Orol dengizi tubini koʻkalamzorlashtirishda yaponiyalik koʻngillilar ham ishtirok etmoqda

16:26 31 Oktyabr 2023 Jamiyat
212 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Prezident tashabbusi bilan 2021-yil noyabr oyidan boshlangan “Yashil makon” loyihasining joriy kuz mavsumi 25-oktyabrdan boshlanib, 1-dekabrgacha davom qilishi eʼlon qilingan edi. Mamlakatimizning boshqa hududlari kabi Orolboʻyida ham ushbu xayrli tadbir, yaʼni kuzgi koʻchat ekish ishlari nuroniylar va keng jamoatchilik vakillari ishtirokida boshlanib ketdi.

Nukus shahridagi “Tele oray” mahallasi hududida koʻchat ekishga tayyorlangan maydondagi tadbirda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi A. Orinbayev ishtirok qilib, mazkur tadbirning ahamiyati toʻxtalib oʻtdi va koʻchat ekishda ishtirok qildi.

“Yashil makon” loyihasi doirasida Nukus shahridagi birgina mazkur mahallaning ushbu hududida 2 gektar maydonda bogʻ yaratishga kirishildi. Bu ishlarda mehnat jamoalari, oʻquv muassasalari faollik koʻrsatishmoqda. Tadbirlardan oʻtgan yilgilaridan farqi shundan iboratki, ekilayotgan koʻchatlarning parvarishi alohida nazoratga olingan. Boshqacha aytganda, har bir koʻchatga masʼullar belgilangan. Ular oʻz qaramogʻidagi nihollarni sugʻoradi, parvarishlaydi, tashqi taʼsirlardan qoʻriqlaydi. Bu yerga yigʻilgan nukusliklar oʻzlarining ekib ketgan koʻchatlaridan xabar olishni, ularga zarur ishlov berishni maqsad qilishgan.

Bugun ularning har biri ushbu yurt obodligi uchun oʻzlarining masʼul ekanini his etishadi. Shuning uchun ham tadbirga bir necha yuzlab insonlar jam boʻldilar. Eʼtiborli tomoni shundaki, tadbirda jam boʻlganlarning koʻpchiligi “Yashil makon” loyihasida ishtirok qilib, oʻzlarining daraxt koʻchatlarini ekish va Nukus atrofida yashil belbogʻ yaratishga munosib hissa qoʻshishni qalbiga tuygan yoshlardir.

Qoraqalpogʻiston Respublikasida joriy yil kuz mavsumida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida shahar va tumanlarda 5 million 950 ming tup daraxt va buta koʻchatlarini ekish rejalashtirilgan. Tadbir doirasida 16 ta “Yashil bogʻ” va 17 ta “Hokimlik bogʻi” tashkil etiladi. Tadbirni uyushqoqlik bilan oʻtkazish maqsadida koʻchat yetkazib beruvchilar ham belgilangan, albatta. Bu borada Oʻrmon xoʻjaligi qoʻmitasi koʻchatxonalarida 5 million 369 ming tup, Obodanlashtirish boshqarmasi tomonidan 5 million 940 ming tup, koʻchatchilik fermer xoʻjaliklari tomonidan 494 ming 300 tup hamda “Qoraqalpoqyoʻlkoʻkalam” tomonidan esa, 100 ming tupdan ziyod manzarali, mevali daraxt va buta koʻchatlari yetkazib berilishi belgilangan.

— “Yashil makon” loyihasi doirasida Orol dengizi tubida yashil qoplamalarni barpo etish ishlari yanada kuchaytirilib, bu xayrli ish chet ellik valantyorlar eʼtiborini ham tortmoqda, — deydi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi qoʻmitasi raisining oʻrinbosari Yerniyaz Akimniyazov. – Hozir xabar topdim Yaponiyadan 30 nafar koʻngillilar Orolboʻyini koʻkalamzorlashtirish ishlarida ishtirok qilish uchun yurtimizga tashrif buyurishibdi. Ular Qoraqalpogʻiston qishloq xoʻjaligi va agrotexnologiyalar instituti talabalari bilan birgalikda Orol dengizining qurigan 10 gektar tubiga 10 ming tup shoʻr va choʻlga chidamli daraxt koʻchatlarini ekishda tashabbus koʻrsatishmoqda.

Prezidentimiz tashabbusi bilan 2018-yilda Orolboʻyining qurigan tubiga keng koʻlamda saksovul va boshqa choʻlga chidamli oʻsimliklar ekish orqali yashil qoplamalar barpo etish ishlari boshlangan edi. Orol dengizining suvi qurigan tubida jami 461 ming gektar maydonda fitomelioratsiya ishlari olib borilib, barcha viloyatlardan hasharga jalb qilingan texnikalar yordamida saksovul ekiladigan maydonlar tayyorlandi. Shu mavsumning oʻzida 445,5 ming gektarda, shundan samolyot yordamida 326,2 ming gektarda saksovul urugʻlari ekildi. Shuningdek, texnika yordamida 119,4 ming gektarda hamda 15,3 ming gektarda koʻchatdan madaniy oʻrmonzorlar barpo etildi.

Ushbu ishlarni amalga oshirish uchun 1532 tonna choʻl oʻsimliklarining urugʻlari tayyorlangan boʻlsa, ekish ishlariga 1400 nafar ishchi qatnashdi, bir qator texnikalar jalb etildi.

2019-yil kuz-qish va 2020-yil bahor mavsumida 663,1 ming gektar yerda, shundan samolyot yordamida 496,9 ming gektarda, texnika yordamida 166,2 ming gektarda saksovul va boshqa shoʻrga chidamli oʻsimliklar urugʻlari ekildi. Shu bilan birga 3 ming gektarda chorva mollari uchun yaylovzorlar hamda 40,2 ming gektar maydonda madaniy oʻsimliklar koʻchatlari ekildi. 2020-2021-yillardagi mavsumda esa, 458,4 ming gektar maydonda urugʻ va koʻchat ekilib, yashil qoplamalar barpo etish ishlari izchil davom qildirildi. Undan keyingi mavsumda, 2021-yil kuz-qish va 2022-yil bahor mavsumida Orol dengizining suvi qurigan hududlarida 107 ming gektardan ziyod hududda oʻrmonzorlar barpo qilish ishlari amalga oshirildi.

Dastlabki ekilgan saksovullar boʻyi 2-3 metrga yaqinlashib haqiqiy oʻrmonzorga aylanmoqda. Oʻrmonlarda esa, meliorativ tadbirlarni oʻtkazib turish, daraxt va oʻsimliklarning yanada yaxshi oʻsib rivojlanishiga sharoit yaratadigan omillardan sanaladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 18-yanvardagi qarorida 2022-2026-yillarda Orol dengizining suvi qurigan tubida va Orolboʻyi hududlarida “yashil qoplamalar” — himoya oʻrmonzorlarini barpo etish hajmlari belgilab berilgan.

Mazkur qaror ijrosini taʼminlash maqsadida 2023-yilda 100 ming gektar maydonda yashil qoplamalar barpo etish rejalashtirilgan. Qarorda belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida joriy mavsumda oʻrmon xoʻjaliklaridan ishchi xodim va texnikalar jalb etildi.

Oʻrmonlashtirish tadbirlarini amalga oshirish uchun 541 tonna choʻl oʻsimliklari urugʻlari, jumladan 447,2 tonna saksovul, 7,1 tonna qandim, 84 tonna qorabaroq xamda 2,7 tonna yaylov choʻl oʻsimliklari terildi. Ushbu tayyorlangan choʻl oʻsimliklaridan 268,8 tonnasi aholi tomonidan tayyorlandi.

Bugungi kunda 127,8 ming gektar maydonda choʻl oʻsimliklarining urugʻini hamda koʻchatini ekish ishlari amalga oshirildi. Shundan urugʻdan 121,9 ming gektar (shundan samolyot yordamida 96,1 ming gektar, texnika yordamida 25,8 ming gektar) hamda koʻchatdan 5,8 ming gektar maydonda ekish ishlari amalga oshirildi.

Shubha yoʻqki, ayni kunlarda mamlakatimiz boʻylar boshlanayotgan “Yashil makon” loyihasi doirasida Orol dengizining qurigan tubiga saksovul va boshqa choʻlga chidamli oʻsimliklarni ekish, sahro oʻrnida yashil oʻrmon barpo qilish ishlari yanada jadal davom qiladi. Negaki, oʻtgan yillarda mamlakatimizning barcha hududlaridan ushbu xayrli ishga hissa qoʻshish niyatida Orolga kelib, koʻchat ekkan yurtdoshlarimiz koʻp boʻldi.

Orol dengizi qurigach, uning qurigan tubida paydo boʻlgan 5,5 million gektar maydonda Orolqum choʻllari hosil boʻlgan edi. Mutaxassislarning taʼkidlashicha ushbu hududdan taxminan 100 million tonna tuz, chang va qum havoga koʻtarilib, atrof-muhitga katta zarar yetkazayotgan edi. Prezidentimizning tashabbusi bilan Orol dengizining qurigan tubida yashil qoplamalarni barpo loyihasining amaldagi ijrosi natijasida hududda chang va qumlarning havoga koʻtarilishi keskin kamayishiga erishildi. Maʼlumot uchun: bitta saksovul toʻrt tonna koʻchki qumini toʻxtata oladi.

Amalga oshirilgan keng koʻlamli ishlar natijasida 2018-yildan 2023-yilning kuz fasligacha Orol dengizining suvi qurigan hududlarida 1,7 million gektar maydonda yashil qoplamalar barpo etildi.

Bir soʻz bilan aytganda Orol dengizi tubini koʻkalamzorlashtirish “Yashil makon” loyihasidan chetda emas. Aksincha, loyiha doirasida ushbu makonni yashillikka burkash ishlari koʻlami yanada kengayib, ushbu xayrli ishga hissa qoʻshish ilinjida Qoraqalpogʻistonga, Moʻynoqqa kelayotganlar safi oshmoqda. Eʼtiborlisi, bir vaqtlar koʻm-koʻk dengiz toʻlqinlari mavjlangan va keyinchalik sahro qumga aylangan Orol bugun yana yam-yashil oʻsimliklar bilan qoplanmoqda. Ha, dengiz qurisa hamki, saksovul yulgʻunlar unib chiqib, dengiz toʻlqinlari misol chayqalib koʻkka boʻy choʻzib oʻsmoqda. Ularning boʻylari oʻsgani sayin, Orolboʻyi aholisining ertangi kunga boʻlgan ishonchi ham yuksalib bormoqda.

Gʻayrat Otajonov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер