Orol dengizi tarixi muzeyidagi akulalar tishlari sayyohlarni eng koʻp qiziqtiradigan eksponat

22:21 05 Iyun 2021 Madaniyat
1852 0

Maʼlumki, 2021-yilning 18-may kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasi yalpi majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev taklifiga binoan Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb eʼlon qilish toʻgʻrisidagi maxsus rezolyutsiya bir ovozdan qabul qilindi. Bu xushxabar butun xalqimiz, ayniqsa Orol dengizi qurishidan koʻproq aziyat chekayotgan qoraqalpogʻistonliklarning ertangi kunga boʻlgan ishonchini yana-da oshirdi.

Bu haqda xabar topgan xorijiy va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari Moʻynoqqa tashrif buyurib, hududdagi yangiliklar va olib borilayotgan islohotlar jarayonlarini keng yoritishga kirishib ketdilar.

Orolboʻyidagi yangilanishlar bilan ommaviy axborot vositalarini keng tanishtirish maqsadida Moʻynoq tumaniga media-tur tashkil qilindi. Tadbirda yurtimizdagi telekanallarning Toshkent shahridan tashrif buyurgan bir qator vakillari, markaziy va mahalliy nashrlarning hududiy muxbirlari ishtirok qildi.

Tadbir ishtirokchilari dastlab Moʻynoq tumanidagi “Orol dengizi tarixi muzeyi”da boʻlib, eksponatlar bilan tanishdi.

Mazkur muzey dastlab leprolog Urinbay Yeskirkepov tomonidan 1984-yil Moʻynoq tumanining Uchsoy qishlogʻida oʻlkashunoslik muzeyi sifatida tashkil etilgan. Prezidentimizning 2017-yil 28-fevraldagi Moʻynoq tumanini iqtisodiy rivojlantirishga oid qarorlari asosida yangi binosi qurilib foydalanishga topshirildi. Orol dengizi atrofiga turistlarni keng jalb qilish, buning uchun dengizning oʻtmishi va undagi hayvonot va oʻsimlik dunyosini hamda hudud aholisining urf-odatlarini ommaga keng tanishtirishda muhim rol tutgan muzeyda bugungi kunda 400 dan ortiq eksponatlar mavjud.

— Orol dengizida akulalar boʻlmagan, lekin muzeyimizda ularning tishlari bor, — deydi “Orol dengizi tarixi muzeyi” xodimi Maxmudjan Aytjanov. — Soʻnggi paytlarda Orol dengizi hududida artemiya izlovchilari tomonidan akulalar tishlarini topmoqdalar va ular muzey eksponatlari orasidan joy olgan.

Biz bilgan Orol dengizida akulalar boʻlmaganini koʻpchilik biladi. Shu bois boʻlsa kerak, muzeyda xorijlik va mahalliy eng koʻp qiziqtiradigan eksponatlardan biri bu akulalar tishlaridir. Biz, bu haqda maʼlumotlarni izlab topishga harakat qilmoqdamiz. Maʼlumotlarga koʻra hozirda topilayotgan akulalar tishlari qadimda Kaspiy bilan Orol bir boʻlib turgan paytlardagi davrga tegishli boʻlishi mumkin.

Xalqimiz orasida Orol dengizi oʻrnidagi suv bir necha bor qurib, qayta toʻlgan degan rivoyatlar ham bor. Aytish mumkinki, Orolda oʻrnidagi suvda qachonlardir akulalar yashagan. Lekin, hozir topilayotgan tishlari qaysi davrga tegishli ekani hali toʻliq oʻrganilmagan.

Media-tur ishtirokchilari Moʻynoq tumanidagi «Ochiq osmon ostidagi kemalar muzeyi kompleksi»ga ham sayohat qildilar. Poytaxtlik jurnalistlarning hududdagi yangilanishlar bilan tanishish jarayonlari davom qilmoqda.

Gʻ.Otajonov,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер