, “be”lab “azbuka”ni oʻrganib, arosat bir lahjada “tili” chiqsa-da, ertaga padari buzrukvori-yu onaizori oʻz bolasining soʻzlariga tushunmay yelka qisib tursa, bundan katta kulfat bormi? Unda Koshgʻariy bobomiz “Devonu lugʻotit-turk” kitobini yozish uchun bir umr inju donalaridek tergan 30 dan ortiq turkiy xalqlar va urugʻlarning turkiy soʻzlari, Alisher Navoiyning “Muhokamat ul-lugʻatayn” asari bilan kutubxonamizni bezab qoʻyganimizdan ne murod? Onalar oʻz tilida dilbandiga alla aytishni bilmasa, “Ona tilim — jon-u dilim” deb hayqirishdan biron maʼno bormi?

Ona tiliga mehr-muhabbat bolaligimizda eshitgan ertag-u matallar, qishloqdoshlarimizning qulogʻimizga chalingan uzuq-yuluq gurunglaridan shakllanadi. Arab tili grammatikasini arablarga oʻrgatgan buyuk bobomiz Mahmud az-Zamaxshariy, undan keyin olti tilli lugʻat tuzgan alloma Isʼhoqxon Ibrat ham, avvalo, ona tilining himoyasi uchun oldingi saflarda boʻlganlar, tilimizga, imlomizga, alifbomizga oʻzga tillar hamla qilmasligi uchun jon kechib kurashgan. Kun boʻyi shahar kezib oʻzbekcha bogʻcha topolmaganidan kuyungan hamyurtimiz ham asosli bong uryapti, ogohlantiryapti.

Millatni millat sifatida tutib turadigan shu til orqali madaniyat, maʼrifat, tarix namoyon boʻladi. Bu unsurlar til vositasida kelgusi avlodlarga uzatiladi. Agar milliy til, tarix, sanʼat, madaniyat, urf-odatlar, aqidalar silsilasiga darz ketsa, ulugʻ maʼrifatparvar Abdulla Avloniy aytganidek, millat ruhan oʻladi. Oʻz tilini unutgan odam jismonan bor boʻlgani bilan ruhan oʻlikdir.

Tilimiz tilim-tilim...

Hozir maktabda, oilaviy yigʻinlarda bola ona tili — ota-bobosi soʻzlab kelgan oʻzbek tili boʻla turib, boshqa tilda “qarsillatib” biyronlik qilsa, bundan bir olam zavq oladiganlar ham yoʻq emas. Ular hatto bolasi ulugʻ bobokalonlarimizning bir satr gʻazali yoki hikmatini aytishga tili kelishmasa ham, “oʻzbekcha maktabda oʻqimagan-da” deya xotirjam gapiradi. Xoʻsh, ona tiliga nisbatan “maktabda olgan birinchi tili”, “jahoniy til boʻlgani uchun” kabi bahonalar bilan millat tiliga befarq oilalarni oqlab boʻladimi?

Ming nadomatlar boʻlsinki, ona tilimizga ommaviy mehr-muhabbatni tarkib toptirish uchun uning oʻziga xos boyligi va fazilatlarini targʻib qiladigan televizor, ijtimoiy tarmoqlar ham oʻzbek tilida hatto xirgoyi qilolmaydigan “yulduz”larga mahliyo boʻlib qolgan. Ayrim sanʼatkorlar oʻzbek tilida ashula aytadi, lekin ajnabiy tilda gapiradi. Odamlar televizordan biror koʻrsatuvni miriqib koʻrolmagandan keyin maʼlumotlarni, asosan, internet va ijtimoiy tarmoqlardan izlaydi. Ona tilimizni jozibali va qiziqarli taqdim etadigan kompyuter dasturlari, onlayn darsliklar, elektron lugʻatlar yoʻq. Internetdagi savodsizlik va tilga eʼtiborsizlik yoshlarning telefonlari orqali ona tilini oyoqosti qilsa ham, tilimizni tishlab turishimiz kerakmi?

Bu xususda akademik Azamat Ziyo oʻz fikrini shunday bildirdi:

— Har qanday boylik qoʻriqlashga muhtoj boʻlganidek, til boyligining ham qoʻriqchilari boʻlishi lozim. Uni, ayniqsa, elektron vositalardan qoʻriqlash kerak. Hozircha rus tilidagi manbalardan foydalanish, soʻzlashuv, yozishmalarni mazkur til qoidalari boʻyicha tuzish bilan bogʻliq “qovun tushirish”larni tanqid qilmoqdamiz. Agar vaqtida etagimizni yigʻishtirib olmasak, oradan koʻp ham oʻtmay, mazkur jarayon inglizcha manbalar va qoidalar negizida gap tuzish kasalligi bilan bogʻlanib ketishi muqarrardir.

Futbol oʻyini sharhi davomida sharhlovchi davlat tili qoidalarini necha marta buzadi? Qoida buzgani uchun futbolchi jazo oladi, ammo sharhlovchi-chi? Toshkentcha davralarda adabiy tilda soʻzlashsang, masalan, “minut”, “sekund” emas, “daqiqa”, “soniya” desang, eshitganlarning ogʻzidan suvi qochgani, istehzo aralash ensasi qotganini koʻrasan, til qoidalariga mos gapirsang, atrofingdagilarga erish tuyulayotganini sezib turasan...

Xoʻsh, biz ziyolilar oʻtgan oʻttiz yilda til masalasida biron xayrli ishni bajardikmi? Yoʻq! Hali ham “marsoxod”, “lunaxod” deb yozib yuribmiz. “Yurtkezar”ni eslagan holda “marskezar”, “oykezar” desak boʻladi-ku! 1989-yili qaysi tilni davlat tili qilmoqchi boʻlgandik, oʻshanda tilimizning ahvoli qanday edi? Bugun qaysi tilni uzil-kesil lotin alifbosiga oʻtkazmoqchimiz? Qoidalari yemirilib, buzilib borayotgan, tovush-harf uygʻunligiga rioya etilmayotgan, lugʻati “bosqinchi” soʻzlarga dosh berolmayotgan, qoʻriqchi-yu ustalari bilimsiz va kuchsiz boʻlgan tilnimi? Ana shunday ayanchli ahvol — “kasal” tilimizga toʻn bichib, bu yogʻiga yana karnay-surnaylar tovushi ostida ketaveramizmi?

Bugun adabiyotning taʼsiri koʻkka sovurilmoqda. Shu ketishda adabiy til tushunarsiz va oʻngʻaysiz boʻlib qolishi hech gapmas. Buni ijtimoiy tarmoqlardagi “oʻziga xos” oʻzbek tili misolida yaqqol koʻrish mumkin. Keyin esa navbat mafkura va maʼnaviyatga keladi. Mustaqillik yillarida ham oʻz tili va adabiyotini zarur darajada egallamagan butun bir avlod va qatlamlarni yetishtirib qoʻydik. Muammo yechimi nimada? Oʻzimizda, faqat oʻzimizda! Oʻzimiz noʻnoqmiz, yalqovmiz, ogʻzakidan “besh”miz, amalda qoʻlimiz ishga bormaydi. Aslida “Davlat tili haqida”gi Qonunimiz ham yomon emas. Prezidentimizning 2019-yildagi “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonida koʻzda tutilgan topshiriqlar va imkonlar-chi? Oʻnta qonundan kuchli. Bizga yana nima kerak? “Qonun ishlamayapti”, “Davlat qayerga qarayapti?” qabilidagi bahonalar bilan yukni birovning yelkasiga agʻdarmasdan har bir qorakoʻz, ayniqsa, oydinlarimiz oʻz uylari, ish joylarida tilimizni asrasa, eʼzozlasa, boyitsa boʻladi, olam guliston! Boshqa yoʻlimiz yoʻq!

Oʻzbek oʻzbekka tilmoch

Bir paytlar ota-bobolarimiz Bedilni, Saʼdiyni aslida oʻqishgan. Hozir bularni sharhlaydigan odamlarni topolmaymiz. Koʻhna yozuvlarimizni oʻqiydigan mutaxassislar ham kam qoldi. Ona tilimizdan shu qadar yiroqlashib ketdikki, qardosh ellarni qoʻya turing, oʻzbek oʻzbek bilan tilmoch orqali tillashyapti. Rasmiy idoralarda ishlaydigan masʼul xodimlarning savodsiz xatlari, buyruqlari va boshqa rasmiy hujjatlaridagi xatoliklar ham ona tilimizning rivojini orqaga tortmoqda.

Bu borada Fanlar akademiyasining Oʻzbek tili, adabiyoti va folk­lori instituti direktori, professor Nizomiddin Mahmudov shunday deydi:

— Hali-hamon jamiyatimiz aʼzolarining kattagina qismida ona tili sezgisi, ona tilidagi nutqiy madaniyat koʻnikmalari yetarli darajada emasligi seziladi. Eh­timol, shu holat bilan bogʻliqdir, turli muassasa-idora rahbarlari, katta-kichik tashkilotlar mutasaddilari imzolayotgan xatlar, idoraviy yozishmalar hali-hanuz davlat tilida emas, balki boshqa tilda yozilmoqda. Qanday asos yoki vaj keltirilsa, keltirilsin, bunday salbiy holatlar, kamida, qonunan davlat tili maqomidagi tilga nopisandlik yoki umuman, qonunday majburiy hujjatga xilof ekanidan koʻz yumib boʻlmaydi.

Toʻgʻri, muayyan zaruriyat yoki ehtiyoj bilan yozishma boshqa tilda olib borilishiga yoʻl qoʻyiladi, lekin ona tili aynan, oʻzbek tili boʻlgan ikki rahbarning bir-biriga boshqa tilda “noma” bitishi istiqlolining yoshi chorak asrdan oshgan davlatda hech bir quyushqonga sigʻmaydi.

Har qanday kishining rahbarlik salohiyatini shakllantiradigan omillarning avvalida vatanparvarlik turadi. Vatanparvarlik tuygʻusini ona tili sevgisi, Vatanning davlat tiliga hurmat tushunchalaridan tamoman ayro holda tasavvur qilib boʻlmaydi. Vatan va undagi xalqning tilini eʼzozlamaydigan, fikrlarini bu tilda huzur bilan emin-erkin ifodalay olmaydigan shaxsning vatanparvarligini rost, deb aytish mushkul.

Davlat tilini bilish yurtimizdagi har bir fuqaroning vijdon ishidir. Bu qiyin vazifa desangiz (...) yoshlarimiz qisqa fursatda ingliz yoki boshqa tillarda burro gapirishini koʻrib turibmiz. Agar istak boʻlganida oʻzbek tilini har bir odam allaqachon oʻrgangan boʻlardi.

Bu boʻyicha taniqli ssenarist va kinoshunos Elmira Hasanovaning fikri shunday:

— Hozir til oʻrganish muammo emas. Qaysi mamlakatga borsangiz, elektron tarjimon vositalari orqali bemalol muloqotga kirishib ketaverasiz. Masalan, kichkina Norvegiyada, asosan, ikkita tilda gaplashishadi, Shveysariyada uchta tilda muloqot qilishadi. Hindiston ham ikki tilli... Ularga nemis, fransuz, arab yoki boshqa tillarni bilmaslik katta fojia emas. Chunki xorijiy tilni oʻrganishni maqsad emas, vosita deb hisoblaydi. Uyda, koʻchalarda, bozorlarda umumiy muloqot tili ona tili, oʻz tilida bir-birlari bilan “chah-chah”lashib gaplashadi. Keyin til bu yaxshi pedagog, yaxshi shifokor, yaxshi mutaxassis, deganidir. Oʻzbekistonlik tanish-bilishlarim koʻpincha yaxshi rus shifokori, notarius yoki enaga topib berishimni soʻrashadi. Ayrim zamonaviy oilalarga eʼtibor bersangiz, farzandlariga enagalik qiladiganlar ham boshqa millatga mansub. Jamoatchilik munosabatidan hayiqib, bolalarini oʻzbek sinfiga olganlar ham bor. Nima uchun oʻz sohasini mukammal egallagan oʻzbek mutaxassislari kam? Oilaviy oʻzbek tilidagi telekanallar, gazeta va jurnallar, saytlarni kuzatib boramiz, oʻzi oʻzbek boʻla turib aksariyat ziyolilar oʻzbekcha xabarlarni rus tilida kuzatib borishadi.

Uch avlodimiz Oʻzbekistonda yashab kelayotgan boʻlsa-da, oʻzbek tilini oʻrganish doim muammo boʻlgan. Ota-onam uzoq yillar yirik fabrika va zavodlarda ishlagan. Oʻzbek tilini oʻrganishimizni istardi. Lekin maktablarda davlat tili yaxshi oʻtilmagan, bu fan haftasiga bir yoki ikki soat qoʻyilgan. Bu juda kam. Hozir ham rus maktablarida oʻzbek tili oʻqituvchisi yetishmaydi. Oʻzim davlat tilini mukammal bilmaganim uchun koʻp pand yeganman. Bolalarim mahallaga chiqqanda, muloqot oʻzbek tilida boʻladi, tengdoshlari, sinfdoshlari oʻzbekcha gapiradi, ulardan ajralib qolmasligi uchun alohida oʻqituvchi ham yolladik. Ular oʻzbek tilini mutaxassisdan koʻra mahalladagi bolalardan yaxshi oʻrganishdi.

Kalavaning uchi qayerda?

Prezidentimizning “Taʼlim sifatini taʼminlash va taʼlim xizmatlari koʻrsatish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga binoan yangi oʻquv yilidan boshlab sirtqi taʼlimga qabul toʻxtatildi. Sababi oddiy: yilida atigi ikki oy davom etadigan dars­larda talabalar yetarli bilimga ega boʻlmaydi. Buni umumtaʼlim muassasalaridagi minglab til oʻqituvchilari attestatsiyadan oʻtkazilganda, koʻpchiligining natijasi salbiy chiqqanidan ham koʻrish mumkin. Aksariyat ota-onalar farzandlarini yaxshi bilim beradigan, masʼuliyatli, tirishqoq tarbiya­chi yoki muallimdan olib, oʻzbek maktabiga bergisi kelmaydi. Bu boshqa sohalarga ham tegishli. Bogʻchalar va maktablarda bolalarni yaxshi koʻradigan tarbiyachilar va til oʻqituvchilariga ham ehtiyoj yuqoriligi bor gap. Bola ona tili boʻlmagan tilni oʻz ona tili sifatida oʻrganib, uning oʻrnini boshqa tilga boʻshatib berishga majburmi?

Bu haqda Toshkent shahar Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi boshligʻi Iroda Yoʻldosheva shunday fikr bildirdi:

— Yurtimizda azaldan xalqlar doʻstligi ulugʻlanib keladi. Bogʻcha, maktablarimizda xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan sinflar koʻp. Davlat bogʻchalari 78 foiz maktab yoshidagi bolalarni qamrab olgan. 70 — 80 foiz bogʻchalarimiz oʻzbek tilida faoliyat olib boradi. Maktab va maktabgacha taʼlim muassasalarida xitoy, yapon, ingliz, rus tillarini oʻrganishga hech qanday monelik yoʻq, albatta. Bolasini bogʻchaga yetaklab kelgan onalarga: “Siz Oʻzbekistonda yashaysiz, mustaqil ravishda uydayam til oʻrgansa boʻladi. Nega rus guruhiga berishga harakat qilyapsiz?” desak, ular odatda shunday javob berishadi: “Oʻzim bilmaganimga yarasha bolam oʻrgansin”. Oʻzi birorta til bilmagan qoʻshni ayol ham unga ichikib havas qiladi: “Qara-ya, boshqalarning bolasi yot tilda chuldiraydi-yu, mening bolam nega oʻzbekchada oʻqishi kerak?”. Yana kimdir shunday deydi: “Oʻzingiz bilasiz, davlat imtihonlaridan oʻtishi uchun”. “Bolaginam ishga kirayotganda kerak boʻladi”, deydi yana birovi. “Oʻzbek maktabidan rus maktabida bilim kuchliroq beriladi”, deb hisoblaydigan yurtdoshlarimiz ham bor.

Barcha maktablar va maktabgacha taʼlim muassasalarida taʼlim dasturlari davlat taʼlim standart­lari asosida olib boriladi. Xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktablarda ham “Ilk qadam” toʻgaraklarida milliy qadriyatlarimiz, urf-odatlarimiz targʻib qilinsa, “Kichkintoy Turon teatri”, “Iqtidor” ansamblida kichkintoylar ertaklar, kuy-qoʻshiqlarimiz orqali ona tilini oʻrganadi. Bola imkon qadar oʻz ona tilida savodini chiqarishi lozim.

Isbotlanganki, inson intellektining 20 foizi bola 1 yoshga toʻlgunicha shakllanadi, intellektning 50 foizi 4 yoshgacha, 80 foizi 8 yoshga yetgunicha, 92 foizi oʻsmir 13 yoshga kirguncha shakllanib boʻladi. Tarzan haqidagi “Mutlaq hukmronlik” filmini eslang. Kema halokatidan soʻng angliyalik er-xotin omon qoladi va oʻzlarini yovvoyi junglida koʻradi. Kunlar oʻtib farzandli boʻlishadi. Bola hali chaqaloq, ona kasallikdan, ota esa maymunlar hujumidan halok boʻladi. Chaqaloqni maymunlar oʻzlari bilan olib ketadi. Bola maymunlar orasida, maymunlar “inida koʻrgan”ini qilib, balogʻatga yetadi. Uning harakati maymuncha, yemishi maymuncha, dard-u qaygʻusi maymuncha, “tili” maymuncha, insoniy harakat va nutq unga tamoman begona... Hatto insonlar orasiga qaytib, toʻrt-besh inglizcha soʻzni oʻrganganidan keyin ham bu “yot” muhitga u aslo koʻnika olmaydi. Yana jungliga qochib ketadi... Til bilish, fazilat, ammo uni majburiyatga aylantirib, oʻz ona tilini bolalar hayotidan siqib chiqarish kerak emas. Qariganda oʻzimiz shu bolalar qoʻlida qolamiz. Hozirdan buni oʻylamasak, ertaga ahvolimiz qay holatga tushishini tasavvur qilavering!

Lavozim ham tilni qutqara olmayapti

Bilasiz, davlat idoralarida “Til maslahatchisi” degan yangi lavozim joriy qilindi. Atay, til rivoji uchun. Qolaversa, Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti faoliyat olib bormoqda. Til maslahatchisi rahbarning oʻrinbosari darajasiga tenglashtirildi. Lekin negadir maslahatchilarning ham, departamentning ham bu borada taʼsiri sezilmayotganday.

Koʻrib turganimizdek, rosti, til maslahatchisi lavozimi oʻzini oqlamayapti. Maslahatchilar har yili oktyabr oyida ijtimoiy tarmoqlarda bir “ot soladi”, maktablar va oliy taʼlim muassasalarida uchrashuvlar oʻtkazish, roliklar tarqatish bilan kifoyalanadi, xolos. Shu bilan otini chetga tortib, suvga tushgan toshdek kelgusi til bayramigacha koʻrinish bermaydi. Vaholanki, til mavzui yilda bir marta eslanadigan bayramdan iborat emas. Masalan, haligacha markaziy koʻchalarimizdagi reklama bannerlarida xatoliklar kuzatilmoqda. Bularga mahalliy hokimliklar qarori bilan maslahatchilar aralashsa, koʻplab xatoliklar kamayardi. Deylik, hokimlikka xususiy bogʻcha, maktab ochish maqsadida tadbirkorlar kelishadi, bunga barcha imkoniyat yaratilgan, hech kim monelik qilmaydi, ammo ularga davlat tilining hurmati va masʼuliyatini zimmasiga olishiga yordam beradigan maslahatchilar yordami kerak emasmi?

Ona tilimizning himoya qilinishi millatchilik sanalgan davrlar oʻtib ketdi. Tilimizni oʻzimiz hurmat qilishimiz kerak. Xorijda ishlayotgan yurtdoshlarimiz yaxshi biladi, boshqa davlatda ishga kirayotganda ona tilidan imtihon topshiriladi. Bizda esa haligacha xorijiy kompaniyalar bilan shartnomalar oʻzbek tilida imzolanmayapti. Ayrim maslahatchilar tuman hokimliklarining faqatgina qarorlari va bayram tadbirlaridagi tabriklarini koʻrib berishdan ortmayapti. Koʻcha-koʻydagi ajnabiy yozuvlar, gʻalizliklar, xatoliklar oʻsha-oʻsha. Odamlar ongidagi eski qarashdan qutulolmayapmiz...

Unutmaylik, til — har birimiz uchun nomus masalasi. Ona tilimizning jamiyatdagi mavqeini va taʼsirini oshirish zaruriyati bugun har qachongidan ham muhim va dolzarb. Tilga befarqlik milliy madaniyatimizning tanazzuli, qadriyatlarimiz, urf-odatlarimizning darz ketishi, taʼlim va tarbiyani izdan chiqaradigan baloi kasofatdir.

...Maqolamiz avvalida keltirilgan mushtariyning farzandi maktabiga eʼtibor berib, oʻzbek tilida ish yuritadigan bogʻchalar, davlat tilini oʻrgatadigan oʻquv markazlarini koʻpaytirish borasidagi fikrlariga qoʻshilamiz. Til faqat davlatniki emas, hammamizniki. Xalq oʻz ona tilini bilsagina, millat tirikdir.

Adiba UMIROVA,

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер